frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ming oydan afzal kecha

25.05.2019   49581   5 min.
Ming oydan afzal kecha

Oylarning eng ulug‘i Ramazon, kunlarning eng ulug‘i juma bo‘lganidek, kechalarning ham fazilatlisi qadr kechasidir. Alloh taolo bu kecha haqda alohida sura nozil qildi va uning nomini ham aynan shu kecha bilan atadi.

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

 إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ. وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ. لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ. تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ. سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ 

«Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad!) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir».

Sura muborak Qadr kechasiga bag‘ishlangan. Bu kechada bir yillik ishlar, hukmlar, rizqlar, ajallar belgilanadi. Alloh taolo bir yillik taqdirni farishtalarga bildiradi va bu yil taqdir qilingan narsalarni ularga yozib qo‘yishni amr etadi.

Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir. Qadr so‘zi ikki xil ma’noda – qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir.

Alloma Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) suraning nozil bo‘lish sababi haqida: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ummatlariga ko‘proq xayrli ishlar qilib, ulug‘ savobga ega bo‘lishini orzu qilib: “Ey Rabbim, mening ummatimni ummatlar ichida umri qisqa, amali oz qilding!” dedilar. Shunda Parvardigori olam: Siz va ummatingiz uchun, ey habibim, Qadr kechasini ming oydan afzal qildim, dedi. Shunda Rasululloh va barcha sahobalar quvonib ketishdi», deganlar.

Buyuk vatandoshimiz, alloma Abul Qosim Zamaxshariy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Bu surada Alloh taolo Qur’oni karimni uch usul bilan ulug‘lagan: birinchisi, Qur’onni nozil etishni faqat O‘ziga mansub qilgan. Ikkinchisi, uning ulug‘ligi va sharafini bildirib, nomini ochiq aytmay, ishora bilan keltirgan. Uchinchisi, Qur’on nozil qilingan vaqtning qadrini oshirgan”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati), dedilar.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso (alayhissalom) Alloh taologa nido qilib: «“Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, dedi. Muso (alayhissalom) yana: “Iloho, sening rahmating orzusidaman”, dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, dedi. Muso (alayhissalom): “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”,  deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, dedi. Muso (aalayhissalom) davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, dedi Alloh. Muso (alayhissalom): “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida ko‘p istig‘for aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, dedi. Muso (alayhissalom) yana iltijo qilib: “Iloho, Sening roziligingni istayman”, deganlarida, Alloh taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rakat nafl namoz o‘qiganlar topadilar”,  dedi (“Zubdatul voizin”).

Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli sir tutgan. Bandalar Ramazon oyining har kechasini qadr bilib, uni bedor o‘tkazishi uchun shunday qilingan. Lekin sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan uni aniqlab aytib berishlarini ko‘p so‘raganlaridan keyin dastlab Ramazonning uchinchi o‘n kunligida, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar. Oxiri, u kechaning alomatlari Ramazonning 27-kechasi ekani ma’lum bo‘ldi (Tafsiri Bag‘aviy).

Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar”, deb aytdilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Laylatul qadrning yana bir fazilati, bu kechada farishtalar va Ruh (ya’ni, Jabroil alayhissalom) Alloh taoloning izn-ixtiyori ila yil davomida qilinadigan barcha ishlarni belgilash uchun osmondan zaminga tushadilar.

Qadr kechasi to tong otgunga qadar tinchlik, osoyishtalik va salomatlik kechasidir. Aslida Ramazoni sharifning o‘zi rahmat, mag‘firat va tinchlik-omonlik oyidir. Shu bois oylar sultoni Ramazonni xotirjamlik va osoyishtalikda o‘tkazishimiz, uning har bir kun va soatini g‘animat bilishimiz lozim.

 

Tolib NIZOM

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   94548   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari