Ramazon oyi ovqat ratsioni va uxlash davomiyligida yilning qolgan oylaridan farq qiladi. Bir oy sog‘lom ovqatlanishga e’tibor berish orqali ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni istaganlar uchun munosib va yetarli muddatdir. Ayrim ro‘zadorlar o‘zlari sport bilan shundog‘ ham shug‘ullanib turadilar. Lekin ko‘pchilik ro‘za boshlanishi bilan dangasalik kasaliga duchor bo‘ladi. Bu masalada mutaxassislarning fikrlari bilan imkon qadar tanishib chiqishga harakat qilamiz.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hech qanday jismoniy mashqlarsiz ketma-ket 30 kun davomida ro‘za tutish quvvatning va tana salomatligining pasayishiga olib kelar ekan. Shuning uchun ham musulmonlar muqaddas Ramazon oyi davomida o‘z salomatliklarini yaxshi saqlab qolishlari uchun jismoniy faollikka e’tibor berishlari kerak.
Ramazon oyi bu yil ham issiq yetarli bo‘ladigan mavsumda keldi. Buning ustiga badan tarbiya davrida ham tana haroratini ortishini hisobga olish kerak.
Agar jismoniy mashqlarni bajarib turish kerak bo‘lsa, u holda ularni ovqatdan oldin qilgan afzalmi yoki keyin qilish foydali bo‘ladimi?
Agar iftordan oldin qilinsa, u holda muddat 60 daqiqadan ko‘payib ketmasligi kerak, ya’ni iftordan 60 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan muddat avval qilinishi lozim.
Bunda u sovutgichli yoki salqin joyda o‘tkaziladigan mashqlarni bajarishi kerak. Yetarli miqdorda iftordan so‘ng suyuqlik ichish hamda zarur darajada uxlab olish kerak.
Bordiyu mashqlar iftordan keyin amalga oshirilsa, u holda uni iftorlikdan kamida uch soat o‘tkazibgina qilish tavsiya etiladi. Chunki organizm bu orada hazm qilishni bajarish bilan band bo‘ladi. Ushbu holda ham iftordan avvalgidagiga o‘xshab salqin joyda olib borilishi tavsiya etiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib ro‘zadorlarga jismoniy faollik borasida quyidagi tavsiyalarni berish mumkin ekan.
Salqin xonada har kuni 30 daqiqa atrofida mashq qiling. Jismoniy mashqlar borasida shuni yodda tutish zarurki, havo issiq bo‘lganda, ayniqsa, ramazon oyida kunduzlari keragidan ortiqcha mashq qilishdan qoching. Issiq havo atmosferadagi suyuqliklarni kamaytirgani kabi tanadagi suvni ham kamaytiradi va bu insonga zarar qilib ayrim hollarda oshqozon yaralanishiga olib kelishi ham mumkin ekan.
Ramazon oyi davomida iftor qilishdan ikki yoki uch soat oldin o‘zingizga qulay vaqtni tanlab mashq qiling, ammo iftordan keyin jismoniy mashqlarni imkon qadar bajarmaslik kerak, chunki tana energiyasining katta qismi bu paytda ovqat hazm qilish jarayoniga yo‘naltiriladi. Lekin bemor bo‘sangiz mashq qilishdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashishni unutmang.
Televizor qarshisida uzoq o‘tirish va boshqa turdagi dangasaliklarni kamaytirish kerak. Aksincha, yurish yoki uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishga o‘xshash tadbirlarni ko‘paytiring.
Agar bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, nafas olish yoki ko‘krak qafasida og‘riqlar bo‘lsa, darhol jismoniy faoliyatni to‘xtatib, dam oling.
Ro‘zadorlik paytida tanada suvsizlik ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun iftor va saharlik orasida kun bo‘yi kerak bo‘ladigan miqdorda suyuqlik iste’mol qilish kerak.
Imom Muslim va boshqalar rivoyat qilgan quyidagi hadisda Payg‘ambar (alayhissalom) mo‘minlarni foyda va manfaat keltiradigan ishlarda Allohdan madad so‘ragan holda faol, g‘ayratli va peshqadam bo‘lishga targ‘ib qilib dedilar: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor. Senga foydali bo‘lgan ishlarga haris bo‘lgin va (ishingda) Allohdan yordam so‘ragin, lekin hargiz zaif bo‘lma!”. Demak, mo‘minlar ushbu hadisdagi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ning ikkilanish va jur’atsizlikdan qaytarilgan tavsiyalariga muborak ramazonda ham amal qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Saidjamol Masayitov
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar muammolarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 5 avgust kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy, uy-joy va moddiy yordam kabi masalalardagi murojaatlarni ko‘rib chiqdi.
Mazkur jarayonda oilaviy masalalarda shar’iy yechim va zarur maslahatlar berildi, moddiy ko‘mak so‘raganlarga esa belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy rahbariyatiga minnatdorlik bildirishdi. Imom Buxoriydan rivoyat qilingan "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", degan hadisi sharifga muvofiq xayrli duolar qilishdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yuzma-yuz muloqot va qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati