Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Farzandlarimizni Ramazonda va boshqa vaqtlarda qanday tarbiya qilamiz?

23.05.2019   39479   5 min.
Farzandlarimizni Ramazonda va boshqa vaqtlarda qanday tarbiya qilamiz?

Ramazonda farzandlarni tarbiya qilishda haqiqiy yo‘nalish aniqlanadi. Ular bizga berilgan omonatlardir.  Salafi solihlar Ramazonda farzandlarini ro‘zaga mashq qildirar va tunni qoim qilishga odatlantirar edilar.

O‘zi bilan birga farzandi ham najot topishini istayotgan ro‘zador birodarim, quyida sizga tarbiya xususida bir qancha masalalarni havola qilamiz. Shoyad, bu narsalar sizga farzand rioyasida foyda qilsa.

  1. Ey ota, farzandingizga xulqingiz, hayotingiz va yurgan yo‘lingizda go‘zal namuna bo‘ling. Chunki, farzandlaringiz sizga ota, muallim, murabbiy va go‘zal namuna bo‘lib qaraydi. Alloh taolo Zakariyyo alayhissalom haqlarida shunday marhamat qiladi: «Bas, Biz uning (duosini) ijobat etdik va unga Yahyoni hadya qildik hamda juftini o‘nglab qo‘ydik. Albatta, ular yaxshiliklarga shoshilishar edi va Bizga rag‘bat ila va qo‘rqib duo qilishar edi. Ular Bizga ta’zim ila bo‘yinsunuvchi edilar» (Anbiyo, 90).
  2. Uyda eshitilgan, ko‘rilgan va bilingan narsalarning bolaning hayoti va kelajagida ta’siri bo‘ladi. Xonadonga iymon, Qur’on va sunnatni kiritish, zikrni ko‘paytirish, Allohning buyruqlarini qoim qilish va qaytariqlaridan qaytish halol va mas’uliyatli farzandni tarbiya qiladi. Uyga bo‘lmag‘ur, behuda va ig‘vo qiladigan narsalarga uyni to‘ldirish behuda ishlarga berilgan va mas’uliyatsiz farzandni katta qiladi.
  3. Farzandni Allohning Kitobini tajvid bilan o‘qib, yodlashga biriktirish. Chunki, yoshlik – yod olish va xotiraning mustahkamligi davridir. Agar bola bu oltin davrni o‘tkazib qo‘ysa va zoye’ qilsa katta bo‘lganida qattiq afsus va nadomat chekadi.
  4. Bola yoshlik chog‘ida unga ko‘maklashish va yomon insonlar bilan birga bo‘lishdan to‘sish kerak. Chunki, ular bolagahar qanday kasallikdan ko‘ra zararliroq hamda har qanday duhsmandan ko‘ra unga xavfliroq bo‘ladi. Qanchadan qancha solih insonarni fosiq kishilar xarob qilishgan. Insonga birga bo‘lgan kishisining ta’siri bo‘ladi. Rosululloh (s.a.v) kelgan hadisi sharifda shunday ma’noda marhamat qiladilar: «Kishi o‘z do‘stining dinida bo‘ladi. Sizlarning biringiz kim bilan do‘st bo‘layotganiga qarasin». Bu haqida shoir shunday deydi: 

Kishi haqida so‘rama, uning do‘stin so‘ragil,

Har do‘st birodarin ortidan qilar aniq iqtido. 

  1. Bolani yoshligidan tug‘ma haqiqiy erkak qilib tarbiyalash lozim. Shuning uchun unga katta ishlarni suydirib, past va yomon ishlarni yomon ko‘rsatib tarbiya qilish kerak bo‘ladi. Rosululloh (s.a.v) shu ma’noda aytadilar: «Albatta, Alloh taolo yuksak sifatli ishlarni suyadi va ularning arzimagan(kichik)larini yomon ko‘radi». Bola suyulib ketadigan bo‘lmasin, ayollarga o‘xshab qolmasin va yomon bilan birga bo‘lmasin. Chunki, bu unga hasrat va or bo‘ladi.
  2. Farzandning ust-boshi va ko‘rinishiga e’tibor qilish lozim. Farzand sunnatga muvofiq kiyinsin va Allohning dushmanlariga taqlid qilib kiyinmasin. Rosululloh (s.a.v) aytadilar: «Kim bir qavmga o‘zini o‘xshatsa, bas, u ulardandir». Yigit kishi tilla va ipak buyumlardan saqlanishi, mujmal, gap-so‘zi so‘lg‘in, ko‘p kuladigan, behudagarchilklarni ko‘p qiladigan va shoshqaloq bo‘lmasligi lozim.
  3. Bolaning qalbida Allohning buyruqlari va diniga aloqador har qanday narsaning ulug‘ ekanini singdirish lozim. Shunda u Alloh taoloni muqaddas sanaydi va U zotni barcha ayblardan pok deb e’tirof etadigan mo‘min bo‘ladi. Ushbu tarbiya bolaning qalbida Allohning, Uning Kalomi va Payg‘ambarining ulug‘ligini o‘stirib boradi.
  4. Bolani manfaatli ilm olishga yo‘naltirish lozim. Bu ishga qattiq harakat qilish, ixlosli bo‘lish, darslariga bosh-qosh bo‘lish, unga ilmning fazilatlari va sharafini bildirib turish ham ke kerak.
  5. Har namozda uning haqqiga yolvorib duo qilish, saharlari va duolar ijobat bo‘ladigan vaqtlarda uning uchun tazarru' qilish lozim bo‘ladi. Bunday duolarda Alloh unga tavfiq berishi, qo‘lidan tutishi va hidoyat qilishini so‘raladi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ular: «Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et», deydiganlardir» (Furqon, 74).

10. Farzandga rahm-shafqatli va mehr-muhabbatli bo‘lish, u bilan hazillashib, o‘pib, erkalab turish lozim. Unga qo‘pol va dag‘al qo‘pol qilmaslik hamda insonlar orasida uni koyimaslik kerak bo‘ladi. Mo‘min inson farzandlarga muomala qilishda ham Rosululloh (s.a.v)ga ergashadi, U zot farzandlari bilan qanday muomala qilgan bo‘lsalar u ham ularga shunday muomala qiladi.

Allohim, bizlarni qayerda bo‘lsak ham baxtli qil! Ayollarimiz va farzandlarimizni ko‘z quvonchi qil va bizlarni taqvodorlarga imom qilgin!

 

Doktor Oiz Al Qorniy. “Ro‘zador uchun o‘ttiz dars”

Toshkent shahar “Imom Termiziy” jome masjidi imom noibi Saidxon Maxsumov tarjimasi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   7281   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).