Avval, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSHga jo‘nab ketganlari haqida xabar bergan edik.
21 may kuni Vashington shahrida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSH Tinchlik institutida tashkil etilgan davra suhbatida nutq so‘zladilar. Muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy va e’tiqod erkinligi borasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini bildirib, masjidlar soni 2056 tani, diniy ta’lim muassasalari soni 12 tani tashkil etgani, Ramazon oyida barcha masjidda taroveh namozlari, 1250 ta masjidda esa xatmi Qur’onlar o‘tkazilayotgani hamda AQSH, Rossiya va Malayziya kabi davlatlar takliflar asosida qorilarimiz mazkur davlatlarda taroveh namozlarida xatmi Qur’on o‘qishayotgani haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, o‘lkamizda 12 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgani, bularning 3 tasi oliy, 9 tasi o‘rta maxsus, 2 tasi ayol-qizlar bilim yurti ekanini bildirdilar. O‘tgan yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi nomli ikkita oliy diniy ta’lim muassasasi tashkil etilganini so‘zlab berdilar.
2018 yili diyorimizda 13 ta yangi masjid ochildi, joriy yil esa davlatimiz Rahbarining bevosita tashabbusi bilan ikkita muhtasham jome masjidning ochilish marosimi bo‘lganini alohida qayd etdilar.
Bundan tashqari muftiy hazratlari yurtimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning ahamiyati va turli diniy konfessiyalar vakillari bilan azaldan ahil-inoq yashashning tinchlik-barqarorlikka ijobiy ta’siri juda katta ekanini muftiy hazratlari izohladilar.
Davra suhbati ishtirokchilari – ekspertlar, tahlilchilar va soha mutaxassislari tomonidan O‘zbekistondagi “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish" tamoyili juda iliq qarshi olindi va amalga oshirilayotgan ilohotlarga yuqori baho berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi Oliy Majlis a’zolari – Senat Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov va Qonunchilik palatasi a’zosi, Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov ham davra suhbatida so‘zga chiqishdi va e’tiqod erkinligi borasidagi savollarga batafsil javob berishdi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va AQSH Tinchlik instituti tomonidan tashkil etildi. 20 may kuni Tinchlik instituti tomonidan tadbir ishtirokchilari uchun iftorlik ham uyushtirildi.
AQSH safari davom etmoqda, jarayonlarni saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi