Tanlovga!
Ramazon xayr-baraka oyidir. Chunki, bu oyda qilingan har bir nafl ibodat uchun farz amalining savobi, bitta farz amali uchun esa, boshqa oyda qilingan yetmishta farz amalining savobi beriladi. Shuning uchun Musulmonlar bu oyda Alloh taologa yoqadigan va uni rozi qiladigan amallarga shoshiladilar.
Quyida bu oyda qilinadigan eng afzal amallarni sanab o‘tamiz:
- Ro‘za tutishlik. Ro‘za tutishlik faqatgina yeb-ichishdan tiyilish emas, balki har qanday ma’siyatlar va yolg‘on, tuhmat va g‘iybat kabi Allohning g‘azabini keltiradigan amallardan ham uzoq bo‘lish lozim.
- Qur’on tilovat qilish. Bu oyda Qur’on tilovat qilish Alloh taologa eng mahbub ishlardandir.
- Namozlarni ko‘paytirish. Farz bo‘lgan 5 mahal namozdan tashqari, sunnat va nafl ibodatlarini ham ko‘paytirish lozim. Xususan, jamoat bilan o‘qiladigan Taroveh namozlarni g‘animat bilish kerak.
- Silai-rahm qilish. Yaqinlar va qarindoshlarni ziyorat qilish. Chunki bunday amallar kishilar o‘rtasida o‘zaro muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi.
- Xayr-ehson qilish. Bu oyda sadaqa qilish – eng afzal ishlardan bo‘lib, Alloh taolo bu amalni qiluvchini O‘zi mukofotlaydi. Shuningdek, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylardan ko‘ra saxiyroq bo‘lar edilar.
- Zikrlarni ko‘paytirish. Bu oyda qilinadigan zikr, tasbeh va istig‘for uchun ko‘p savob beriladi. Bundan tashqari, bunday amallar yomonlik eshiklarini yopib, mag‘firat eshiklarini ochadi va qalbni xotirjam qiladi. Hamda nafsni harom ishlardan uzoq qiladi.
- Zakot berish. Musulmonlar bu oyda zakotlarini faqir va miskinlarga beradilar.
- E’tikof o‘tirish. Bu oyda musulmonlar ko‘proq vaqtlarini masjidlarda namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish va Alloh taoloni zikr qilish bilan o‘tkazishga haris bo‘lishlari lozim. Asosan, Ramazonning oxirgi kunlarida. Chunki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar.
- Laylatul qadr kechasini bedor o‘tkazish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini Laylatul qadrni topishga va uni bedor o‘tkazishga undar edilar. Chunki, Alloh taolo bu kunning qadrini boshqa kunlarning mingtasidan afzal qilgan.
- Quyosh chiqqunicha masjidda o‘tirish. Bomdod namozidan so‘ng to quyosh chiqquncha masjidda o‘tirish mustahab amal hisoblanadi. Chunki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni shunday qilishga chaqirar edilar.
- Ramazon kunlarida Umra ziyoratini qilish. Chunki, bu oyda qilingan Umra Haj ibodatiga tenglashtiriladi.
Alloh taolo barchamizni bu oyda shunday fazilatli amallarni bajarishga muvaffaq aylasin.
Toshkent Islom instituti talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.