Tanlovga!
Ro‘za tutmaslikka sabab bo‘luvchi uzrlar
Hukmlarining yengilligi va buyruqlarining moslashuvchanligi borasida Islom dinning katta ustunligi Ro‘zada o‘z aksini topgan. Va shuningdek, Alloh taoloning ro‘za oyatida:
يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ
“Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi.” (Baqara surasi 185- oyat) - deyishligi bilan Islom naqadar yengil ekanligi namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun, ro‘za tutishlik mashaqqatli yoki uzrli bo‘lgan hollarda ro‘za tutmaslik joiz bo‘ladi. Bunday holatlar esa 2 turga bo‘linadi:
1)Ro‘za tutmaslikni muboh qilib, qazosini vojib qiluvchi holatlar.
2)Ro‘za tutmaslikni muboh qilib, fidyani vojib qiluvchi holatlar.
1) Ro‘za tutmaslikni muboh qilib, qazosini vojib qiluvchi holatlar:
-Safar. Islom o‘z shahridan shar’iy safar masofasicha uzoqda bo‘lgan musofir kishiga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi.
-Kasallik. Bemor – kasalligi ziyoda bo‘lib ketishidan qo‘rqsa, ro‘za tutmaslik joiz bo‘ladi.
- Homilador va emizikli ayol. Homilador yoki emizikli ayol - o‘zidan yoki farzandidan xavfsirasa, Islom bunday muslimaga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi.
- Halok bo‘lishdan xavfsirash. Agar ro‘zadorga qattiq chanqoq va ochlik yetib, o‘lib qolishdan xavfsirasa, unga ham ro‘za tutmaslik muboh bo‘ladi va qazosi vojib bo‘ladi.
2) Ro‘za tutmaslikni muboh qilib, fidyani vojib qiluvchi holatlar:
- Bunday uzr bittagina holos. U ham bo‘lsa, tuzalmas kasallik va doimiy zaiflik sabab ro‘za tutishlikdan doimo ojiz bo‘lish.
Bunga «Shayxul foniy» ya’ni doim ro‘za tutishdan ojiz va tuzalishlikdan umidini uzgan bemor kishilar kiradi. Agar bunday kishilar qishin-yozin ro‘za tutishlikdan ojiz bo‘lsalar, bunday holatda ro‘za tutmaydi va tutmagan har bir kuniga fidya to‘laydilar.
«Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid» kitobi asosida tayyorlandi.
Toshkent Islom instituti talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV