frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazondan keyin...

20.05.2019   49892   1 min.
Ramazondan keyin...

Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.  

Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.

Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?

Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.

Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.

Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.

Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!

Nozimjon Iminjonov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mas’uliyat va natijadorlik — diniy sohada asosiy mezon!

03.08.2026   25746   2 min.
Mas’uliyat va natijadorlik — diniy sohada asosiy mezon!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Farg‘ona viloyati tuman-shahar bosh imom-xatiblari va otinoyilari ishtirokida tahliliy yig‘ilish o‘tkazdilar.

Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Burhonjon Qo‘ldoshev, soha mas’ullari va bosh imom-xatiblar ishtirok etib, hududda amalga oshirilgan xayrli ishlar va oldinda turgan dolzarb vazifalarni muhokama qildilar.

Majlisda Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda  Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi masjidlar, Qur’on kurslari va majmualar barpo etilayotgani, xususan, joriy yilda Qo‘qon shahrida “Masjidul Latif”, Qo‘shtepa tumanida “Umar ibn Xattob” hamda Yozyovon tumanida “Al Farg‘oniy” jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, Qo‘qonda yangi tajvid kursi ish boshlaganini alohida e’tirof etdilar.

Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan 42 mingta ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, 6 500 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etilgani, 6 000 nafar migrant oilalari holidan xabar olingani hamda 400 ta ajrim yoqasidagi oila yarashtirilgani ijobiy baholandi.

Shuningdek, homiylar va imomlar tashabbusi bilan ehtiyojmandlarga 3 mlrd so‘mlik va madrasalarga 136 mln so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatilib, 3 ta oilaga yangi uy qurib berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu bilan birga, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Imom-xatiblarga aholi orasida targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirish, Mustaqilligimizning 35 yilligi va «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida masjidlarni obod qilish topshirildi.

Oilaviy ajrimlarning oldini olish va ijtimoiy tarmoqlarda notiq imom-xatiblar tomonidan tayyorlangan videoma’ruzalarni keng tarqatib, axborot makonida sog‘lom e’tiqod muhitini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida Muftiy hazratlari har bir xodim o‘zini shariat xodimi sifatida anglab, taqvo, halollik va yuksak mas’uliyat bilan xalqimizga xizmat qilishi lozimligini uqtirdilar.

Farg‘ona viloyati vakilligi mutaxassislari uchun yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari