Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447
Maqolalar

Ramazondan keyin...

20.05.2019   42879   1 min.
Ramazondan keyin...

Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.  

Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.

Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?

Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.

Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.

Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.

Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!

Nozimjon Iminjonov

Ramazon
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   2366   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.