Dinimizda oila qurish, uni farohg‘at va baxt qo‘rg‘oni sifatida mustahkam saqlashga katta e’tibor qaratiladi. Bu borada shariat oila a’zolariga ma’lum huquq va majburiyatlarni yuklaydi. Zimmalaridagi haqlarini muqaddas bilib, ularga amal qilgan erkak va ayol jamiyatda go‘zal namuna bo‘lib, oxiratda saodat topuvchilardan bo‘ladilar.
Afsuski, hozirda buzilayotgan oilalarning aksariyati uning a’zolarning asl haq va majburiyatlarini bilmasligi, bilsada, amal qilmasligi, qo‘yingki, johilligi sabab bo‘ladi.
Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Ibrohim ota” jome masjidi imom-xatibi Anvar Ahmedov tumandagi “Oila markazi”da 48 nafar oila qurish arafasida bo‘lgan yoshlar bilan “Oila-muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Imom domla yoshlarga dinimizda oilaning muqaddasligi, mas’uliyati nikohning muqaddasligi islomda er va ayolning mushtarak huquq va majburiyatlari to‘g‘risida zaruriy bilimlarni berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son