O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston milliy axborot agentligi bilan hamkorlikda muborak Ramazon oyi munosabati bilan “http://uza.uz” saytida “Imom Buxoriy hadislari” nomli bo‘lim tashkil etildi.
Ushbu bo‘limni ochishdan maqsad, Islom dinining asl mohiyatini yoshlarga hadisi shariflar orqali yetkazish, yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy va boshqa muhaddis allomalar qoldirgan boy ilmiy merosni xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iborat.
Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning Imom Buxoriy hazratlari to‘plagan hadislari ushbu bo‘limda bosqichma-bosqich taqdim etib boriladi.
Hadislarni bayon etish jarayonida uning ko‘pchilik tushunadigan, sodda tilda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa, yurtimizda asrlar osha musulmonlarning fiqhiy mazhabi bo‘lmish, Hanafiy mazhabida bo‘lishi ham e’tiborimizda turdi.
“Imom Buxoriy hadislari” nomli bo‘lim faoliyatini Imom Buxoriy bobomizning ikkinchi bosh asarlari bo‘lmish «Al-adab Al-Mufrad» kitoblariga zabardast ulamo, fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qilgan sharhlaridan boshlashga qaror qildik. Imom Buxoriy hazratlari ushbu kitoblarida odob-ahloq masalalariga oid hadislarni saralab keltirganlar.
Mana shunday sharafli ishga muyassar qilgan Alloh taboraka va taologa hadsiz shukrlar aytish bilan birga bu ishda o‘z yordamini ayamagan insonlarga o‘z minnatdorligimizni izhor qilamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Muslim, Abu Dovud va Molik vidolashuv haji hadisida Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
"Ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki sizlar ularni Allohning omonati ila olgansiz. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlari majburiyati bor".
Muoviya Qurayshiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Yo Allohning Rasuli, bizning birimizda xotinining nima haqqi bor?» dedim.
«Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan. Qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan», dedilar u zot alayhissalom (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Hind binti Utba: «Allohning Rasuli, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Faqat unga bildirmay olsamgina bo‘ladi», dedi.
«O‘zingga va bolangga yetarlisini to‘g‘rilikcha ol», dedilar u zot alayhissalom (Ikki shayx rivoyat qilishgan).
Barcha ulamolar ayollarning nafaqasi erlariga vojib bo‘lishiga ittifoq qilganlar.
Aqlga solib ko‘rilganda ham, ayol kishi erning xizmatlarini qilganidan keyin, uning izmida bo‘lganidan keyin, albatta, uning nafaqasi erga vojib bo‘ladi-da!
Uning miqdori ikkisining holiga qarab bo‘ladi. Ikkisi boy bo‘lsa, boyniki, kambag‘al bo‘lsa, kambag‘alniki bo‘ladi. Er boy, xotin kambag‘al yoki aksincha bo‘lsa, ikki holning o‘rtasida bo‘ladi. Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham.
Erga xotini uchun vojib nafaqalar besh qismdir:
1. Taom.
Bunga oziq-ovqat, ichimlik va ovqatga qo‘shib yeyiladigan narsalar (sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) hamda ovqat pishirish uchun ketadigan barcha narsalar kiradi. Taomning miqdori yetarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.
2. Kiyim.
Yetarli darajada, bir sidra kiyim-bosh doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va shofe’iy mazhablarida: «Har olti oyda bir sidra yangi kiyim olib beriladi», deyilgan.
3. Maskan.
Er o‘z xotinini maskan bilan ta’minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati saviyasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan bo‘lishi shart. Unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.
4. Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor solib berish ham uning nafaqasiga kiradi.
5. Tozalik asbob-anjomlari va uyning kerakli matohlari.
Agar er moli bo‘la turib, nafaqa bermasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Xotin talab qilsa, boshqa mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa, qamalmaydi.
«Ulardan asoingni ko‘tarma va ularni Allohdan qo‘rqishga chaqirib turgin».
Ya’ni ahli ayoling sening haybatingni doimo sezib tursin. Ulardan sodir bo‘ladigan har bir noshar’iy ishni e’tiborsiz qo‘ymasligingni unutmasinlar.
Sen ularni doimiy ravishda Alloh taologa taqvo qilishga chaqirib tur. Bu ishda juda ko‘p yaxshiliklar bor.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.