Tanlovga!
“…Albatta Men yaqindirman”
(Baqara surasining 186-oyati tafsiri)
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ (186)
“Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar” (Baqara surasi 186-oyat).
Yuqoridagi oyatlarda Ramazon ro‘zasi haqida so‘z ketgan edi. Alloh taolo bandalariga yengilchilikni iroda qilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Alloh taolo bandalariga qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. Ushbu oyati karimaning ma’nosi esa:
Modomiki, Alloh Haq subhanahu va taolo senga ro‘zada bergan nafsiy poklanish halovatini totar ekansan, U Zotga shukr qilishlikka yuzlanasan. Bu esa (yuzlanishliging) Alloh taoloning senga “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman”, deb javob qaytarishiga munosibdir. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, oyati karimada “إذا” (izaa) kalimasi keldi, “إن” emas! Alloh taolo ta’kidlayaptiki, sen ushbu halovatga erishganingdan so‘ng, albatta, U zotga shukr qilasan. Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadi: “Uch toifa bor, ularning duolari rad qilinmaydi: Ro‘zador – og‘iz ochgunicha, adolatli imom va mazlumning duosi”. (Ushbu duo)ni Alloh taolo bulutlar ustiga ko‘taradi va unga osmon eshiklari ochiladi. Alloh taolo: “Izzatimga qasam! Albatta, unga nusrat beraman. Ozginadan keyin bo‘lsa ham”, deydi”.
Alloh taolo duoni qabul qilishligini bildik. Xo‘sh, sen imom emasdursan va mazlum ham emasdursan. Ammo, ro‘zador bo‘la olasan! Demak, senga ro‘za tutish qoldi.
Qur’oni karimda “سأل” (sa’ala) “so‘rasa” kalimasini kelgan joyini ko‘rsak, ketidan javobida “قل” (qul) “ayt” kalimasi ham keladi:
يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ قُلْ فِيهِمَآ إِثْمٌ كَبِيرٌ [البقرة: 219]
“Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh... bor” deb ayt” (Baqara surasi 219-oyat).
وقوله:{ وَيَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلِ الْعَفْوَ }[البقرة: 219]
“Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: “Ortiqchasini”, deb ayt” (Baqara surasi 219-oyat).
يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَ قُلْ مَا أَنفَقْتُم مِّنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُواْ مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللّهَ بِهِ عَلِيمٌ [البقرة: 215]
“Sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen: “Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo‘lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”, deb ayt” (Baqara surasi 215-oyat).
Barcha o‘rinda “يَسْأَلُونَكَ» (yas’alunaka) «so‘rashadi», kalimasidan so‘ng “قُلْ” (qul) “ayt” deb, bir o‘rinda esa “فقل” (faqul) “bas, ayt”, deb kelgan:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْجِبَالِ فَقُلْ يَنسِفُهَا رَبِّي نَسْفاً [طه: 105]
“Sendan tog‘lar haqida so‘rarlar. Bas: «Robbim ularni mutlaqo sovurib yuborajak...” deb ayt” (Toha surasi 105-oyat).
Diqqat bilan nazar tashlasak, “قُلْ” (qul) va “فقل» (faqul) o‘rtasida farq bo‘lyapti. Ya’ni, Alloh taolo bandalari orasida bo‘layotgan amal borasida so‘rashganda “قُلْ” (qul), deb javob berishlikni buyurayapti va hali bo‘lmagan, keyinchalik bo‘ladigan narsa borasida so‘ralganda, “فقل» (faqul) deb, javob berishlikni buyuryapti. Bu Qur’oni karimning nozik balog‘atli ekanligidan dalolat!
Ammo, biz to‘xtalayotgan oyati karimada esa, “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar…” dan keyin, na “قُلْ” (qul) va na “فقل» (faqul) dedi. Chunki, “قُلْ” (qul), deb ishlatishlik amaliyotda yaqinlikni uzoqlashtirib yuboradi. Alloh taolo bu yerda bandalarining so‘roviga vositasiz javob berishlikni iroda qildi. Garchi, bu xabarni yetkazuvchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalarda, Alloh taolo “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman”, deb javobni bandalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lladi. Buning nozil bo‘lish sababi bor: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Robbimiz yaqinmi munojat qilsak, yoki uzoqmi nido qilsak?”, deb so‘rashgan edi. Chunki, odatda uzoqdagi kishiga nido qilinadi. Keyin, Alloh taolo javoban: “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman” dedi. Bu yaqinlikning foydasi nimada?! Albatta, Alloh taolo aytayaptiki: “Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman”. Lekin, buning shartlari qanday?
“Agar bandalarim so‘rasalar” oyatida “عباد” (’ibaad) kalimasi ishlatildi. Arab tilidan ma’lumki, «عبيد» (abiyd) va “عباد” (’ibaad) kalimalari o‘rtasida farq mavjud. To‘g‘ri, ikkala kalimaning ham birlik ko‘rinishi “عبد” bo‘lishligi mumkin. Ammo, bu yerda «عبيد» va “عباد” borasida so‘z ketmoqda. Yer yuzida barcha Allohga «عبيد» – “qul” bo‘la oladi, lekin, hamma ham “عباد” – “banda” bo‘la olmaydi. Nima uchun?
Chunki, «عبيد» (abiyd) borliqda boshqa narsalar kabi bo‘ysundirilgandir. Bular orasida haqdan bosh tortganlari ham mavjud. Ammo, Allohning bandalari “عباد” U zotning barcha buyruqlariga o‘z ixtiyorlari bilan bo‘ysunganlardir. Ular qachon tug‘ilib, qachon o‘ladigan va qanday bu olamda bor ekanligi borasida aql yuritmaydiganlar orasida turib ham Allohning buyruqlariga ergashadilar. Bu yerda “عباد” lar Alloh taolo ularga qilgan ixtiyor ish borasida shunday deb ajralib turadilar: “To‘g‘ri, yo Robbim! Sen bizga ixtiyor berding va biz esa Senga borar yo‘lni tutdik. Havoyi nafsimiz bizning ustimizdan hukm chiqarishligiga qo‘yib bermaymiz. Sen shunday degansan “Falon ishni qil” va “Falon ishni qilma”, biz esa ushbu taklifni Sendan qabul qilganmiz. Yo Robbim!».
Robbing senga “Qil” deb aytadi, qachonki, sen bu ishni qilish yoki qilmaslikka qodir bo‘lsang. Yoki “Qilma” deb aytadi, qachonki, sen bu va bu ishni qilishlikka qodir bo‘lsang! Shuning uchun ham, “Qil” va “Qilma” degan buyruq ixtiyoriy buyruqlar ichiga kiradi. Alloh Haq subhanahu va taolo senga ba’zi ishlarda “Qil” va “Qilma” deb, buyruq berdi, ammo, yana bir qancha ishlar borki, u borasida senga na “Qil” va na “Qilma” dedi. Bu ishni qilish yo qilmaslikda erkin bo‘lasan. Buni “Muboh ixtiyor doirasi” deb nomladi. Bu yerda yana “Qil” yoki “Qilma” deyishlikka bog‘langan takliflar va uning ustida zarar qoim bo‘lmagan, qilish-qilmaslik sening qo‘lingda bo‘lgan takliflar bor. Ixtiyoridan foydalanib, “Robbim, Sen menga ixtiyor berding. Lekin, men Yo ixtiyorni bergan zot, bu ixtiyorni yaxshi deb bilgan tomoningga yuzlantirishliging uchun Senga topshirdim. Men ixtiyorimdan voz kechaman. Sen “Qil” degan narsangni qilaman va “Qilma” degan narsangni hargiz qilmayman”, degan kishi haqiqiy bandadir.
Demak, haqiqiy “عباد” lar ixtiyorini olib, uni ixtiyorni ularga tuhfa etgan zotning o‘ziga topshirishdi. Alloh taologa: “Biz Seni o‘z nafsimizga omonatdor etdik” deyishdi. Alloh taolo bu bandalarini “عباد” sifatlab shunday marhamat qiladi:
وَعِبَادُ الرَّحْمَـانِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الأَرْضِ هَوْناً وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الجَاهِلُونَ قَالُواْ سَلاَماً * وَالَّذِينَ يِبِيتُونَ لِرَبِّهِمْ سُجَّداً وَقِيَاماً [الفرقان: 63-64]
“Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu’ ila yuradigan va johillar xitob qilganida, “salom”, deydiganlardir. Ular tunlarni Robbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazurlar” (Furqon surasi 63-64 oyatlar).
Mana shu zotlar Allohning “عباد” bandalaridirlar. Shu sababli ham Alloh taolo shaytonga shunday degan:
إِنَّ عِبَادِي لَيْسَ لَكَ عَلَيْهِمْ سُلْطَانٌ [الحجر: 42]
“Albatta, mening bandalarim ustidan senga hukmronlik qilishlik yo‘q” (Hijr surasi 42-oyat).
Unday bo‘lsa, shaytonga bandalar ustidan mutloq hukmronlik yo‘q ekan. Shayton “عبيد” larga ixtiyorlari sababli ta’sir o‘tkaza oladi. “عِبَادِي” kalimasi ichiga “عبيد” kalimasi kirmaydi. Faqatgina qiyomat kuni kelganda ikkala kalimaga ham “عِبَادِي” kalimasi ishlatiladi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
أَأَنتُمْ أَضْلَلْتُمْ عِبَادِي [الفرقان: 17]
“Anavi bandalarimni sizlar adashtirdingizmi?” (Furqon surasi 17-oyat).
Qiyomat qoim bo‘lganida, hech kimning ixtiyori qolmaydi. Shu sababdan ham barcha “عِبَادِي” kalimasi ichiga kirib ketadi. Hatto, kofirlarga ham ixtiyori qaytib berilmaydi.
Alloh taolo “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman” deb marhamat qildi. Bandalar Alloh taoloning iymoniy manhajini tutganlar. Shu bois, U zotdan faqatgina iymon va taklifotlarni ketkazmaydigan narsalarni so‘raydilar.
Alloh taolo aytadi: “Bas, Menga ham ijobat qilsinlar”. Chunki, duo javobni talab qiladi. Modomiki, duoingni ijobat bo‘lishligini hohlasang, Robbingga odob ila muomila qilgin! U zot subhanahu va taolo seni O‘zining yo‘liga chaqirdi. Alloh taolo sening duoingni ijobat qilishligini hohlasang, sen ham U zotning chaqirig‘iga ijobat qilgin! Alloh taolo “Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman” deb marhamat qildi. Duo qilguvchining o‘zinigina keltirmadi. Balki, unga shart qo‘ydi, ya’ni “Menga duo qilganida” dedi. Chunki, ba’zida insonlar bajarishga qodir bo‘lmagan kishilardan ham so‘rashliklari mumkin. Bunga misol Alloh taoloning quyidagi oyati karimasidir:
إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِ اللَّهِ عِبَادٌ أَمْثَالُكُمْ [الأعراف: 194]
“Albatta, Allohdan boshqasiga duo qiladiganlar ham siz kabi bandadirlar” (A’rof surasi 194-oyat).
إِن تَدْعُوهُمْ لاَ يَسْمَعُواْ دُعَآءَكُمْ.. [فاطر: 14]
“Agar ularga duo qilsangiz, duoingizni eshitmaslar” (Fotir surasi 14-oyat).
Go‘yoki, banda ijobat qilishlikka ahl bo‘lmaganlardan so‘raydi. Alloh Haq subhanahu va taolo esa bizga “Duo qilguvchi menga duo qilganida ijobat qilurman”, deb ta’lim beryapti. Ammo, banda borib, vafo qilishlikka qodir bo‘lmagan kishidan so‘rasa, Alloh taolo uning duosini ijobat qilishlikka mas’ul emas.
Alloh taolo bu yerda bizga inson o‘zi uchun yaxshi bo‘lgan narsani so‘rashligi haqida ta’lim bermoqchi. Inson zoti bu yaxshiliklarni chegaralashga qodir emas. Ya’ni, sen bir ishni yaxshi deb bilishliging mumkin ammo, u aslida yomon bo‘lib chiqadi. Sen uni yaxshi deb o‘ylab, duo qilishlikda bardavom bo‘lishliging mumkin. Shunday ekan, duoning asl mulohazasi shuki, sen yaxshlikni yaxshi ko‘rasan. Lekin, yaxshilikni tushunishlikda yoki unga yetkazadigan narsa borasida xatolikka yo‘l qo‘yishliging mumkin. Shak-shubha yo‘qki, sen yaxshilikni sevasan. Shuning uchun ham Robbingni duoingni ijobat qilishligi – agar senga nisbatan yaxshilik keltirmaydigan bo‘lsa, duoingni ijobat qilmasligidir. Shuning uchun ham, Robbingga umid qilib, duo qilganingdan so‘ng U Zot duoingni ijobat qilmasa, “Nima uchun Alloh duoyimni ijobat qilmadi?”, deb aytma! Alloh sening duoingni ijobat qildi. U Zot sendan ahmoqona duo yoki unda senga yomonlik yetadigan tomonini ketkazdi. Chunki, sen duo qilayotgan zot Hakim zotdir. U Zot go‘yoki shunday demoqda: “Men senga yaxshlikni beraman. Men biladigan yaxshilik senbiladigan yaxshlikdan ustundir. Shu bois ham bu doingni ijobat qilinmasligi sen uchun yaxshlikdir”.
Bunga bir zarbul masal keltirsak – Alloh taolo eng oliy masalga loyiq zotdir – O‘g‘lingiz sizdan o‘z yoshiga munosib bo‘lmagan narsani so‘rasa. Siz o‘g‘lingiz uchun so‘ragan narsasida zarar bor ekanligini bilsangiz, siz unga so‘ragan narsasini sotib olib berasizmi? Yo‘q, albatta! Chunki, siz u so‘ragan narsadan zarar va xavf-xatar bor ekanligini bilasiz. Shu bois ham unga so‘ragan narsasini olib bermaysiz. Balki, siz u so‘ragan narsasidan ko‘ra afzal va yaxshiroq narsani olib berasiz va u siz olib bergan narsa bilan quvonadi.
Shunday ekan, yaxshilik — ishlardagi hikmat taqozosiga ko‘ra bo‘ladi.
Sizning duoingizning ijobat bo‘lmasligida ham, sizga unda jabr-sitam yetishligi sabab bo‘lganligi uchundir. Bu borada Alloh Haq subhanahu va taolo shunday marhamat qiladi:
وَيَدْعُ الإِنْسَانُ بِالشَّرِّ دُعَآءَهُ بِالْخَيْرِ وَكَانَ الإِنْسَانُ عَجُولاً [الإسراء: 11]
“Inson yaxshilikka duo qilgani kabi, yomonlikka ham duo qiladi. Albatta, inson shoshqaloqdir” (Isro surasi 11-oyat).
Shuning uchun ham Alloh taolo aytadiki:
سَأُوْرِيكُمْ آيَاتِي فَلاَ تَسْتَعْجِلُونِ [الأنبياء: 37]
“Sizga tezda oyatlarimni ko‘rsataman. Shoshqaloqlik qilmanglar!” (Anbiyo surasi 37-oyat).
Ulamolar aytishadi: “Albatta, duo bilan xorlik va ibodatni qasd qilsanggiz, go‘zal bo‘ladi. Ijobat esa faqatgina Allohning irodasiga bog‘liq. Siz duoda o‘zingizning nasibangizni qila olishingiz mumkin, ammo, ishni to‘laligicha tasarruf qila olmaysiz. Duodagi sizning nasibangiz – ibodat va xorlikdir. Chunki, siz duo qilayotganingizda qoim qilgan sabablaringiz biror ishga qodir bo‘lmaydigan basharning so‘rashi kabi bo‘ladi. Shu sababli ham siz barcha narsaga qodir bo‘lgan va jamiki narsalarga Molik bo‘lgan Zotdan so‘raysiz. Dorimiy va Bayhaqiy rivoyatida: «Qur’on qiroati va Mening zikrim kimni Mendan so‘rashdan mashg‘ul qilib qo‘ysa, unga so‘rovchilarga beradigan eng afzal savobni beraman», deyilgan. O‘zimizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga o‘rgatgan narsalarini o‘rgataylik. Darhaqiqat, Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Agar qadr kechasiga yetishadigan bo‘lsam, nima deb duo qilayin?” deb so‘radilar. E’tibor bering, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamizga barcha yaxshiliklarga qiyos qilsa bo‘ladigan narsaning ta’limini berdilar. U zot: “Yo Alloh! Sen Afuvvsan. Sen afv qilishlikni suyasan, bizni afv qilgin!”, dedilar. Afvdan ko‘ra yaxshiroq narsa bormikan?! Yo‘q, albatta! Hadeb “Buni ber”, “Buni ber” deyishlikdan saqlanish kerak. Chunki, bu sababli “Inson yaxshilikka duo qilgani kabi, yomonlikka ham duo qiladi. Albatta, inson shoshqaloqdir” oyati ostiga kirib qolish mumkin.
Kimki “Men Robbimga duo qildim, U zot duoimni ijobat qilmadi”, desa, biz unga aytamizki: “Aqlsizlik qilmang. Siz talab qilgan narsangizni ijobat qilinmasligining o‘zi bir yaxshilikdir. Alloh taolo xohlagan vaqt sizga yaxshilikni beradi”.
Alloh taolo jamiyatda ba’zi bir narsalarni undan senga zarar yetishligi mumkin bo‘lganlarini ko‘rsatdi. Sababi sening duoingni ijobat qilmaslik – yaxshilikning ayni o‘zi ekanligini bildirishlikdir. Shuning uchun ham duoning shartlari bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni pokiza rizq talab qilishlikka boshlaganlar.
Hadisi sharifda keladi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “So‘ng bir kishini zikr qildilar: “Sochlari to‘zib, chang-g‘ubor bosgan va qo‘llarini osmonga ko‘tarib, “Yo Robbim, yo Robbim” deyayotgan kishi. Holbuki, yeydigan o‘rni harom, ichadigan o‘rni harom, kiyadigan kiyimi harom va harom bilan o‘ralgan kishi. Unga qayerdan ham (duosi) ijobat bo‘lsin?!”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga insonning duosi qay tarzda fasod bo‘lishligini ta’limini beryaptilar. Xulosa qilsak, duo ikki o‘rinda ijobat bo‘lmaydigan bo‘ldi: birinchisi, duo qilish fasod bo‘lgan ko‘rinishda, ikkinchisi esa, inson duo qilayotgan narsasi o‘zi uchun yaxshi deb o‘ylaydi ammo, Alloh taolo esa unda banda uchun zarar bor ekanligini biladi va bu yomonlikni bandasidan yiroq qiladi. Bu Buyuk va Oliy zotning hikmatidir.
Yana bir jihat. Duoning ijobat bo‘lishligi kechikishligi mumkin. Chunki, U zot senga so‘ragan narsangni bersa, bu foniy dunyoda sizga vaqtinchalik yaxshilik vazifasini bajaradigan narsani bergan bo‘ladi. Holbuki, U Zot seni yaxshi ko‘radi. Shu bois ham duoingni boqiy oxiratga kechiktiradi. Bu faqatgina xos kishilar yetishadigan yetuklikdir. Bu yerda yana boshqa bir yetuklik bor: modomiki, duoda xorlik va bo‘ysunish bo‘lar ekan, Alloh taolo senga hadisi qudsiyda kelgan narsani yo‘llaydi:
“Alloh taolo dunyo osmoniga tushib (kayfiyatsiz), shunday deydi: “Kim menga duo qiladi, duosini ijobat qilaman? Yoki so‘raydi, so‘ragan narsasini beraman”. So‘ng yana: “Kim (o‘zini) mahrum qilmasdan va zulm qilmasdan qarz (ya’ni, bu yerda Alloh taolo toat-ibodatni nazarda tutmoqda) beradi?”, deydi”.
Albatta, inson o‘zi yaxshi ko‘rgan narsalarini so‘rashlikka bog‘langandir. Har qachon so‘ragan narsasi unga taqdim qilinmasa u “Yo Robbim” deb nido qila boshlaydi. Alloh taolo bandasini mana shunday duo qilishligini yaxshi ko‘radi. Alloh taolo aytadiki: “Bandalarim orasida duolarini yaxshi ko‘radiganlarim bor. Men ularni “Yo Robbim” deyishliklari uchun sinovga yo‘llayman”. Mo‘min kishining duodan bo‘lgan nasibasi uni ijobat bo‘lishligi emas! Balki Alloh taolo aytgan so‘zidir:
قُلْ مَا يَعْبَؤُاْ بِكُمْ رَبِّي لَوْلاَ دُعَآؤُكُمْ [الفرقان: 77]
“Agar duo-iltijolaringiz bo‘lmasa, Robbim sizlarga hech qiymat bermas” (Furqon surasi 77-oyat).
Rububiyat va marbubiyatning ma’nosi sen doimo “Yo Robbim” deb e’tirof etishligingdir. Bir masal keltirsak – Alloh taolo eng oliy masalga loyiq zot – Ota o‘g‘liga har oy kundalik harajatlari uchun pul beradi. O‘g‘il bir oylik kundalik harajatlarini qoplaydigan pulni olgandan so‘ng, bir oy davomida otasi bilan aloqasi ozayib, uni ko‘rishlikka ham qiziqmasligi mumkin. Ammo, ota o‘g‘liga kundalik harajatlarini har kunligini berib borsa, o‘g‘il otasini kutib boshlaydi. Otasi ozgina kechiktiradigan bo‘lsa, o‘g‘il otasini eshik oldida kutib turaveradi. Ota o‘g‘lini ko‘rishlik uchun ehtiyoji bor narsa bilan o‘ziga bog‘laydi.
Alloh subhanahu va taolo duoning ijobat bo‘lishligi uchun shartlarni belgilab qo‘ygan. Bu shart – Alloh taolo bandasini chorlagan paytda banda ham U zotning chaqirig‘iga ijobat qilishligi kerak. Mana shu holatda banda duosining ijobat bo‘lishligiga loyiq bo‘ladi. Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadiki: “Kimniki, meni zikr qilishlik mendan so‘rashlikdan mashg‘ul qilib qo‘yayotgan bo‘lsa, unga so‘raguvchilarga beradiganimdan afzlini beraman”.
Buning misoli: Sayyidimiz Ibrohim alayhissalom olovga tashlanayotgan paytda, Jibril alayhissalom u zotga: “Biror ehtiyojingiz bormi?” dedilar. Ehtiyojlari bor ekanliklarini inkor qilmadilar va baloga bepisand ham bo‘lmadilar. Jibril alayhissalomga: “Ammo, sizga ehtiyojim yo‘q” dedilar. To‘g‘ri, u zotning ehtiyojlari bor edi, ammo, Jibril alayhissalomga emas edi. Chunki u zot kuydirish sifati ila yaratilgan olovdan najot topishliklarini bilardilar. Bu ish maxluqotlardan birortasining qo‘lidan kelmaydigan, ammo, bunga qodir zot faqatgina ushbu olovni yaratgan zot ekanligi ravshan edi. Shuning uchun ham Ibrohim alayhissalom Jibril alayhissalomga: “Ammo, sizga ehtiyojim yo‘q” dedilar. “Holatimni ko‘rib, so‘rab ham o‘tirmadi” (maqol), Alloh taolo shunday marhamat qildi:
قُلْنَا يا نَارُ كُونِي بَرْداً وَسَلَاماً عَلَى إِبْرَاهِيمَ [الأنبياء: 69]
“Aytdik: Ey, olov. Ibrohimga sovuq va salomatlik bo‘lgin” (Anbiyo surasi 69-oyat).
Imom Aliy karramallohu vajhahudan o‘rnak olaylik, bir kishi u zot betob bo‘lganlarida, ziyorat qilishlik uchun keldi. U zotni oh-voh qilayotganini ko‘rib, “Siz Abulhasan bo‘la turib, oh-voh qilayapsizmi?” dedi. Shunda u kishi: “Men Alloh taologa shijoat qilmayman” dedilar.
Unday bo‘lsa, Alloh taoloning “Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar” degan kalomiga kelsak, ijobat bo‘lishlik uchun manhaj bo‘lishligi zarur ekanligini bildiradi. “Iymon keltirsinlar” ya’ni, Alloh taoloni Hakim iloh deb, iymon keltirshlik zarurdir. Chunki, har bir so‘ragan kishiga duosi ijobat bo‘lavermaydi. Chunki, Ilohlik har bir so‘rovchiga u uchun yaxshi bo‘lgan narsani beradigan hikmatni taqozo qiladi. Bu yaxshilik so‘raguvchining emas, balki, duoni ijobat qiluvchining qiyosiga ko‘ra yaxshi bo‘lishligi kerak.
Alloh taolo oyati karima yakunida “Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar”, deb ta’kidlayapti. Xo‘sh, “To‘g‘ri yo‘lni topsalar” ning ma’nosi nima? Ma’nosi: yaxshilik yo‘lini, eng to‘g‘ri yo‘lni topishlikdir.
Ushbu oyati karima “Ramazon unda Qur’on insonlar uchun hidoyat qilib, nozil qilingan (oy)dir” oyatidan so‘ng kelgan. Bu bizga bayon qiladiki, ro‘za tutib, poklangan inson duosi ijobat bo‘lishligi uchun loyiq bo‘ladi. Bu duodan nasibang duoning ijobat bo‘lishligi emas, balki, unda ibodat borligidir.
Alloh taolo barchamizni Ramazon oyiga yetkazsin! Ramazon oyida poklanib, duosi ijobat bo‘ladigan, Robbilarining da’vatiga ijobat qilgan mo‘minlar va Alloh taologa yaqin bandalar qatoridan qilsin!
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rohimahullohning «Tafsiri Sha’roviy» asaridan
Abdussami’ Ergashev tarjimasi
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.