Tanlovga!
Iftorlik dasturxoniga patir olish uchun novvoyxonaga kirdim. Xaridimni qilib, chiqib ketayotgandim “Bir dona non bering” degan mahzun sas qulog‘imga chalindi. Boshimni ko‘tarib, ovoz kelgan tomonga qaradim. Ust-boshi yupun, oyog‘idagi rezina shippagi yedirilib ketgan ayol muztargina novvoyga termulib turardi. Yuragim qalqib ketdi. Yelim xaltadagi issiq patirdan taralayotgan taft otash kabi butun vujudimni yondirardi. Bo‘g‘zimni achishtirayotgan tutun nafas olishga to‘sqinlik qilar, na ortga qaytishni, na oldga yurishni bilmay qoldim...
Yaqinlarimiz, qo‘shni, qarindoshimiz, mahalladosh, yurtdoshimiz va yoki bir notanish inson hozir och, chanqoq, yolg‘iz, bemor, parvarishga muhtoj yoxud chorasiz bo‘lishi mumkin. Biz esa “shu paytda ham kambag‘al, ehtiyojmand qoldimi?” deb hayratlanamiz. Dasturxon tuzaganimizda shirinu nordon, achchig‘u sho‘r, quyug‘u suyuq, foydaliyu zararli demay, isrofu uvolni o‘ylamay yeguliklarni to‘kib-sochamiz. Ramazon iftorliklarini o‘tkazishda kim o‘zarlikda rekord o‘rnatishga kirishganmiz. Na niyatimiz chiroyli, na amalimiz. Og‘riqlisi, dasturxonimizga qorni to‘qlarni da’vat etamiz. Iftorlik, ehson deganlari savob uchun, Allohning roziligi uchun qilinajak ishlar edi. Biz nimalarga qodirligimiz, qo‘limiz qanchalik uzunligini ko‘z-ko‘z qilish uchun undan foydalanayapmiz. Birodar, siz qanday tushunsangiz tushuning, ammo biz aytamizki, bugun yonboshlab olib paqqos tushirayotganimiz ne’matlarda faqiru g‘ariblar, yetimu miskinlar, zaifu muhtojlarning haqi bor! Bu borada eldan oshirib gapirolmaymiz: “Imkoni borning imkoni yo‘qdan qarzi bor!” .
Ba’zan nomdor yemakxonalarda iftorlik dasturxoni yozyapmiz. O‘yga tolasan kishi: yemakxonada, hammaning ko‘z o‘ngida iftorlik berib savob olmoqchi bo‘lganlar oshkora amallar riyoga o‘tib qolishini mulohaza qilmaganmikanlar? (Biz bu holatlarda shom namozi qazo bo‘lishi, erkaklar yemakxona atrofidagi masjidlarda ibodatni ado etsalar-ku mayli, ayollarning ibodati qazo bo‘lishi haqida indamadik). Ayrimlar iftorlik dasturxonlarini suratga olib, internetdagi shaxsiy sahifalariga joylashtirib “yoqdi” yig‘ib “shuhrat” qozonmoqdalar. Islohga naqadar muhtojmiz, to‘g‘rimi?..
Bolaligimda onam qo‘limga pul tutqazib devor ostidagi tilanchini ko‘rsatib “Hov, o‘sha boboga berib kelasan. Duo qilsa, sen ham niyatlaringni aytib “Amin” degin” derdilar. Tilanchiga pul berishni yaxshi ko‘rardim bolaligimda. Bolalikning ko‘zlari katta, ko‘ngli keng bo‘larkan-da. Go‘yo favqulodda katta ishni bajarganday, dadamga maqtanganimda onam “Tilanchiga sadaqa berganingni hammaga aytsang, niyatlaring ijobat bo‘lmaydi” degandilar. Shu bo‘ldiyu, tilanchiga pul berganimni dadamga ham, o‘rtoqlarimga ham maqtanmay qo‘ydim. Bolalikning ishonchiyu ixlosi, iymoniyu ijrosida riyo bo‘lmaydi. Katta bo‘lganimiz sari har qadamimizni atrofdagilar uchun bosib, har amalimizning vaznini “Odamlar nima deydi?!” degan o‘y bilan o‘lchaymiz. Odamlarga yoqish, kimligimizni ko‘rsatib qo‘yish ilinji amallarimizni riyoga qorishtiraveradi. Qaniydi, qaniydiya, istagimiz faqat Allohning roziligiga erishish bo‘lsa edi! Koshkiydi, amallarimiz odamlarning maqtovlariga emas, Robbimizning marhamatiga muvaffaq bo‘lish uchun bajarilsa edi. El-yurtga sezdirmay ma’naviy-moddiy dastakka muhtojlarga yordam qo‘llari uzatilsa edi. Shifoxonalarda bir kunlik dori-darmonni falon pulga sotib olayotgan, farzandini davolash uchun bor-bisotini sotib, kamiga qarzga botib qolganlar ko‘p. Biz dabdaba bilan yozayotgan saharligu iftorlik dasturxoniga sarflanayotgan pullar kimlarningdir mushkulini oson qilishi mumkin, zamondosh. Bu kabi savob ishlarni sanab ado qilolmaymiz. To‘lov-kontrakt bilan o‘qiyotgan talaba jiyanimiz, bir necha yildan beri uyining tomini yopolmayotgan ukamiz, ro‘zg‘or, bolalarining tashvishidan oshinib davolanishni paysalga solayotgan opa-singlimiz shundoq ko‘z oldimizda yashayapti. Biz esa savobni uzoqlardan, qorni to‘qlardan izlash bilan ovvoramiz.
Kimningdir og‘irini yengil qilish uchun boy-badavlat bo‘lish shart emas. Avvalo, eng katta yordam — ma’naviy ko‘mak. Keksa, parvarishga muhtoj, yolg‘izlarning holidan xabar olish, uy-joyini supurib-tozalab, bir qoshiq ovqat bilan ko‘nglini olish ham savob. Go‘daklari norasta, uy-joyi ta’mirtalab bevalar bor. Bolalarining rizqidan qiyib nuragan devori, bo‘yog‘i ko‘chgan eshigini epaqaga keltirolmaydi. Iftorlik bahonasida gap-gashtakdan beri kelmaydigan ahli ayolimiz orqali ularga yordam berib, hojatini ravo qilishimiz ham savob.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashimiz, qo‘ni-qo‘shnichilik haqiga rioya qilishimiz ham savob. Ayrimlarimiz, kommunal to‘lovlardan bo‘ynimizgacha qarzga botganmizu, serhasham iftorlik dasturxoni ko‘yida ovvoramiz. To‘lovlarni to‘lashga qurbi yetmay, qo‘li kaltaligidan boshi xam insonlar bor. Mas’ul idoralardan vakillar kelib eshigini taqillatsa, “tomosha”ga oshiqamiz. Shundaylarga yordam berib, qarzini uzib o‘rnak ko‘rsatsak edi...
Nuqul, negativ o‘ylar bilan yuragingizni siqqanim uchun uzrlar. Ammo siz, ha, aynan siz ayta olasizmi menga, iftorlik dasturxoni yozganingizda kimlarni da’vat qildingiz, ularning orasida qancha ehsonga muhtoj, qancha faqir bor edi?..
Hech kimning cho‘ntagini kovlash, pulini hisoblash niyatimiz yo‘q. Ammo Ramazoni Sharifning muborak nomi tilga olinganda, boshqacha bo‘lish ham mumkin emas. Ya’ni, niyatimiz savobga muvaffaq bo‘lishmi, amalimiz ham shunga ko‘ra bo‘lishi kerak. Zotan, ro‘za ibodati qorin ochligiyu, tashnalik uchun emas, atrof-javonibdagi ochu tashnalar, muhtoju faqirlar holini anglashimiz uchun farz qilingan.
Tafti olovday qo‘limni kuydirayotgan patirga qarab o‘yga tolaman: men Muborak Ramazon oyining haqini qanchalik ado qila olayapman? Hozirgina guvohi bo‘lganim voqea ro‘za ibodati haqini munosibi qadar ado etolmayotganimni ayon qildi. Qo‘limdan kelsa-da, ehtiyojmand insonlarga yordam berolmaganim, bermaganimni mulohaza qilib o‘zimni taftish qilyapman. Siz ham “Alloh roziligi”, “savob olish” yo‘lidagi amallaringizni bir qur ko‘zdan kechirsangiz, yaxshi bo‘lardi, zamondosh. Bu yo‘lda e’tiboringizdan chetda qolgan muhtoj, g‘arib, keksa, yetim, beva va yoki bemor yo‘qmikan? Noo‘rin joylargayu kishilarga o‘rinsiz sarf-xarajat qilib, muhtojlarning haqiga xiyonat qilmadingizmi? Umuman olganda, muborak Ramazon oyi mohiyatini anglay oldingizmi? Umid qilamizki, javobingiz ijobiy.
Aytarimiz shu edi. Zinhor aql o‘rgatmadik...
Umida ADIZOVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan