Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2026   |   22 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:35
Bismillah
09 Iyun, 2026, 22 Zulhijja, 1447

Ramazon mohiyatini angladikmi?

20.05.2019   41314   6 min.
Ramazon mohiyatini angladikmi?

Tanlovga!

Iftorlik dasturxoniga patir olish uchun novvoyxonaga kirdim. Xaridimni qilib, chiqib ketayotgandim “Bir dona non bering” degan mahzun sas qulog‘imga chalindi.  Boshimni ko‘tarib, ovoz kelgan tomonga qaradim. Ust-boshi yupun, oyog‘idagi rezina shippagi yedirilib ketgan ayol muztargina novvoyga termulib turardi. Yuragim qalqib ketdi. Yelim xaltadagi issiq patirdan taralayotgan taft otash kabi butun vujudimni yondirardi. Bo‘g‘zimni achishtirayotgan tutun nafas olishga to‘sqinlik qilar, na ortga qaytishni, na oldga yurishni bilmay qoldim...

Yaqinlarimiz, qo‘shni, qarindoshimiz, mahalladosh, yurtdoshimiz va yoki bir notanish inson hozir och, chanqoq, yolg‘iz, bemor, parvarishga muhtoj yoxud chorasiz bo‘lishi mumkin. Biz esa “shu paytda ham kambag‘al, ehtiyojmand qoldimi?” deb hayratlanamiz. Dasturxon tuzaganimizda shirinu nordon, achchig‘u sho‘r, quyug‘u suyuq, foydaliyu zararli demay, isrofu uvolni o‘ylamay yeguliklarni to‘kib-sochamiz. Ramazon iftorliklarini o‘tkazishda kim o‘zarlikda rekord o‘rnatishga kirishganmiz. Na niyatimiz chiroyli, na amalimiz. Og‘riqlisi, dasturxonimizga qorni to‘qlarni da’vat etamiz. Iftorlik, ehson deganlari savob uchun, Allohning roziligi uchun qilinajak ishlar edi. Biz nimalarga qodirligimiz, qo‘limiz qanchalik uzunligini ko‘z-ko‘z qilish uchun undan foydalanayapmiz. Birodar, siz qanday tushunsangiz tushuning, ammo biz aytamizki, bugun yonboshlab olib paqqos tushirayotganimiz ne’matlarda faqiru g‘ariblar, yetimu miskinlar, zaifu muhtojlarning haqi bor! Bu borada eldan oshirib gapirolmaymiz: “Imkoni borning imkoni yo‘qdan qarzi bor!” .

Ba’zan nomdor yemakxonalarda iftorlik dasturxoni yozyapmiz. O‘yga tolasan kishi: yemakxonada, hammaning ko‘z o‘ngida iftorlik berib savob olmoqchi bo‘lganlar oshkora amallar riyoga o‘tib qolishini mulohaza qilmaganmikanlar? (Biz bu holatlarda shom namozi qazo bo‘lishi, erkaklar yemakxona atrofidagi masjidlarda ibodatni ado etsalar-ku mayli, ayollarning ibodati qazo bo‘lishi haqida indamadik). Ayrimlar iftorlik dasturxonlarini suratga olib, internetdagi shaxsiy sahifalariga joylashtirib  “yoqdi” yig‘ib “shuhrat” qozonmoqdalar. Islohga naqadar muhtojmiz, to‘g‘rimi?..

Bolaligimda onam qo‘limga pul tutqazib devor ostidagi tilanchini ko‘rsatib “Hov, o‘sha boboga berib kelasan. Duo qilsa, sen ham niyatlaringni aytib “Amin” degin” derdilar. Tilanchiga pul berishni yaxshi ko‘rardim bolaligimda. Bolalikning ko‘zlari katta, ko‘ngli keng bo‘larkan-da. Go‘yo favqulodda katta ishni bajarganday, dadamga maqtanganimda onam “Tilanchiga sadaqa berganingni hammaga aytsang, niyatlaring ijobat bo‘lmaydi” degandilar. Shu bo‘ldiyu, tilanchiga pul berganimni dadamga ham, o‘rtoqlarimga ham maqtanmay qo‘ydim. Bolalikning ishonchiyu ixlosi, iymoniyu ijrosida riyo bo‘lmaydi. Katta bo‘lganimiz sari har qadamimizni atrofdagilar uchun bosib, har amalimizning vaznini “Odamlar nima deydi?!” degan o‘y bilan o‘lchaymiz. Odamlarga yoqish, kimligimizni ko‘rsatib qo‘yish ilinji amallarimizni riyoga qorishtiraveradi. Qaniydi, qaniydiya, istagimiz faqat Allohning roziligiga erishish bo‘lsa edi! Koshkiydi, amallarimiz odamlarning maqtovlariga emas, Robbimizning marhamatiga muvaffaq bo‘lish uchun  bajarilsa edi. El-yurtga sezdirmay ma’naviy-moddiy dastakka muhtojlarga  yordam qo‘llari uzatilsa edi. Shifoxonalarda bir kunlik dori-darmonni falon pulga sotib olayotgan, farzandini davolash uchun bor-bisotini sotib, kamiga qarzga botib qolganlar ko‘p. Biz dabdaba bilan yozayotgan saharligu iftorlik dasturxoniga sarflanayotgan pullar kimlarningdir mushkulini oson qilishi mumkin, zamondosh.  Bu kabi savob ishlarni sanab ado qilolmaymiz. To‘lov-kontrakt bilan o‘qiyotgan talaba jiyanimiz, bir necha yildan beri uyining tomini yopolmayotgan ukamiz, ro‘zg‘or, bolalarining tashvishidan oshinib davolanishni paysalga solayotgan opa-singlimiz shundoq ko‘z oldimizda yashayapti. Biz esa savobni uzoqlardan, qorni to‘qlardan izlash bilan ovvoramiz.

Kimningdir og‘irini yengil qilish uchun boy-badavlat bo‘lish shart emas. Avvalo, eng katta yordam — ma’naviy ko‘mak. Keksa, parvarishga muhtoj, yolg‘izlarning holidan xabar olish, uy-joyini supurib-tozalab, bir qoshiq ovqat bilan ko‘nglini olish ham savob. Go‘daklari  norasta, uy-joyi ta’mirtalab bevalar bor. Bolalarining rizqidan qiyib nuragan devori, bo‘yog‘i ko‘chgan eshigini epaqaga keltirolmaydi. Iftorlik bahonasida gap-gashtakdan beri kelmaydigan ahli ayolimiz orqali ularga yordam berib, hojatini ravo qilishimiz ham savob.  

Elektr energiyasi, tabiiy gaz, soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashimiz, qo‘ni-qo‘shnichilik haqiga rioya qilishimiz ham savob. Ayrimlarimiz, kommunal to‘lovlardan bo‘ynimizgacha qarzga botganmizu, serhasham iftorlik dasturxoni ko‘yida ovvoramiz. To‘lovlarni to‘lashga qurbi yetmay, qo‘li kaltaligidan boshi xam insonlar bor. Mas’ul idoralardan vakillar kelib eshigini taqillatsa, “tomosha”ga oshiqamiz. Shundaylarga yordam berib, qarzini uzib o‘rnak ko‘rsatsak edi...

Nuqul, negativ o‘ylar bilan yuragingizni siqqanim uchun uzrlar. Ammo siz, ha, aynan siz ayta olasizmi menga, iftorlik dasturxoni yozganingizda kimlarni da’vat qildingiz, ularning orasida qancha ehsonga muhtoj, qancha faqir bor edi?..

Hech kimning cho‘ntagini kovlash, pulini hisoblash niyatimiz yo‘q. Ammo Ramazoni Sharifning muborak nomi tilga olinganda, boshqacha bo‘lish ham mumkin emas. Ya’ni, niyatimiz savobga muvaffaq bo‘lishmi, amalimiz ham shunga ko‘ra bo‘lishi kerak. Zotan, ro‘za ibodati qorin ochligiyu, tashnalik uchun emas, atrof-javonibdagi ochu tashnalar, muhtoju faqirlar holini anglashimiz uchun farz qilingan.

Tafti olovday qo‘limni kuydirayotgan patirga qarab o‘yga tolaman: men Muborak Ramazon oyining haqini qanchalik ado qila olayapman? Hozirgina guvohi bo‘lganim voqea ro‘za ibodati haqini munosibi qadar ado etolmayotganimni ayon qildi. Qo‘limdan kelsa-da, ehtiyojmand insonlarga yordam berolmaganim, bermaganimni mulohaza qilib o‘zimni taftish qilyapman. Siz ham “Alloh roziligi”, “savob olish” yo‘lidagi amallaringizni bir qur ko‘zdan kechirsangiz, yaxshi bo‘lardi, zamondosh. Bu yo‘lda e’tiboringizdan chetda qolgan muhtoj, g‘arib, keksa, yetim, beva va yoki bemor yo‘qmikan? Noo‘rin joylargayu kishilarga o‘rinsiz sarf-xarajat qilib, muhtojlarning haqiga xiyonat qilmadingizmi? Umuman olganda, muborak Ramazon oyi mohiyatini anglay oldingizmi? Umid qilamizki, javobingiz ijobiy. 

Aytarimiz shu edi. Zinhor aql o‘rgatmadik...

Umida ADIZOVA

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

09.06.2026   2368   2 min.
Kiber xavfsizlik va internetdagi aldovlardan ehtiyot bo‘lish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo insonga aql, ilm va texnologiya ne’matlarini ato etdi. Bu ne’matlardan yaxshilik yo‘lida foydalanish bandaning vazifasidir. Ammo bugungi kunda internet tarmoqlarida firibgarlik, aldov, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va boshqalarning molini nohaq yo‘l bilan qo‘lga kiritish kabi jinoyatlar kengayib bormoqda.

Qur’oni Karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq yo‘l bilan yemanglar" (Baqara surasi, 188-oyat).

Internet orqali bank kartalarini buzish, soxta havolalar yuborish, odamlarning pullarini firib bilan tortib olish ushbu oyatda qaytarilgan nohaq ishlar jumlasidandir.

Yana Alloh taolo deydi: "Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirishingizni buyuradi" (Niso surasi, 58-oyat).

Insonning shaxsiy ma’lumotlari, parollari va elektron hisoblari ham omonat hisoblanadi.

Ularni himoya qilish va boshqalarning ma’lumotlariga tajovuz qilmaslik musulmonning burchidir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim bizlarni aldasa, bizdan emas" (Imom Muslim rivoyati).

Internetda yolg‘on reklama berish, soxta savdo qilish, odamlarning ishonchini suyiste’mol qilish ushbu hadis tahdidiga kiradi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda inson faqat qo‘li bilan emas, balki telefoni, kompyuteri va internet orqali ham zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy musulmon boshqalarning mol-mulki va ma’lumotlariga ziyon yetkazmaydi.

Rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davlat molidan foydalanishda shunchalik ehtiyotkor edilarki, shaxsiy ishlari uchun davlat chirog‘ini o‘chirib qo‘yar edilar. Bu voqea musulmon kishi o‘z haqqi bo‘lmagan narsaga hatto arzimas darajada ham ko‘z olmasligi lozimligini o‘rgatadi.

Aziz yoshlar! Internetda noma’lum havolalarga kirmang, parollaringizni boshqalarga bermang, soxta sovrinlar va tez boyish va’dalaridan ehtiyot bo‘ling. Texnologiyadan ilm, ma’rifat va halol rizq uchun foydalaning.

Alloh taolo barchamizni internet fitnalari, firibgarlik va jinoyatlardan asrasin. Texnologiyalarni insonlarga manfaat yetkazish yo‘lida ishlatuvchilardan qilsin. 

Abdulloh Muhiddinov,
Namangan shahar “Yoqubboy hoji” jome masjidi imom noibi 

MAQOLA