19 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSHning turli shaharlarida bo‘lib o‘tadigan o‘zaro muloqotlar, xalqaro anjumanlar va davra suhbatlarida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdilar.
Okean orti mamlakati safari davomida O‘zbekiston delegatsiyasi AQSH davlat departamenti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazish va xalqaro diniy erkinliklar masalalari bo‘yicha mutaxassislar bilan muloqotlar tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu mamlakatdagi din peshvolari bilan muloqotlar uyushtirib, o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuvlar muhokama qilinadi.
Tashrif davomida soha mutaxassislari, ekspertlar va din peshvolari ishtirokida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik: O‘zbekiston va AQSH tajribasi” mavzusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Vashington shahridagi yirik jome masjidda juma namozini ado etishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur nufuzli tadbirlar va uchrashuvlarni saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati