2019 yil 18 may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori Shamsuddin Bahauddinov muallifligidagi va qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan bir qator kitoblarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mehnat fahriysi, nuroniy Q. Kamalov, O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, filosofiya fanlari doktori, professor J.Bazarbayev, filologiya fanlari doktori K. Allambergenov, filologiya fanlari doktori, professor Sh.Abdinazimov, institut o‘qituvchilari, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirni institut ilmiy kengashi raisi, akademik J. Bazarbayev boshqarib bordi. – Ilm yo‘lida olib borilgan tinimsiz mehnatlarning samarasi bo‘lgan ushbu kitoblarning taqdimoti aynan bizning institutda o‘tkazilishi va bizning ziyo maskanigna sovg‘a qilinishi biz uchun katta baxt va cheksiz quvonchga sabab bo‘ldi. Bu kitoblar ilmiy ahamiyat kasb etkanligidan dinshunuslik, ma’naviyat asoslari, islom tarixi fanlarini o‘qitishda qo‘llanma vazifasini bajaradi. «Islom dini – ommaviy madaniyatga qarshi mustahkam immunitet» deydi u o‘z so‘zida.
Bundan so‘ng muallif Shamsuddin Bahauddinov so‘zga chiqib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga munosib xissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning asarlarini o‘rganish va ular yozib qoldirgan bebaho madaniy merosni kelajak avlodga yetkazishning bugungi kundagi ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentimizning: “tariximmz, madaniyatimiz, dinimizga bog‘liq bir bet qo‘l yozma bo‘lsa ham, ularni jamlab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday ulug‘ va betakror merosimiz bor ekanligini anglatish, farzandlarimizni ushbu ulug‘ merosga munosib tarbiyalashdan iborat”, degan fikrlarini ta’kidladi. Haqiqatdan ham, jamiyatimizning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni o‘rganish har bir yosh yigit va qizning bo‘ynidagi asosiy vazifalardan biri hisoblanishini bildirdi.
Yurtimiz rahbari 2018 yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga kelgan safari davomida Nukus shahridagi Imom eshon Muhammad jome’ masjidida bo‘lib, bu yerda nuroniylar va imom-xatiblar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shunda imom-xatiblarimizga, birinchi navbatda, ota-bobolarimizdan qolgan eski qo‘l yozmalarni o‘rgangan holda qo‘llanmalar va asarlar yozish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan edi. Ko‘p yillik mehnatlarining samarasi o‘laroq Sh. Bahauddinovning muallifligidagi va tarjima mahsuli bo‘lgan: “Kәmil insan”, “Salamat ana hәm bala - jәmiyet gireo‘i”, “Oraza paziyleti”, “Namaz oqio‘ qag‘iydalari”, “Marhumlarg‘a azar bermeyik”, “Qurbanliq kitabi”, “Sarf sabaqlig‘i”, “Shamaili Muhammadiya”, “Ibadati Islamiya”, “Islam mәripati: negiz hәm tүsinik”, “Islam dinine ulio‘ma tәriyp”, “Haj hәm umra qollanbasi”, “ISHIM fitnasi”, “Internetke in qurg‘an өrmekshiler” singari o‘nlab kitoblar nashr etildi va xalqimizga in’om etildi.
Yo‘qorida nomlari keltirilgan kitoblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tastiqlangan reja asosida Respublikamizdagi shahar va tuman hokimliklari, vazirliklar, oliy o‘quv yurtlari, idora va tashkilotlarga bepul tarqatildi.
– Bu tarjimadan so‘ng kitob yozishga bo‘lgan ishtiyoqimiz to‘xtab qolmaydi, hozirda Vatandoshimiz, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning “Sahih hadislar” to‘plamini va Payg‘ambarimiz tarixidan so‘zlovchi kitoblar ustida ish olib boryabmiz, yaqin kunlarda xalqimizga havola etamiz degan umiddaman”, – deydi muallif Shamsuddin Bahauddinov.
Sovg‘a sifatida institut axborot resurs markaziga 1200 dona kitob rektor B. Otemuratovga topshirildi.
So‘ng mehnat fahriysi, nuroniy Q. Kamalov so‘zga chiqib, so‘ngi yillari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohatlar, ayniqsa diniy sohada qilinayotgan katta-katta yangiliklar haqida aytib o‘tdi.
«Ko‘p yillik tajriba va mehnatlarimizning samarasi hisoblangan birinshi bor qoraqalpoq tilida nashr etilgan “Qurani kәriym mәnileriniң qaraqalpaq tilindegi ao‘darmasi hәm tәfsiri” kitobi mustaqil yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan hisoblanadi.
Albatta, tarjima ishi, ayniqsa Alloh taoloning Kalomi bo‘lgan Qur’oni karimni undagi oyatlarning mazmun-mohiyatini tushungan holda tarjima qilish buyuk va mashaqatli ish hisoblanadi».
Shuningdek, institutning o‘qituvchi-ustozlariga ushbu kitoblarni yaxshilab o‘rganishga targ‘ib qilib, «Islom ta’limoti asosida talabalarga dars bera olgan pedagog – yeng yetuk pedagog», – deb ta’kidladi.
Bundan so‘ng tadbirga kelgan mehmonlardan filologiya fanlari doktori K. Allambergenov, filologiya fanlari doktori, professor Sh. Abdinazimovlar so‘zga chiqib, bu kitoblarning ahamiyati, mazmun va mohiyatiga baho berib, kelajak davomchilarining ma’naviy kamolotining yuksalishida o‘z xissasini qo‘shadigan ilmiy mehnatlar majmui ekanligini o‘z fikr-mulohazalarida bildirib o‘tishdi.
Tadbir o‘z aro savol-javoblar va ishtirokchilarning fikr-mulohazalari bilan qizg‘in davom etdi.
Qoraqalpog‘iston qoziyoti matbuot xizmati
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati