Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

24.05.2019 y. Allohning zikri ila qalblar orom olur!

18.05.2019   5158   14 min.
24.05.2019 y. Allohning zikri ila qalblar orom olur!

 

بسم الله الرحمن الرحيم

Allohning zikri ila qalblar orom olur!

Muhtaram jamoat! Dinimizda ibodatlar orasida zikrning ahamiyati kattadir. Zikr lug‘atda: “eslash”, “biror narsani yodga olish” deganidir. Istilohda esa: “Banda Alloh taoloni yodga olish”i tushuniladi. Shunga ko‘ra, Islom shariatida buyurilgan namoz, zakot, ro‘za, haj kabi barcha ibodatlar umumiy ma’noda zikr hisoblanadi. Chunki ushbu ibodatlarning hammasida ham banda o‘z Parvardigorini yodga oladi va u bilan bog‘lanadi. Xos ma’noda esa zikr bu – bandaning “Alloh” lafzi jalolasini, tasbih, tahlil va takbirni aytishi, turli virdlarni qaytarishi tushuniladi. Bugungi suhbatimiz zikrning mana shu xos ko‘rinishiga bag‘ishlanadi.

Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida Alloh taoloni zikr qilishga buyurilgan. Jumladan Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْراً كَثِيراً  وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلًا

 (سورة الأحزاب/41)

ya’ni:Ey, imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!” (Ahzob surasi, 41-oyat).

Har bir mo‘min-musulmon ushbu amri ilohiyni boshqa ilohiy farmonlar qatori amalga oshirishi lozimdir. Alloh taoloni barcha nuqson va kamchiliklardan poklab, Alloh O‘zi qanday buyurgan bo‘lsa, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam qanday ta’lim bergan bo‘lsalar, shunday yod etishi darkor.

Qur’oni karimda zikrga targ‘ib qilinishi barobarida uning samarasini ham aytib o‘tilgan. Jumladan Alloh taolo o‘zining hidoyat topgan bandalarini vasf etib, shunday marhamat qiladi:

الَّذِينَ آمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُم بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

(سورة الرعد/28)

ya’ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)(Ra’d surasi, 28-oyat).

Insoniyat yaratilgandan bugungi kunga qadar barcha odamlar hayotida mukammal baxt-saodatga erishish ilinjida bo‘ladilar. Zamon shiddat bilan taraqqiy etayotgan hozirgi davrda ham inson zoti iloji boricha ko‘proq mol-dunyo to‘plashga, hashamatli uylar qurishga intilayotgani sir emas. Aksariyat kishilar fikru xayoli faqat yaxshi yashash, baxtli hayot kechirish bilan band. Odatda ushbu baxt-saodatning ortida qalb xotirjamligi va halovatiga erishish ko‘zlanadi. Buning uchun katta-katta mablag‘lar sarflanadi. Qalb xotirjamligini ta’minlash uchun turli xil dori-darmon va tinchlantiruvchi vositalarni iste’mol qilinadi. Lekin har qancha ko‘p mol-dunyo topmasin, hayot hashamatli tus olmasin, kishi qalb xotirjamligidan yiroqlashaveradi.

Aslida esa qalbning xotirjamligi nimada ekani, qanday qilib unga erishilishini bizga barcha narsani yaratgan Zotning O‘zi o‘rgatmoqda. Mazkur oyati karimadan ma’lum bo‘lishicha, Allohni zikr qilish, berilgan ne’matlar haqida fikr qilib, U Zotga munosib tarzda hamdu sano aytish kishi qalbiga ilohiy xotirjamlik, halovat va sakinatni baxsh etar ekan.

Zikr – ibodatlarning afzalidir. Bu haqida Sarvari olam o‘zlarining hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar:

" أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِخَيْرِ أَعْمَالِكُمْ وَأَزْكَاهَا عِنْدَ مَلِيكِكُمْ ، وَأَرْفَعِهَا فِي دَرَجَاتِكُمْ وَخَيْرٍ لَكُمْ مِنْ إِنْفَاقِ الذَّهَبِ وَالْوَرِقِ وَخَيْرٍ لَكُمْ مِنْ أَنْ تَلْقَوْا عَدُوَّكُمْ فَتَضْرِبُوا أَعْنَاقَهُمْ وَيَضْرِبُوا أَعْنَاقَكُمْ؟ قالوا : بَلَى قَالَ : "ذِكْرُ الله"

(رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عن أَبى الدَّرْدَاءِ رضي الله عنه)

ya’ni: “Sizlarga Xojangiz huzurida amallaringizning eng yaxshisi bo‘ladigan, darajalaringizni ko‘taradigan,  oltinu kumushingizni infoq qilishdan ko‘ra  xayrli bo‘lgan, dushmaningizga yo‘liqqaningizda o‘zaro Alloh yo‘lida urushishingizdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan amal haqida xabar bermaymi?” dedilar. Sahobalar: “Xabar bering”, – deyishdi. U zot: “Allohni zikr qilishingizdir”, – dedilar.  (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ruhiy tarbiya ulamolari shunday deydilar: “Alloh taoloni zikr qilishning tarbiyaviy ahamiyati ajoyib va go‘zaldir. Birinchidan, Allohning zikri qalbingizda U zotga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otadi. Allohning muhabbati esa uning zikrini ko‘paytirishga undaydi. Bu ikkisi o‘rtasida o‘zaro mutanosiblik bor ekani shundan ma’lum bo‘ladi”.

Ha, azizlar! Zikrning foydasi va samarasini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Zikr avvalo – Alloh roziligiga erishishning vositasidir. U shaytonga zarba bo‘lib, uning kuchini zaiflashtiradi. Ojiz bandaga quvvat bag‘ishlaydi. Qalb va yuzni munavvar qiladi. Zikr rizqning mo‘l va barakotli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Inson hayotiga mazmun bag‘ishlaydi. Qalbni g‘aflatdan uyg‘otadi. Gunoh va ma’siyatlarni o‘chiradi. Zikr turli til ofatlaridan va bekorchi so‘zlardan uzoqlashtiradi. Bandani dunyo va oxirat saodatiga erishtiradi.

عَنْ مُصْعَبِ بْنِ سَعْدٍ عَنْ أَبِيهِ قَالَ: كُنَّا جُلُوسًا عِنْدَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "أَيَعْجِزُ أَحَدُكُمْ أَنْ يَكْسِبَ فِي الْيَوْمِ أَلْفَ حَسَنَةٍ؟ "قَالَ: فَسَأَلَهُ سَائِلٌ مِنْ جُلَسَائِهِ: كَيْفَ يَكْسِبُ أَحَدُنَا يَا رَسُولَ اللَّهِ كُلَّ يَوْمَ أَلْفَ حَسَنَةٍ؟ قَالَ: "يُسَبِّحُ مِائَةَ تَسْبِيحَةٍ يُكْتَبُ لَهُ أَلْفُ حَسَنَةٍ ، أَوْ يُحَطُّ عَنْهُ أَلْفُ خَطِيئَةٍ"

(رَوَاهُ الإمَامُ الطَّبَرَانِيُّ)

ya’ni: Mus’ab ibn Sa’d raziyallohu anhudan, u kishi otasidan bunday rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. U zot: “Sizlardan biringiz har kuni mingta savobni qo‘lga kirita olmaydimi? dedilar. Shunda u zotning hamsuhbatlaridan bir kishi: Qanday qilib birortamiz mingta savobga ega bo‘lishi mumkin?deb so‘radi.Yuzta tasbeh aytadi. Shunda unga mingta savob yoziladi va undan mingta xato o‘chiriladi”, – dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyati).

Demak, 1 marta “Subhanalloh” degan bandaga 10 ta savob yoziladi va undan 10 ta gunoh o‘chiriladi. Vaholanki, bunga 1 soniya vaqt ketadi xolos. Bundan Islomda savob amal qilish juda ham osonligi kelib chiqadi. Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

" مَنْ قَالَ: سُبْحَانَ اللهِ العَظِيمِ وَبِحَمْدِهِ غُرِسَتْ لَهُ نَخْلَةٌ فِي الجَنَّةِ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kim “subhanallohil aziim va bihamdihi” desa, unga jannatda bir xurmo ekiladi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Kim o‘zining jannatdagi bog‘ida xurmolari ko‘p bo‘lishini istasa, ushbu rivoyatda kelgan zikrni ko‘proq aytsin. Bu esa juda ham oson. Bir daqiqaning o‘zida uni bir necha bor aytish mumkin bo‘ladi.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir rivoyatda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

" لَأَنْ أقُولَ سُبْحَانَ اللَّهِ، والحَمْدُ لِلَّهِ، وَلا إِلهَ إِلاَّ اللَّهُ، وَاللَّهُ أَكْبَرُ، أَحَبُّ إِليَّ مِمَّا طَلَعَتْ عَلَيْهِ الشَّمْسُ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: Mening “Subhanalloh, ”Alhamdulillah, “Vala ilaha illallohu vallohu akbar” demog‘im men uchun ustiga quyosh chiqadigan narsalar (ya’ni, dunyo)dan sevimliroqdir (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz ushbu hadisning sharhlab ta’kidlaydilarki, bu yerdagi “sevimli”lik dunyoning o‘ziga bo‘lgan muhabbat emas, balki ushbu dunyo va undagi narsalarni sarflaganda hosil bo‘ladigan savob ekan. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hech qachon dunyoning o‘ziga muhabbat qo‘ymagan ekanlar. U zot dunyoni sarflash orqali keladigan savobga muhabbat qo‘ygan ekanlar.

Muhtaram jamoat! Qur’oni karim va hadisi shariflarda zikrning fazilatlari, samaralari va oxiratdagi bandani erishtiradigan maqomlari haqida batafsil bayon qilingan. Shuning barobarida Allohning zikridan g‘aflatda qolish og‘ir oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanib, bundan saqlanishga da’vat qilingan. Jumladan, Alloh taolo mo‘min-musulmonlar Allohni unutishdan ogohlantirib, shunday deydi: 

وَلَا تَكُونُوا كَالَّذِينَ نَسُوا اللَّهَ فَأَنْسَاهُمْ أَنْفُسَهُمْ أُولَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ

(سورة الحشر/19)

ya’ni:Sizlar Allohni unutib qo‘yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o‘zlarini ham unutdirib qo‘ygan kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana o‘shalar fosiqlar (kofirlar)dir” (Hashr surasi, 19-oyat).

Hadisi shariflardan birida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَثَلُ الَّذِي يَذْكُرُ رَبَّهُ، وَالَّذِي لَا يَذْكُرُ رَبَّهُ: مَثَلُ الْحَيِّ وَالْمَيِّتِ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ أَبِي مُوسَى رضي الله عنه)

ya’ni: Parvardigorini zikr qiladigan kishi va Parvardigorini zikr qilmaydigan kishi xuddi tirik va o‘lik kabidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Allohni zikr qilishga beparvolik – qalbni qotiruvchi omillardan biri bo‘lib, insonning dunyo va oxiratdagi baxt-saodatiga zid bo‘lgan xislatlardan hisoblanadi. G‘ofil qalb – kishining o‘ziga xayrli bo‘lgan narsalardan g‘aflatda qolishiga olib keladi. Bunda davomli bo‘lish esa qalbni o‘ldiradi. Shuning uchun mazkur hadisi sharifda Allohning zikrida bardavom bo‘lmaydigan kishini garchi o‘zi tirik bo‘lsada, “o‘lik kishi”ga o‘xshatilmoqda.

Mashhur sahoba Abu Dardo raziyallohu anhu: “Har bir narsaning yarqiratadigan jilosi bor. Qalblar jilosi esa – Allohni zikr qilishdir”, deganlar.

Shunday ekan, barchamiz ushbu buyuk ibodatdan g‘aflatda qolmasligimiz, doimo Allohning zikri ila tilimiz band bo‘lib turishiga e’tibor berib turishimiz darkor. Ayniqsa, ushbu muborak Ramazon oyida tilimizni tasbih, tahlil va hamdni ko‘p aytishga o‘rgatsak, keyingi oylarda ham ushbu fazilatli zikrlarda bardavom bo‘lishga osonlikcha odatlanishimiz mumkin bo‘ladi. Buni ruhiy tarbiya ulamolari tajribadan o‘tganini ko‘p marta ta’kidlab o‘tganlar.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining zikri ila qalblari orom oluvchi, zokir bandalar qatorida bo‘lishimizga muvaffaq etsin! Omin!

 

Ilova: qadr kechasi fazilati

Muhtaram jamoat! Muborak Ramazon oyining fazilatlaridan biri – unda Qadr kechasining borligidar. Alloh taolo ushbu kechani “Ming oydan yaxshirokdir” deya yuksak ko‘targan. Ramazon oyi – oylarning sultoni bo‘lsa, shubhasiz, uning toji – Qadr kechasidir. Qadr kechasi va undagi fazilatlar to‘g‘risida Alloh taolo o‘z kalomi Qur’oni karimda “Qadr” nomli butun bir sura nozil qilgan:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ  وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ  لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ  تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ  سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

(سورة القدر/1-5)

ya’ni: "Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir" (Qadr surasi, 1-5 oyatlar). 

Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sahobalar Rasuli akram alayhissalomdan uni qaysi kecha ekanini so‘raganlarida oyning uchinchi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag‘aviy”).

Payg‘ambar alayhissalom ushbu kechani tunlari ibodat bilan o‘tkazishga targ‘ib qilar edilar. Oisha onamiz raziyallohu anho shunday deydilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar”.

Hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom:

"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالامَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Demak, Ramazon oyining ushbu fazilatli kechalarini g‘animat bilishimiz, uni toat-ibodat va solih amallar bilan o‘tkazishga himmat qilishimiz, ko‘proq ibodat, namoz, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru’ duolar bilan o‘tkazishimiz kerak. Ayniqsa, ushbu kechada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ta’lim berganlaridek:

"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنَّا"

ya’ni: “Ey Alloh, albatta Sen gunohlarni afv qiluvchi Zotsan! Afv qilishni yaxshi ko‘rasan, bizlarni afv et!” duosini ko‘p aytish maqsadga muvofiq.

Alloh taolo qilayotgan ibodatlarimizni o‘z dargoxida qabul etib, Qadr kechasining savoblaridan bahramand bo‘lishimizni barchalarimizga nasib aylasin! Qadr kechasini topish tavfiqini berib, yaratganning rahmati va Rasul alayhissalomning shafoatlariga erishishimizni nasibu ro‘zi aylasin. Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “tavba eshiklari doimo ochiq” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi

10.01.2025   874   2 min.
Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi

Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.


Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.


Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.


Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.


Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.


Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.


Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.


Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi
O'zbekiston yangiliklari