Mana, muborak Ramazon oyining uchinchi dahasi nihoyasida turibmiz. Ushbu oylar sultonining fazilatlarini yurak-yuragimizdan his qilmoqdamiz. Imkon boricha yaxshilik qilishga, savoblardan ko‘proq olib qolishga intilamiz. Chunki, bu oydagi kichikkina qilgan yaxshiligimiz ham ko‘plab savob va ajrlarga sabab bo‘ladi. Bunga esa, bir rivoyatdagi hadisi sharif dalil bo‘ladi: “Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini men uchun tark qilur”.
Ro‘za tutish jarayonida bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratish joiz. Ular: niyat qilish, og‘izni berkitish va ochish vaqtlarini bilish, saharlikdan iftorgacha ro‘zani buzadigan amallardan o‘zini saqlamoqlikdir.
Olamlar sarvari sallallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiling. Chunki saharlikda baraka bordir”, deb marhamat qilganlar. Ushbu hadisga ko‘ra, saharlik bilan ro‘za tutish fazilatli ekani ta’kidlanmoqda.
Ro‘za tutish orqali insonlar juda ko‘p naf ko‘rishlari mumkin. Xususan, kishi ro‘za tutganida hamisha “Alloh ko‘rib turibdi” degan fikr bilan yuradi. Yomonliklardan chekinadi, jismonan va ruhan poklanadi. Qalbida mehr muruvvat hislari orta boshlaydi. Bir hadisi sharifda shunday deyiladi: “Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang va jahl otiga minmang”. Demak ro‘za tutish orqali nafaqat jismimiz, balki ruhlarimiz ham poklanar ekan. Qolaversa, ro‘zadorning duolari ijobat etilishi manbalarda ta’kidlanadi. Ayniqsa, hadisda keltirilganidek: “Ro‘zadorning iftor paytida qilgan duosi rad qilinmaydi”.
Ro‘za tutish jarayonida yana bir jihat borki, u orqali Alloh taoloning naqadar buyuk va mehribon ekanligini ko‘rishimiz mumkin: ro‘zador unutib yeb ichib qo‘yishi ham bir fazilat hisoblanar ekan. Aslida ibodatda unutishga yo‘l qo‘yish yaxshi emas. Ammo ro‘zadorning unutishi ham unga Yaratganning ikromi, inoyati va fazlu marhamatining nishonasi bo‘lar ekan. Deyarli barcha sahih to‘plamlarda keltirilgan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (a.s.) shunday marhamat qiladilar: «Agar ro‘zador odam esda yo‘q yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini tugal qilsin. Chunki uni Alloh taomlantiribdi va sug‘oribdi». Chindan ham, islom dini yengillik va me’yor ustida barpo etilgan.
Shuningdek bir sunnat borki u musulmonlarini yanada yaqin bo‘lishiga sabab bo‘ladi. U har kechda o‘qiladigan taroveh nomozidir. Taroveh so‘zining ma’nosi- rohat, tin olish, orom olish deganidir. O‘zbekiston musulmonlari ham bu hikmatdan bebaxra bo‘lmadilar. Mamlakatimizning tobora chiroy ochib borayotgan minglab masjidlarida taroveh ibodatlari va Qur’on xatmlari chiroyli ko‘rinishda ado etiladi. Bu bilan insonlar orasida mehr oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.
Yana bir hadisi muborakda esa, shunday keltiriladi: “Ey Allohning Rasuli, menga Alloh manfaat beradigan ishni amr qiling”, deb so‘rashganida, u zot: “Ro‘zani lozim tut, uning o‘xshashi yo‘qdir”, deya javob berganlar. Darhaqiqat, Ramazon oyi bemisl manfaatlar va mukofotlar oyi, ro‘za cheksiz savob hamda yaxshiliklar omili bo‘lgani uchun ham uning takrori yo‘q. Bu oyni savob umidida ro‘za tutib, yaxshilik va ezgu amallar bilan o‘tkazgan inson Allohning xazinasidagi barcha yaxshiliklarga erishgan, Uni rozi qilgan va bebaho in’omlarga yetishgan bo‘ladi.
Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, Jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.
Rasululloh (s.a.v.) Ramazon arafasidagi xutbalarida shunday marhamat qilganlar: “Ey insonlar, buyuk va muborak oy sizlarga yaqinlashmoqda. Alloh taolo, u oy ro‘zasini farz, tunlaridagi ibodatni sunnat qildi... U oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. U ko‘mak va yordam oyidir. U oyda mo‘minning rizqi ko‘paytiriladi. U oyda kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, gunohlariga mag‘firat bo‘ladi. do‘zax o‘tidan o‘zini qutqaradi va ro‘zadorning ajridek ajrga ega bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymaydi”. Shunda sahobalar, «Yo Rasulalloh, ro‘zadorga iftor berishga har birimiz ham qodir emasmiz», dedilar. Bunga javoban, Rasuli akram (s.a.v.): «Ro‘zadorga bir xurmo yo bir qultum suv yo ayron bilan iftor bergan kishiga Alloh taolo bu savobni beradi» dedilar.
Ushbu hadisi sharif Ramazon oyida turgan har bir musulmonni befarq qoldirmasa kerak. Binobarin, baraka va imon pallasi Ramazonning fazilatlari faqat shuning o‘zi emas, ularni sanab adog‘iga yetish mushkuldir.
Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bugun sizlarga ko‘pchilik tanimaydigan bir inson haqida hikoya qilmoqchimiz.
Uning asl ismi Leopold Vays. U 1900 yilda Avstriya-Vengriya imperiyasida tug‘ilgan yahudiylardan bo‘lib, yozuvchi, jurnalist, mutafakkir, tilshunos, ijtimoiy tanqidchi, islohotchi, tarjimon, diplomat, faylasuf va sayyohdir.
1922 yilning bahorida Vays Quddusda mahalliy psixiatrik klinika shifokori bo‘lgan amakisi Dorian Feygenbaumdan Iyerusalimga tashrif buyurib, bir muncha vaqt shaharda qolish taklifini oladi.
Iyerusalim shahrida Vays musulmonlar hayoti bilan yaqindan tanishdi. Aqso masjidiga ziyoratlar uyushtirdi.
Musulmonlarning jamoaviy tarzda biroq, bir tanu bir jon bo‘lib, amalga oshiruvchi tartibli va go‘zal ibodatlari uni o‘ziga rom etdi. Masjidlarda u haqiqiy sakinat va orom manbasini ko‘rdi. Allohning mazkur ibodatlar asnosida ularga boshqalardan ko‘ra yaqinroq bo‘lishini aqli bilan his etdi.
1923 yili Leopold Vays Iordaniyaga tashrif buyurdi. So‘ngra, Islomni yaxshilab o‘rganish uchun Suriyaga safar qildi. 13 yoshidayoq ibroniy tilini mukammal darajada o‘rganib, eski ahd va unga bog‘liq kitoblarni mutolaa qilishni boshlagan, ingliz, nemis tillarini mukammal darajada o‘rgangan Leopold Vays Suriyaga ko‘chib o‘tgandan so‘ng arab tilini puxta o‘rganishga o‘zini bag‘ishladi.
Qur’oni karimning bir necha xil tafsirlarini arab tilida o‘qib chiqdi. Hadisi shariflarni o‘rgandi va islomga taalluqli bo‘lgan ko‘plab kitoblar bilan tanishib chiqdi.
Islom dinining mukammalligi uni o‘ziga rom etgan va hayratga solgan edi. Leopold Vays xristianlik va yahudiylik dinidagi ko‘plab murakkab va tushunish qiyin bo‘lgan diniy rasm-rusumlar, aqlga zid bo‘lgan e’tiqodiy masalalardan hayratga uchrab, adoqsiz savollar girdobida qiynalar edi.
U Islom dinini o‘rganish davomida o‘z savollariga javob topdi, hayratlari aridi va ko‘ngli taskin topdi. Uni faqat, musulmonlarning Islomga to‘liq amal qilmasliklari balki, uni yetarli darajada qadrlamasdan zoye qilishlari hamda dunyoviy bilimlarni tashlab qo‘yganliklari afsuslantirardi, xolos.
Nihoyat, 1926 yil Leopold Vays Islom dinini qabul qilganligini e’lon qildi. Bir kun o‘tib uning ayoli ham Islomga musharraf bo‘ldi.
Leopold Vays o‘z ismini Muhammad Asad ismiga o‘zgartirdi. So‘ngra, yangi musulmon bo‘lgan oila muborak haj safariga otlandi.
Leopold Vays Falastin, Misr, Iordaniya, Suriya, Saudiya Arabistoni, Eron, Afg‘oniston, Liviya va Hindiston kabi mamlakatlarga sayohat qilgan.
U Qur’oni karim ma’nolarini ingliz tiliga tarjima qildi. Buyuk yurtdoshimiz imom Buxoriy asarlarining gultoji bo‘lgan Sahihul Buxoriyni ham inglizchaga o‘girib, unga sharhlar bitdi, islom dini haqida ko‘plab risolalar yozdi.
Leopold Vays Islomga musharraf bo‘lishidan avvalroq Falastinda musulmonlar bilan ko‘p suhbatlashar va Islom dini haqida ular bilan fikr almashardi. Musulmonlarning unga doimo yaxshi munosabatda bo‘lishlari, yahudiy deya ajratmasliklari ham qaysidir ma’noda uning Islomga yaqinlashishiga sabab bo‘lgan.
Bir kuni u musulmonlar bilan Islom haqida suhbatlashar ekan, musulmonlarning dunyo sahnasida boshqalardan ortda qolishlarining sabablari borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shunda o‘sha yerda hozir bo‘lgan oliyjanob xulqli bir musulmon «Leopold, sen ham musulmonsan. Faqat, buni o‘zing ham bilmaysan!», dedi. Bu so‘zdan Leopold Vays kulib yubordi va «Men musulmon emasman, lekin Islomda shunday go‘zallikni ko‘rdimki, uning izdoshlari uni zoye qilayotganlarini ko‘rganimda chiday olmay qolaman», dedi.
Biroq, o‘sha musulmonning so‘zlari aslida haqiqat edi. Zero, hidoyat urug‘i Leopoldning qalb tuprog‘iga allaqachon tushgan va asta-sekinlik bilan tomir yoyishni boshlagan edi. Ammo, bundan uning o‘zi ham bexabar edi.
Mazkur go‘zal xulqli va qalb ko‘zi ochiq bo‘lgan musulmon tomonidan aytilgan so‘z Leopold Vaysning qalb torini larzaga solgan va uzoq vaqtdir qochib yurgan nafsi va o‘zligi bilan bir zumga yuzlashtirgan edi.
Leopold Vays bu vaqtda oynada ko‘ringan o‘z aksini qabul qila olmas, undan qochishga harakat qilar edi. Biroq, uning asl shaxsiyati Vaysni ta’qib etishda davom etdi va shahodat kalimasini nutq qilganda yuqoridagi so‘zlarning naqadar haq va sidq ekanligini Alloh taolo ro‘yobga chiqardi. Ha, uning musulmonligiga ancha bo‘lgan edi.
Faqat, buni o‘zi bilmasdi, xolos.
U arab tili va islomni puxta o‘rganish uchun Azhar universitetining ravoqlarida ham ta’lim oldi. Suriyada ham ta’lim oldi. Natijada, Islom olamining 20 asrda eng yorqin porlagan mutafakkiri, olimi va da’vatchisiga aylandi.
Suratda uning «Makka yo‘lida» ("The road to Mecca") nomli kitobi bo‘lib, muallif unda o‘zining hidoyat yo‘li va bu yo‘lda boshidan kechirganlarini hikoya qiladi.
Alisher Sultonxodjayev