Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, diyorimiz musulmonlari har yili ramazon ro‘zasini tinchlik-osoyishtalik, bag‘ributunlik bilan ado etmoqdalar. Darhaqiqat, bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolarimiz shunday ma’no berganlar. “Ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Alloh tomonidan nur) ma’nolarini anglatadi.
Ushbu so‘zimizni Imom Termiziy (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.
Ramazon oyining fazilatlarini batafsil bayon qilguvchi hadisni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) rivoyat qilib, jumladan bunday dedilar: “…Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorning qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon – avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish oyidir. Kimki u oyda xodimlarning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi hamda do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar”.
Iftor paytidagi duolar ijobatdir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch toifa insonning – ro‘zadorning yoki iftor qilayotgan ro‘zadorning, odil podshohning va mazlumning duosi mustajob bo‘ladi” (Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Shu o‘rinda bir mulohaza: Ba’zilar “Ro‘zadorni to‘ydirgan odam ro‘za tutganning savobini oladi”, degan gapni xato talqin etishadi, iftorlik marosimi uyushtirib, ko‘p odamlarni chaqiradi, keyin o‘zi ro‘za tutmay yuraverishadi. Bu odat mutlaqo xato tushuncha oqibatidir. Avvalo, bu gapdan o‘zi ro‘za tutmasa bo‘laveradi degan xulosa chiqmaydi. Qolaversa, hech bir savob ish farz ibodatni tark qilishga sabab bo‘la olmaydi.
Iftorlik qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlikdir. Chunki shunisi riyodan xoli bo‘ladi.
Ba’zi iftorliklarda dabdabaga berilib ketish, noshar’iy ishlarni aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash holatlarni tugatish zarur.
Miskinga taom berish ro‘za tutishning o‘rniga o‘tishi esa, fidya berish deyiladi. Bunga Qur’oni karimda ruxsat berilgan. Biroq fidyaga o‘ta qariliklari, darmonsizliklari sababli ro‘za tuta olmay qolgan otaxon va onaxonlar haqlilar, xolos. Ulamolarimiz bu toifaga tuzalishidan umid yo‘q surunkali kasalga chalingan kishilarni ham qo‘shganlar. Faqat ana shu toifadagi kishilargina ro‘za o‘rniga fidya berishlari mumkin. Qolganlarga bu ruxsatning daxli yo‘q. Boshqa kishilar dunyodagi barcha miskinlarni to‘yg‘azsalar-da, farz ro‘zaning bir soati ham ulardan soqit bo‘lmaydi.
Ro‘za insonni hayotning barcha achchiq-chuchuklariga bardosh berish va ularga sabr qilishga hozirlaydi. Ruhan, aqlan va jismonan kamol topishida yordam qiladi va jamiyat rivojlanishi, taraqqiy etishi yo‘lidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga o‘rgatadi.
Shuningdek, ro‘zadorning o‘zi, oilasi va ummat uchun seroblik, farovonlik hosil bo‘ladi. Ochlik va chanqoqlik nimaligini o‘zidan o‘tkazgan ro‘zador, bunday azobni tortayotgan kambag‘al, bechoralarga yaxshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.
Alloh taolo muborak ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimizni, toat-ibodatlarimizni o‘zining fazlu karami ila qabul qilib, barchalarimizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin!
No‘mon Atabayev
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari