Ramazon oyi kelishi sababli jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitilar ekan. Shaytonlar kishanband qilinib, Alloh taoloning rahmat farishtalari yer yuziga tushar ekan. Ramazon oyining boshqa fazilatlari ham ko‘p bo‘lib, ulardan yana biri ro‘za o‘z sohibini do‘zax o‘tidan asrashligidir. Inson ro‘za tutish bilan gunoh ishlardan o‘zini saqlashga harakat qiladi, shu jumladan ro‘za insondagi shahvoniy hirslarni bo‘g‘ib turadi. Ro‘za bizlarga bu dunyoda gunoh ishlardan saqlaguvchi bir qo‘rg‘on bo‘lsa, oxiratda do‘zaxdan to‘sib to‘sib turuvchi bir qo‘rg‘on kabidir. Shuning uchun Rasuli akram sallallohu alayhi va sallam ro‘za ibodatini do‘zaxdan asrovchi vosita dedilar.
Ro‘za tutmoqlik faqat yeb ichish va shahvoniy hirsni jilovlash kabi moddiylikdan iborat narsalardan saqlanish emas. Balki, ro‘za farz qilinishining asosiy hikmati bandalarda taqvo hosil qilish, musulmonlarning ma’naviy-ruhiy dunyosini shakllantirish ekanligini Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida ma’lum qilgan. Insonning ruhiy va ma’naviy dunyosini shakllantirib, uning xulqini oliylarga ko‘taradigan ishlardan biri bema’ni so‘zlar, haqorat qilish, masxaralash, behuda gap sotish, g‘iybat, bo‘htonlardan o‘zini tiyishdir. Ro‘za tutgan kishi esa o‘zini mana shunday qabih ishlardan saqlash kerakligini Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ta’kidlaganlar. Tilni bunday be’mani narsalardan saqlamaslik ro‘zaning asl mohiyatiga putur yetkazib, uni savobidan mahrum bo‘lishga olib keladi.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ushbu hadislarida ro‘za va uning fazilatlari, ro‘zadorning zimmasidagi burchlari va unga bo‘lgan hisobsiz ajr-savoblarni birma-bir bayon qildilar. Darhaqiqat, muborak Ramazon oyi kelishi bilan bandalarga mana shunday fazilatlar, ulkan savobu ajrlar yog‘iladi.
Ramazon oylarning sayyidi, xojasidir. Uning boshqa oylardan fazilatli jihatlari bor. Ular quyidagilar:
1) Ramazonda Qur’oni karim nozil bo‘ldi.
U Ramazonda, xususan, Laylat ul-qadrda Lavh ul-mahfuzdan Bayt ul-izzatga bir daf’ada endirildi. Keyinchalik Qur’oni karim Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida bo‘lib-bo‘lib nozil etildi. Alloh taolo degan:
شهر رمضان الّذي أنزل فيه القرآن هدًى للنّاس وبيّناتٍ من الهدى والفرقان
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat).
2) Ramazon oyining ro‘zasi Islomning beshta arkonlardan biridir.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Hazrati Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Baytullohni tavof qilish; Ramazon ro‘zasini tutishdir”.
3) Ramazon oyida qilingan sadaqalar, xayr-ehsonlar boshqa oylardan ko‘ra afzaldir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlari tabiatan saxiy edilar, Ramazon kirishi bilan esa saxovatlari, yaxshiliklari ommaviy, uzluksiz bo‘lib ketar edi. Ramazon oyida qilingan yaxshiliklar boshqa oylardagidan yetmish barobar ortiq bo‘lishi haqidagi hadisi sharif (Bayhaqiy rivoyatida) vorid bo‘lgan. Ibrohim Naxa’iydek tobi’in: “Ramazonda bir marta tasbih aytish boshqa oylarda ming marta aytishdan yaxshiroqdir”, degan ekanlar.
4) Ramazonda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor.
U Laylat ul-qadr, ya’ni Qadr kechasidir. Mazkur kechaning ming oydan yaxshiroq ekanligini Alloh taoloning o‘zi ham, Rasululloh alayhissalom ham ta’kidlaganlar.
5) Ramazonda boshqa oylardan farqli o‘laroq kechalari namoz bilan qoim bo‘lish sunnat qilingan.
Taroveh namozlari masjidlarda ommatan o‘qilishi, jamoat bo‘lib duo qilishlar fayzu futuhini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi!
6) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidlarda e’tikof o‘tirishlar sunnati muakkadadir.
Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, ahli ayollari va as'hoblari bilan e’tikof o‘tirishni kanda qilmaganlar. Hatto ul zoti sharif umrlarining oxirgi yilida yigirma kun e’tikof o‘tirganlari naql qilingan. E’tikof esa ibodatlarga sho‘ng‘ish, Allohga astoydil bandalik qilish demakdir!
7) Ramazon Qur’on oyidir.
Qur’oni karimni o‘qish va o‘rganish oyidir. Qur’on o‘qishni ko‘paytirish, Qur’on darslarini ziyoda qilish bu oyda mustahabdir. Zotan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham Jabroil alayhissalom bilan Qur’on darslarini Ramazoni sharifda hammaning ko‘z o‘ngida qilar, ko‘paytirar edilar. O‘tgan salafi solihiyn, ota-bobolarimiz hatto madrasa darslarini, o‘zlarining ilmiy ishlarini Ramazonda to‘xtatib, faqatgina Qur’oni karim bilan shug‘ullanganlari ma’lum.
8) Ramazonda boshqa oylarda bo‘lmaydigan iftorliklar bor.
Bu xursandchilik, kattayu kichikning dili shod bo‘ladigan bir tadbirdir. “Kimki bir ro‘zadorni iftor qildirib, qornini to‘ydirsa, uning savobidan kamaytirilmasdan unga ham beriladi”, degan ma’nodagi hadisi sharif vorid bo‘lgan.
9) Ramazonda qilingan umra ibodati boshqa vaqtda qilinganidan savobi ortiqdir.
Ramazonda qilingan umra farz haj amali bilan tengligi aytilgan hadis ham bor.
Safvatullo Qayumov,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.