Alloh taolo karami keng, saxovati cheksiz Zotdir. U O‘z xazinasidan bandalariga har qancha in’om qilsa ham, undan hech bir narsa kamayib qolmaydi. Robbimiz bandalarini doimo saxovatli bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo muhsin bandalarini sevishini bayon etib, “Oli Imron” surasining 134-oyatida: “Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) kechiradiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”, deb marhamat qilgan bo‘lsa, shu suraning 92 – oyatida shunday marhamat qiladi: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”.
Mo‘min banda saxovat bilan rizqim kamayib qolmaydi, balki baraka kiradi, deb ishongan holda saxovat ko‘rsatishi shart. Chunki, Alloh taolo va rasuli (sallallohu alayhi va sallam)ning va’dalariga ishonadi. Alloh taolo aytadi: “Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39 oyat). Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam) esa: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, sadaqa bilan mol kamaymaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Qolaversa, saxovatning fazilati uning ko‘p yoki ozligi bilan belgilanmaydi. Boy sadaqa qilgan yuz ming so‘m pulning savobi bilan kambag‘al bergan ming so‘m pulning savobi bir xil bo‘lishi mumkin. Chunki har ikkisi o‘z imkoniyatidan kelib chiqyapti. Ehsonning savobi ixlos-e’tiqodga ko‘radir.
Hazrat Jobir (raziyallohu anhu) aytadilar: “Bizga Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) xutba qilib aytdilar: “Ey insonlar! O‘lishingizdan oldin Allohga tavba qilingiz, mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin yaxshi amallarni qilishga shoshilinglar, sizlarning va Rabbilaringizning orasidagi narsani (ya’ni, mag‘firatni) u zotni ko‘p zikr qilish bilan o‘zlaringizga vasila qilinglar! Oshkor va pinhon sadaqa berishni ko‘paytiringlar, shunda sizlar rizqlanasizlar, muzaffar bo‘lasizlar va quvvatlanasizlar” (Ibn Moja rivoyati).
Biz yaxshi bilishimiz kerakki, saxovat dunyoda ham baraka keltiradi, oxiratda ham ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi. Oyisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam: "Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxtdir, uning tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi" dedilar.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Bandalar tong ottirgan kun borki, unda ikki farishta tushib, ulardan biri: “Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin” deydi, ikkinchisi: “Allohim! Mumsikka (badnafs, baxilga) talafot bergin”, deydi”.
Saxovatpesha bo‘lish eng oliy fazilatdir. Zero, bandaning rizqiga baraka kirishi, ziyon-zahmatlardan omonda bo‘lishi va rizqining hamda umrining ziyoda bo‘lishida aynan uning o‘rni beqiyos. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Ey odam bolasi, ehson qil! Shunda Men ham senga ehson qilaman”, – deb marhamat qilgan. Demak, inson aslida yeganing emas, berganing seniki bo‘ladi. Chunki, qiyomat kunida Alloh sadaqa qilingan molning ajrini ziyoda qilib qaytaradi. Bermay o‘zi yegan mol-mulkni esa hisob kitobini qiladi”, degan aqidaga ko‘ra hayot kechirishi shart.
Abu Zarr G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eng afzal sadaqa haqida so‘rashdi. Shunda u zot: “Muhtojga maxfiy qilinganidir”, – dedilar va quyidagi oyatni o‘qidilar: “Sadaqalaringizni oshkora bersangiz, qandoq ham yaxshi. Agar kambag‘allarga pinhona bersangiz, o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”(Baqara surasi, 271 - oyat) (Imom Ahmad rivoyati).
Xayru saxovat insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat va oqibat rishtalarini bog‘lashga, o‘zaro hurmat va totuvlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qilinadigan xayru ehsonning ko‘pi va ozida chegara yo‘q. Bor boricha, yo‘q holicha ehson qilsa, uning himmatiga yarasha Yaratgan o‘z xazinasidan ajr-mukofot ato etadi. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “O‘zlaringiz va o‘liklaringiz uchun bir qultum suv bilan bo‘lsa ham sadaqa qilinglar! Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, Allohning Kitobidan bo‘lgan bir oyat bilan, ya’ni, uni o‘qinglar, unga amal qilinglar, boshqalarga ham yetkazinglar. Bas, agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz, rahmat va mag‘firat so‘rab, Allohga duo qilinglar! Chunki U zot duoni ijobat qilishga va’da bergandir”.
Saxiylik — hammaga ma’lumki, xasislik illatining aksi, aniqrog‘i, kishining o‘zida borini birovdan ayamasligiga asoslangan fazilat. Zubayr ibn Avvom rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Ey Zubayr! Alloh taolo aytadi: “Infoq-ehson qilsang, Men ham senga ehson qilaman; bersang, Men ham senga beraman; qissang, Men ham senga qisaman. Tilantirsang (yalintirsang), Men ham seni tilantiraman (yalintiraman). Rizq eshigi yetti osmondan Arshga qadar ochiqdir, kechayu kunduz yopilmaydi”. Alloh taolo rizqni har bir kishiga uning niyati, bergan hadyasi, sadaqasi va infoq-ehsoniga yarasha tushiradi, kim ko‘paytirsa, ko‘paytiradi, kim ozaytirsa, ozaytiradi, kim qissa, qisadi. Ey Zubayr, yeb-ich va boshqalarni ham yedirib-ichir... Alloh taolo infoqni yaxshi ko‘radi, xasislikni yomon ko‘radi. Saxovat aniq ishonchdan, baxillik gumon (ishonchsizlik)dan bo‘ladi, ishonchi komil (imonli) odam do‘zaxga kirmaydi, gumon qilgan esa jannatga kirmaydi. Ey Zubayr, Alloh taolo saxiylik qilishni, bir bo‘lak xurmo bilan bo‘lsa ham saxovat ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi...” (Hakim Termiziy, “Navodirul usul”).
Totuvlikning asosiy omillaridan biri saxiylikdir. Kimgadir muruvvat ko‘rsatish, shu yo‘l bilan savob olish insoniylikning bosh mezonlaridandir. Haqiqiy obro‘ uchun boylik asos bo‘lolmaydi. Aksincha, insonning martabasini saxiylik ulug‘ qiladi, oxiratda yuqori darajaga yetishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bunday insonlarning gunohlarini kechishi hadisda aytilgan. Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam)ning hadislaridan birida aytiladi: “Kimki bir mo‘minni shu dunyodagi biror tashvishidan xalos etsa, Alloh uni oxiratdagi tashvishlaridan xalos etadi. Kimki bechorahol kishiga yordam bersa, Alloh unga ikki dunyoda yordam beradi. Kimki bir mo‘minning aybini yopsa, Alloh uning ikki dunyodagi ayblarini yopadi. Banda birovning yordami uchun harakat qilar ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘laveradi” (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).
Shu o‘rinda saxovat ko‘rsatishning shu dunyodagi foydalari nihoyatda ko‘p bo‘lishligi bilan birga biz ulardan ba’zilarini misol tariqasida keltirib o‘tamiz: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Albatta, sadaqa Parvardigorning g‘azabini o‘chiradi va yomon o‘limni daf qiladi”, − deganlar.
Ibn Abu Ja’d: “Sadaqa yetmishta yomonlik eshiklarini yopadi. Oshkor sadaqadan ko‘ra maxfiysi yana yetmish marta ziyodadir”, – degan.
Odatda saxiylikni ko‘proq badavlat odamlardan kutamiz. Aslida, har birimizning qurbimiz yetganicha, imkoniyat darajasida saxovat ko‘rsatishimiz - bizning insoniy burchimizdir.
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Qorayev Muhammadi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi