Iftorni tezlatish deyilganda iftor vaqti kirgandan so‘ng bir necha dona xurmo va suv bilan bo‘lsa ham og‘iz ochib olish tushuniladi. Saharlikni kechiktirish degan esa, saharlikni tunning oxirgi vaqtiga, tong otishiga yaqin vaqtgacha kechiktirish nazarda tutilgan.
Iftorni tezlatish va saharlikni kechiktirish to‘g‘risida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bir qancha hadislar naql qilingan. Bu hadislarning ba’zilarida ushbu amalga buyurilgan bo‘lsa, boshqalarida uning fazilati, savobi ulug‘ligi, ba’zilarida undagi hikmatlar bayon etilgan. Jumladan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar:
“Agar tun bu yoqdan yaqinlashsa, kunduzi u yoqqa qayta boshlasa, ro‘zador og‘zini ochadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati);
“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namoz o‘qishlaridan oldin bir necha dona ho‘l xurmo bilan, agar ho‘l xurmo bo‘lmasa, bir necha quruq xurmo bilan, agar quruq xurmo ham bo‘lmasa, bir necha ho‘plam suv bilan og‘iz ochar edilar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
“U zot (sollallohu alayhi va sallam) bir qultum suv bilan bo‘lsa ham og‘izlarini ochmagunlaricha shom namozini o‘qimas edilar” (Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan).
“Ummatim modomiki, iftorni tezlatar ekanlar, yaxshilikda bardavom bo‘ladilar” (Imom Ahmad rivoyati);
“Iftorni tezlatinglar va saharlikni kechiktiring” (Tabaroniy rivoyati);
“Uch narsa payg‘ambarlar axloqidandir: iftorni tezlatish, saharlikni kechiktirish va namozda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yish” (Tabaroniy rivoyati).
Ushbu hadislar ko‘pchilik e’tiboridan chetda qolgan iftorni tezlatish, saharlikni imkon boricha kechiktirish amalining ahamiyatiga ochiq-oydin dalolat qiladi. Bu ishda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish, u zotning buyruqlariga itoat bordir. Shu kabi ishlar bilan musulmon Allohning muhabbatiga erishadi. Alloh taolo aytadi: “Ayting (ey Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi” (Oli Imron, 31).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Alloh taolo aytdi: “Menga bandalarimning eng suyuklisi iftorni tez qiladiganlaridir” (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) saharlikning muborak ekani, unda baraka borligini aytganlar. Bu baraka keng qamrovlidir: taomdagi baraka, amalning o‘zidagi baraka, vaqtdagi barakani o‘z ichiga oladi. Shu bois, ro‘zador bu amalni kanda qilmasligi, g‘animat bilishi lozim.
Bundan tashqari, sahar vaqti fazilatli, barakali vaqtlardandir. Alloh taolo bu vaqtda istig‘for aytuvchilarni maqtagan, bu vaqtda duo qiluvchilarni ijobat etishini, so‘rovchilarga so‘raganlarini berishini va’da qilgan.
Iftorni tezlatish va saharlikni kechiktirish odamlar orasida yaxshilikning bardavom bo‘lishi omillaridandir. Shuningdek, bunda tanani baquvvat qilish, zaiflikni, dangasalikni ketkazish bordir.
Jamshid SHODIYEV
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV