Har lahzasi rahmat, barakot va mag‘firat nurlariga cho‘mgan muborak kunlardamiz. Ramazon — haqiqiy mo‘min-musulmon uchun o‘ttiz kunlik bayram. Yoshi katta birodarlarimiz hol-ahvol so‘rashayotib “Ulug‘ ayyomlaringiz muborak bo‘lsin!” deb qutlaydilar. Shu qutlovdan ham Ramazon oyining qadr-qiymati va mas’uliyatini anglash qiyin emas. Shukrki, yildan yilga ro‘zadorlar, ibodatga kirishayotganlar karvoni ortib bormoqda. Ayniqsa, ro‘za ibodatining tobora yosharib borayotgani, ro‘zadorlar safida yoshlar, hatto yosh bolalarning ko‘pligidan ko‘ngilu ko‘z quvnaydi. Shu o‘rinda haqli mulohaza o‘rtaga chiqadi: ro‘za ibodatiga kirishayotgan har bir mo‘min bu ibodatning mazmun-mohiyati va mas’uliyatini anglab yetayotirmi? Ro‘za xolis Alloh uchun, ruh va badan tarbiyasi, gunohlardan tiyilish va poklanish uchun farz qilingan ibodat ekanligini bilamizmi?
Ne’matlar shukrini anglatguvchi ibodat
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”. (“Baqara” surasi, 183-oyat). Shuningdek: “Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, oyati ham Ramazon ro‘zasining farzligiga dalildir.
Abu Imoma al-Bohiliy roziyallohu anhu aytadilar: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Hajjatul Vado’dagi xutbada shunday deganlarini eshitganman: “Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozingizni o‘qing, bir oy ro‘zangizni tuting, mollaringizni zakotini bering, amirlaringizga itoat qiling, Rabbingizning jannatiga doxil bo‘lasizlar” (Termiziy rivoyati).
Demak, ro‘za ne’matga shukr keltirish uchun vasiladir. Chunki, ro‘za ne’matlarning ichida eng qadrlisi va zaruri bo‘lmish yeyish, ichish va jimo’ qilishdan nafsni tiyish bo‘lib, ma’lum vaqt o‘zini bu ne’matlardan tiygan kishi uning qadriga yeta boshlaydi. Zero, ne’matning qadri undan bebahra bo‘lgandagina bilinadi. Bu esa, kishini ne’matga shukr qilishiga sabab bo‘ladi. Ne’matga shukr qilish ham aqlan va ham shar’an farzdir.
Ruhiy va jismoniy poklanish
Ro‘za banda va Rabbining o‘rtasidagi xos ibodatdir. Alloh taolo ro‘zaga ajr berish yolg‘iz O‘ziga taalluqli ekanini aytdi, ya’ni: “Ro‘za Mening uchundir. Mukofotini o‘zim beraman”. Chunki ro‘za boshqa ibodatlar kabi inson ko‘zi tushadigan, barcha xabardor bo‘ladigan amal emas. Uni Allohdan boshqa hech kim ko‘ra olmaydi. Shu sabab Alloh taolo bu amalning mukofoti yolg‘iz o‘ziga taalluqli ekanining xabarini berdi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir narsaning zakoti bor, jasadning zakoti ro‘zadir”. Ma’lumki, zakotning ma’nosi tozalash demakdir. Demak, ro‘za tufayli kishi jasadini undagi ortiqcha va zararli moddalardan tozalasa, axloqini zararli odat va xulqlardan tozalab oladi. Chunki, a’zolarni gunoh ishlarni qilishdan tiyish ro‘zaning maqbul bo‘lishining asosiy shartlaridandir.
Kim ro‘zador?
– Ro‘zador, tana a’zolarini gunohdan tiygan kishi.
– Tilini yolg‘on, fahsh va soxta narsalardan saqlagan kishi.
– Qornini ovqat va ichimliklardan, farji (jinsiy a’zosi)ni jinsiy qovushishdan saqlagan kishi.
– Agar gapirsa, ro‘zasiga jarohat yetkazadigan so‘zni so‘zlamaydi.
– Agar biror ishni bajarsa, ro‘zasini buzadigan ishni bajarmaydi.
– So‘zlarining barchasi manfaatli va yaroqli bo‘ladi.
– Shuningdek, bajargan barcha ishidan shunday bir hid taralsinki, suhbatdoshi uning hididan bahramand bo‘lsin.
– Ro‘zador bilan kim birga o‘tirsa, uning suhbatidan manfaat olsin.
– O‘tirgan kishi soxta, yolg‘on, buzuqlik va zulmdan omonda bo‘lsin.
– Mana shu faqat ovqat va ichimlikni o‘zidangina tiyilinmagan haqiqiy ro‘zadir.
– Ro‘za a’zolarni gunohdan tiyilishidir.
– Qorin ovqat va ichimlikdan tiyilishidir.
– Ovqat va ichimlik ro‘zani ochib, buzgani kabi gunohlar ham uning savobidan mahrum qilib, mevasini aynitadi. Oqibatda ro‘za tutmaganlar qatoriga qo‘shib qo‘yadi.
Salomatlik uchun foydalari
Tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi ma’lum bo‘ldi. Masalan;
- ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytiradi;
- ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi;
- ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi;
- ro‘za inson jismini va uni to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zaharli moddalarni tozalashga yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zaharli moddalar kirib qoladi. Ana shu moddalar faqat ro‘za orqali chiqib ketadi.
Shuningdek;
- semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarning torayishi, qon bosimining ortishi va yurak kasalliklarini davolashda;
- qon aylanishiga oid kasalliklarni davolashda;
- bo‘g‘inlarning surunkali shishini davolashda foydaliligi aniqlangan.
***
Shaharda ijarada yashaydigan singlisi oylik maoshining yarmidan ko‘pini ijara haqiga to‘lab, bolalariga tansiq yegulik yedirolmaydi. Aka otasining xotirasiga iftorlik qilib, dasturxonni noz-ne’matlar bilan to‘ldirdi. Yo‘l kiraga pul topolmay otasining xotirasi uchun qilingan ehsonga bora olmagani uchun singlisidan yozg‘irib, ranjidi...
***
“Falonchining o‘g‘illari har yozda onasini sanatoriyada davolanishga jo‘natar ekan. Menga o‘xshab oyoqlari og‘rirdi, “Bolalarim baraka topishsin, sanatoriyaga ketma- ket uch yil davolangandim, ko‘rmaganday bo‘lib ketdim” dedi. Qaniydi, men ham shu darddan xalos bo‘lsam-a...” deydi ona boyaqish o‘g‘lining og‘ziga umidvor termulib. O‘g‘ilning quloqlariga gap kirmaydi; iftorlik dasturxoni yozib, unga nomdor ahli ilmlarni da’vat qilish harakatida yuribdi...
***
Qo‘shnisi jo‘jabirdek jon. To‘rt bola, er-xotin kaftdekkina tomorqadan oladigan daromadu, uch-to‘rt qo‘y-qo‘zi, sigir-buzoq boqib tirikchilik qiladi. Ayol saraton xastaligi bilan og‘rigan. Dori-darmoni, kimyoviy muolajasi falon pul. Boyaqish bolalarini o‘ylab har doim ham davolanishga pul ajratolmaydi. Badavlat qo‘shni ro‘zador. Bir necha marta iftorliklar uyushtirdi. Savob izladi. Aslida unga mushtoq savob bir devor narida edi...
Luqma
Biz qanday ro‘zadormiz?
Imkon qadar ro‘zaning ma’naviy-moddiy foydalari haqida ma’lumotlar berishga harakat qildik. Endi o‘zimizni bir taftish qilsak, zamondosh. Biz qanday ro‘zadormiz? Niyatimiz va amalimiz bilan ibodatimizga futur yetkazib qo‘ymayapmizmi? Ro‘zani xolis Alloh uchun, Uning mukofotidan umid qilib tutyapmizmi? O‘rganib qolgan tilimiz g‘iybatga ketib ochu tashnalik bilan kunni o‘tkazmayapmizmi? Uyqusizlik, ochlik va chanqoqlik mashaqqati sababli qosh-qovog‘imizni o‘yib, badjahl, horg‘in holatda yurib ro‘zaga iddao qilmayapmizmi? Muborak Ramazon oyida tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda, ijtimoiy tarmoqlarda muloqotda bo‘lganimizda bir-birimizdan “Ro‘zalar bilan charchamayapsizmi?” deb hol so‘raymiz. Ramazonga, ro‘zaga malomat qilinayotgandek emasmikan bu mehribonchiligimiz? Iftorlik qilish iddaosi bilan bolalarimizning rizqidan qiymayapmizmi? Savobni uzoqdan izlab, shundoq yonginamizda turgan ikki dunyoimizni obod qilishga yetgulik savobdan bebahra qolmayapmizmi? Har kuni saharlikda “Xolis Alloh uchun Ramazon oyi ro‘zasini subhdan to kun botgungacha tutmoqni niyat qildim. Alloh Buyukdir!” deya tilda niyat qilib, amalimiz bilan uni inkor qilmayapmizmi? Ro‘za ibodatini urf, parhez va yana allaqanday “avtoritet”lar uchun tutishga o‘zimizni majburlamayapmizmi? Mulohaza qiling, zamondosh, ro‘zadan maqsad — taqvo. Ochu yalang‘ochlar, muhtoju miskinlar holini his etish bilan ne’matlarga shukrona aytish va iymon lazzati, ibodat halovatidan bahramandlik bilan Allohga yaqin bo‘lishdir ro‘zaning asl mohiyati. Biz uni qanday tushunyapmiz va nechog‘li ado eta olyapmiz?
Qalbi va Rabbining huzurida yuzi yorug‘larga Ramazon halovati bardavom bo‘lsin! Ro‘zaning iymoniy lazzati ikki dunyoda sizni tark etmasin!
Umida ADIZOVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi