Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Arab mamlakatlarida Ramazon tarovati

16.05.2019   38635   7 min.
Arab mamlakatlarida Ramazon tarovati

Mana bir yil intiqib kutganimiz Ramazon oyining ham birinchi o‘n kunligi o‘z nihoyasiga yetdi. Sharofatidan ruhlar orom oladigan, qalblar taskin topadigan, gunohu ma’siyatlar kamayib, shaytonlar zanjirband qilinadigan bu muqaddas oyni butun musulmon olami zavqu shavq bilan kutib olishi sir emas. Quyida ayrim Arab mamlakatlarida bu muborak oy qanday kutib olinishini keltirib o‘tamiz:

Madinai Munavvarada Ramazoni sharif

 

 

Madinai Munavvara ahlining yoshu qarisi bu muborak oyni qalblari mushtoq bo‘lib kutib olishadi. Ramazon haqida madinalik bir kishi bunday deydi: “Ramazon ham ruhiy, ham diniy bayram hisoblanadi. Ya’ni bu farz ibodat oldinlari qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ham o‘shanday kutib olinadi. Ilgari oilalarimiz sha’bon oyida bir necha kunga Madina atrofidagi bog‘ va dalalarga ketishar edi. Baroat kechasida esa bolalar mahallalarni to‘ldirib, nashidlar aytib, aholiga bu kechaning kirib kelganing xabarini yetkazar va turli sovg‘a-salomlar olishardi. Bu sovg‘alar asosan holva, qand, pul va hokazo narsalar bo‘lar edi. Shu tarzda yana Ramazonning birinchi va o‘n beshinchi kechalari ham Madina ko‘chalarida ramazonga atalgan, an’ana bo‘lib kelayotgan qo‘shiqlarni aytib yurishardi. Bu oyning birinchi iftori yoki saharligi, avvalo oilaning kattalari – ota-ona xonadonida qilinardi. Ramazon oyida qarindosh-urug‘lar bir-birlarini uylariga taklif qilishar, bu go‘zal an’ana qo‘shnilar orasida ham kuzatilardi.  Dasturxonlarda turli nozu-ne’matlardan birinchi bo‘lib xurmo, sho‘rva, sabzavotli ovqatlar va meva-chevalar tortilar edi. Shuningdek, ayollar o‘zlari pishirgan taomlardan  farzandlari orqali qo‘shnilariga tarqatishardi”. 

Qohira shahrida  Ramazoni sharif

 

 

Qohirada Ramazonga aloqador bo‘lgan voqea va hodisalardan biri “Ramazon fonusi”  hodisasidir.  Bu hodisa Fotimiylar xalifasi Mu’iz Lidinillah davrida yuz bergan.  Mu’iz Milodiy 973  yil ramazoni sharifning 15-kechasida  Qohiraga kirib borar ekan, Qohira ahli uni uzun saf tortib kutib olishga chiqishadi. O‘sha paytda ular uni qo‘llarida mash’alalar va mayoqlar ko‘tarib, she’rlar aytib kutib olishgani qohiraliklarning bugungacha eslaridan chiqmaydigan voqeadir.  Asrlar osha Qohira ahli bu mayoqlardan masjidga borish uchun, qarindosh-urug‘larini ziyorat qilishda foydalanishar edi. Bu mayoqlar juda ham qulay edi, buni yosh bolalar ko‘tarib shahar ko‘chalarini yoritib yurishar edi. Buning evaziga insonlar u bolalarga hadya ulashardi.

Shu yo‘sinda “Ramazon fonusi” hodisasi takrorlanib-takrorlanib odat tusiga kirib qoldi. Yosh bolalar ko‘targan bu yoritgich mayoqlardan masjidga borishda, ro‘zadorlarga ishorat berishda foydalanila boshlandi. Bu mayoqlar saharda yonsa, saharlik vaqtini, kechqurun o‘chirilsa esa xufton namoziga ishorat berar edi. Bu mayoqning Misrda qo‘llanilishi, “Al-Azhar” universiteti bino qilinishidan 6 oy oldin boshlangan ekan. Bu milodiy 973 yil (hijriy 362) ya’ni bundan 1041 yil oldingi vaqtga to‘g‘ri keladi.

Birlashgan Arab Amirliklarida Ramazoni sharif

 

 

Birlashgan Arab Amirliklarida turli millat vakillari yashaydi. Dunyo bozori atalmish Dubay shahrida Ramazon ham diniy, ham madaniy voqeadir. Aynan shu kunlarda xorijliklarning BAAning mahalliy madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Ro‘za shukuhi hamma maishiy maskanlarda sezilib turadi. Badiiy galereyalarda diniy mavzuga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar namoyish etiladi. Markazlarda Islom madaniyati va urf-odatlari haqida ma’ruzalar eshittiriladi. Bolalar uchun ko‘ngilochdi tadbirlar o‘tkaziladi. Barcha ko‘chalar va binolar turli rangga bo‘yaladi. Ro‘zada har kuni shom kirishi bilan mushaklar otiladi. Yirik gipermarketlarda barcha mahsulotlar narxi  arzonlashtiriladi.

 

Jazoirdagi Ramazoni sharif

 

 

Jazoirda ham musulmonlar ramazonga ataylab, o‘zgacha tarzda hozirlik ko‘radilar. Jumladan, uy sohibi oilasiga ramazon oyi oxiriga qadar yetgulik ehtiyojlarni ramazondan oldin ta’minlab qo‘yadi. Aholi sha’bon oyining 29-kuni birgalashib, “Ro‘yatul Hilal” - “Yangi Ramazon oyi” ni ko‘rishga chiqishadi. Hukumat ham ramazonning kirib kelganini e’lon qilib, aholini bu muqaddas oy bilan tabriklaydi. Odamlar bir-birlarini muborakbod etib qutlashadi. Jazoirliklar ramazonni kelib ketadigan aziz mehmondek hurmat qilishadi. Uy bekalari kelinning xonasini tayyorlagandek uylarini orasta qilib qo‘yishadi. Bolalar ham mohi ramazonning kelishini intizorlik bilan kutishadi. Bolalar har bir xalqda bo‘lgani she’rlar, qo‘shiqlarni aytishni boshlab yuborishadi. Jazoirliklar asosan sut va hurmo bilan og‘izlarini ochgach, masjidlarga borib shom namozini o‘qib bo‘lishgach uylariga qaytib ovqatlanishadi.  Bu oyda boy badavlat insonlarning bechorahol kishilarga yordam ko‘rsatishi ortadi.

 

Marokashdagi Ramazoni sharif

 

 

Marokash xalqi ham bu muborak oyni chiroyli bir ko‘rinishda qarshilab, uni chiroyli qilib kuzatib qo‘yishadi. Bu oyda ro‘za va namoz ibodatlariga o‘zgacha rioya qilishar, xalq bir-biriga  hurmat va izzatda bo‘lib do‘stlik aloqalarni mustahkamlaydilar. Bundan tashqari, uy-joylar saramjonligi-yu ozodaligi, ko‘cha va xiyobonlardagi daraxtlarni oqlash va boshqa bo‘yoq ishlari, yangi liboslar sotib olish – bular barchasi ramazonga hurmatning, unga tayyorgarlikning yorqin belgisidir.

Ramazon hiloli ko‘rinishi bilan bu muqaddas oyni 21 ta zambarakdan o‘q otishib qarshilab olishadi. Aholidan, asosan yosh bolalar uylarining tomlariga chiqishib ramazonga atab qo‘yishgan, ramazon ishqida aytiladigan turli xil she’rlar, nashidlar, misralarni ovozlarining boricha aytishadi. Ramazon ovqatlaridan asosan harira sho‘rvasi, haris, kus-kus va boshqa turdagi shirindan shakar ovqatlar tortiq qilinadi. Ichimliklardan esa ko‘pincha choy ichiladi.

 

Tunisdagi Ramazoni sharif

 

Tunisda Ramazonga tayyorgarlik sha’bon oyining oxiridan boshlanadi. Aholi yong‘oq, magiz, turshak va boshqa shirinliklar g‘amlab qo‘yishadi. Ro‘zada tun bo‘yi do‘konlar va oshxonalar ishlab, kunduz kuni dam olgani bois, bozorlikni kechasi qilishadi. Tunisda iftorlik suv va yengil ovqatlanish bilan kifoyalanadi. Asosiy ziyofat erkaklar tarovih namozidan qaytishlariga barcha nozi-ne’matlar tayyorlanadi. Iftorni oila a’zolari davrasida o‘tkazish urf bo‘lib qolgan. Iftor shirindan-shakar karkade ichimligisiz va mashhur fattush yeguligisiz o‘tmas. Fattush – ko‘kat, pomidor, bodring, rediska, limon, zaytun yog‘i va qotgan non aralashmasidan iborat salatdir. Shuningdek, bug‘doydan tayyorlanadigan tabull va ko‘k somsa ham keng iste’mol qilinadi. Kanafa, qataif va boshqa shirinliklar tarovih namozidan so‘ng tortiladi. 

 

                                                                                       

Internet materiallari asosida

 Ilyosxon AHMЕDOV

tayyorladi.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Alloh naqadar buyuk Zot!

25.12.2024   7215   1 min.
Alloh naqadar buyuk Zot!

Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:

وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).

 وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا  إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)


"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).

Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!

Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV