Mana bir yil intiqib kutganimiz Ramazon oyining ham birinchi o‘n kunligi o‘z nihoyasiga yetdi. Sharofatidan ruhlar orom oladigan, qalblar taskin topadigan, gunohu ma’siyatlar kamayib, shaytonlar zanjirband qilinadigan bu muqaddas oyni butun musulmon olami zavqu shavq bilan kutib olishi sir emas. Quyida ayrim Arab mamlakatlarida bu muborak oy qanday kutib olinishini keltirib o‘tamiz:
Madinai Munavvarada Ramazoni sharif
Madinai Munavvara ahlining yoshu qarisi bu muborak oyni qalblari mushtoq bo‘lib kutib olishadi. Ramazon haqida madinalik bir kishi bunday deydi: “Ramazon ham ruhiy, ham diniy bayram hisoblanadi. Ya’ni bu farz ibodat oldinlari qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ham o‘shanday kutib olinadi. Ilgari oilalarimiz sha’bon oyida bir necha kunga Madina atrofidagi bog‘ va dalalarga ketishar edi. Baroat kechasida esa bolalar mahallalarni to‘ldirib, nashidlar aytib, aholiga bu kechaning kirib kelganing xabarini yetkazar va turli sovg‘a-salomlar olishardi. Bu sovg‘alar asosan holva, qand, pul va hokazo narsalar bo‘lar edi. Shu tarzda yana Ramazonning birinchi va o‘n beshinchi kechalari ham Madina ko‘chalarida ramazonga atalgan, an’ana bo‘lib kelayotgan qo‘shiqlarni aytib yurishardi. Bu oyning birinchi iftori yoki saharligi, avvalo oilaning kattalari – ota-ona xonadonida qilinardi. Ramazon oyida qarindosh-urug‘lar bir-birlarini uylariga taklif qilishar, bu go‘zal an’ana qo‘shnilar orasida ham kuzatilardi. Dasturxonlarda turli nozu-ne’matlardan birinchi bo‘lib xurmo, sho‘rva, sabzavotli ovqatlar va meva-chevalar tortilar edi. Shuningdek, ayollar o‘zlari pishirgan taomlardan farzandlari orqali qo‘shnilariga tarqatishardi”.
Qohira shahrida Ramazoni sharif
Qohirada Ramazonga aloqador bo‘lgan voqea va hodisalardan biri “Ramazon fonusi” hodisasidir. Bu hodisa Fotimiylar xalifasi Mu’iz Lidinillah davrida yuz bergan. Mu’iz Milodiy 973 yil ramazoni sharifning 15-kechasida Qohiraga kirib borar ekan, Qohira ahli uni uzun saf tortib kutib olishga chiqishadi. O‘sha paytda ular uni qo‘llarida mash’alalar va mayoqlar ko‘tarib, she’rlar aytib kutib olishgani qohiraliklarning bugungacha eslaridan chiqmaydigan voqeadir. Asrlar osha Qohira ahli bu mayoqlardan masjidga borish uchun, qarindosh-urug‘larini ziyorat qilishda foydalanishar edi. Bu mayoqlar juda ham qulay edi, buni yosh bolalar ko‘tarib shahar ko‘chalarini yoritib yurishar edi. Buning evaziga insonlar u bolalarga hadya ulashardi.
Shu yo‘sinda “Ramazon fonusi” hodisasi takrorlanib-takrorlanib odat tusiga kirib qoldi. Yosh bolalar ko‘targan bu yoritgich mayoqlardan masjidga borishda, ro‘zadorlarga ishorat berishda foydalanila boshlandi. Bu mayoqlar saharda yonsa, saharlik vaqtini, kechqurun o‘chirilsa esa xufton namoziga ishorat berar edi. Bu mayoqning Misrda qo‘llanilishi, “Al-Azhar” universiteti bino qilinishidan 6 oy oldin boshlangan ekan. Bu milodiy 973 yil (hijriy 362) ya’ni bundan 1041 yil oldingi vaqtga to‘g‘ri keladi.
Birlashgan Arab Amirliklarida Ramazoni sharif
Birlashgan Arab Amirliklarida turli millat vakillari yashaydi. Dunyo bozori atalmish Dubay shahrida Ramazon ham diniy, ham madaniy voqeadir. Aynan shu kunlarda xorijliklarning BAAning mahalliy madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortadi. Ro‘za shukuhi hamma maishiy maskanlarda sezilib turadi. Badiiy galereyalarda diniy mavzuga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar namoyish etiladi. Markazlarda Islom madaniyati va urf-odatlari haqida ma’ruzalar eshittiriladi. Bolalar uchun ko‘ngilochdi tadbirlar o‘tkaziladi. Barcha ko‘chalar va binolar turli rangga bo‘yaladi. Ro‘zada har kuni shom kirishi bilan mushaklar otiladi. Yirik gipermarketlarda barcha mahsulotlar narxi arzonlashtiriladi.
Jazoirdagi Ramazoni sharif
Jazoirda ham musulmonlar ramazonga ataylab, o‘zgacha tarzda hozirlik ko‘radilar. Jumladan, uy sohibi oilasiga ramazon oyi oxiriga qadar yetgulik ehtiyojlarni ramazondan oldin ta’minlab qo‘yadi. Aholi sha’bon oyining 29-kuni birgalashib, “Ro‘yatul Hilal” - “Yangi Ramazon oyi” ni ko‘rishga chiqishadi. Hukumat ham ramazonning kirib kelganini e’lon qilib, aholini bu muqaddas oy bilan tabriklaydi. Odamlar bir-birlarini muborakbod etib qutlashadi. Jazoirliklar ramazonni kelib ketadigan aziz mehmondek hurmat qilishadi. Uy bekalari kelinning xonasini tayyorlagandek uylarini orasta qilib qo‘yishadi. Bolalar ham mohi ramazonning kelishini intizorlik bilan kutishadi. Bolalar har bir xalqda bo‘lgani she’rlar, qo‘shiqlarni aytishni boshlab yuborishadi. Jazoirliklar asosan sut va hurmo bilan og‘izlarini ochgach, masjidlarga borib shom namozini o‘qib bo‘lishgach uylariga qaytib ovqatlanishadi. Bu oyda boy badavlat insonlarning bechorahol kishilarga yordam ko‘rsatishi ortadi.
Marokashdagi Ramazoni sharif
Marokash xalqi ham bu muborak oyni chiroyli bir ko‘rinishda qarshilab, uni chiroyli qilib kuzatib qo‘yishadi. Bu oyda ro‘za va namoz ibodatlariga o‘zgacha rioya qilishar, xalq bir-biriga hurmat va izzatda bo‘lib do‘stlik aloqalarni mustahkamlaydilar. Bundan tashqari, uy-joylar saramjonligi-yu ozodaligi, ko‘cha va xiyobonlardagi daraxtlarni oqlash va boshqa bo‘yoq ishlari, yangi liboslar sotib olish – bular barchasi ramazonga hurmatning, unga tayyorgarlikning yorqin belgisidir.
Ramazon hiloli ko‘rinishi bilan bu muqaddas oyni 21 ta zambarakdan o‘q otishib qarshilab olishadi. Aholidan, asosan yosh bolalar uylarining tomlariga chiqishib ramazonga atab qo‘yishgan, ramazon ishqida aytiladigan turli xil she’rlar, nashidlar, misralarni ovozlarining boricha aytishadi. Ramazon ovqatlaridan asosan harira sho‘rvasi, haris, kus-kus va boshqa turdagi shirindan shakar ovqatlar tortiq qilinadi. Ichimliklardan esa ko‘pincha choy ichiladi.
Tunisdagi Ramazoni sharif
Tunisda Ramazonga tayyorgarlik sha’bon oyining oxiridan boshlanadi. Aholi yong‘oq, magiz, turshak va boshqa shirinliklar g‘amlab qo‘yishadi. Ro‘zada tun bo‘yi do‘konlar va oshxonalar ishlab, kunduz kuni dam olgani bois, bozorlikni kechasi qilishadi. Tunisda iftorlik suv va yengil ovqatlanish bilan kifoyalanadi. Asosiy ziyofat erkaklar tarovih namozidan qaytishlariga barcha nozi-ne’matlar tayyorlanadi. Iftorni oila a’zolari davrasida o‘tkazish urf bo‘lib qolgan. Iftor shirindan-shakar karkade ichimligisiz va mashhur fattush yeguligisiz o‘tmas. Fattush – ko‘kat, pomidor, bodring, rediska, limon, zaytun yog‘i va qotgan non aralashmasidan iborat salatdir. Shuningdek, bug‘doydan tayyorlanadigan tabull va ko‘k somsa ham keng iste’mol qilinadi. Kanafa, qataif va boshqa shirinliklar tarovih namozidan so‘ng tortiladi.
Internet materiallari asosida
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.