Yaxshi kelding, ey sharofatli aziz mehmonimiz,
Intizor erdi yo‘lingda diydai giryonimiz,
Ey ko‘ngillar istagi, mahbubimiz, jononimiz,
O‘rtanur shavqing bila bu siynai so‘zonimiz,
Tiyra kulbamiz yorutding, ey mahi tobonimiz.
Jilvalar aylab saodat burjida, ey navnihol,
Yuz ochib, qilding namoyon nozaninlardek jamol,
Barqaror o‘lg‘il kamolot avjida ko‘rmay zavol,
Xush kelibsan, ketmag‘il, to umrimiz boricha qol,
Kechsin emdi sen bila qolgan hayoti fonimiz.
Dilhazinlarni quduming shodu xandon ayladi,
Kechamizni partavi mohing charog‘on ayladi,
Har sahar subhing nasimi anjumafshon[i] ayladi,
Sen tufayli Tangri ne’matlar farovon ayladi,
Hayri barkat kelganing mohi sharif ramadonimiz.
Qaysi bir madhing raqam qilgay sening, ey yaxshi zot,
Ulki mo‘min bahravar sendin hayotu ham mamot,
Ey karambaxshu saxolik, boisi xayru zakot,
Topg‘usi bechoralar sen birla tanglikdin najot,
Xayri maqdam, ey fazilatli mahi g‘ufronimiz.
Ta’rixi hijratga o‘tgach ikki yil ul biru bor,
Bandalarga ro‘za tutmoq amrin etdi oshkor,
Ehtirom ila tuting odobini, ey ro‘zador,
Koni xislat, xosiyatbaxshu mahi rahmatnisor,
Bir ulug‘ ne’matki, bizga tuhfai rahmonimiz.
Assalom, ey mohi oliy, xush kelibsan, marhabo,
Ey g‘ubori xoki poying diydalarga to‘tiyo,
Qilmadik shoyista amring, tutmadik sharting bajo,
Bo‘lg‘umiz afv etmasang, sharmandai yavmil-jazo,
Ul kuni so‘rganda bizdin adl ila sultonimiz.
Haq taolo bizga ko‘p lutfu inoyat ayladi,
Sen kabi bir mohi rahmatni karomat ayladi,
Xolisanlilloh agar kim senga xizmat ayladi,
Oni Tangrim loyiqi diydoru jannat ayladi,
Illati jurmu gunahlar dardiga darmonimiz.
Jumla oylardin fazilatli, muborak nomsan,
Benavolarga saxovatli ulug‘ ayyomsan,
Soim[ii] ahlini ziyofat qilg‘uchi har shom san,
Rahmatidin Jabraildek qosidi payg‘omsan,
Xayrxohu jurmpo‘shu[iii] pardai nuqsonimiz.
Mushkbo‘yi fayzi subhingdin muattardur dimog‘,
Ro‘shnoyi laylatil-qadringda yulduzlar chirog‘,
G‘aflat ahli uyquda bebahra, kunduz kun sinog‘,
Yaxshilar bedor o‘lib, tunlar farog‘atdin yirog‘,
Aylashib xatmu tilovat hofizi qur’onimiz.
Ey mahi ashraf[iv], fazilat senda behad bordur,
Ham savobing behisobu hikmating bisyordur,
Susti hozim[v], za’fi me’da birla kim bemordur,
Hikmating bu dardu illatga shifo izhordur,
Har marizu[vi] har tani bemora sen Luqmonimiz.
Bizni, yo Rab, yaxshilarning zumrasiga qil vusul,
Jurmimizni mag‘firat qil, ayla rahmatga duxul,
Aybu nuqson birla tutgan ro‘zamizni qil qabul,
Bu Suhayliy osiyning sendin mudom ummidi shul,
Vaqti rihlatda salomat aylagil iymonimiz.
[i] anjumafshon — yulduz sochuvchi, nur sochuvchi
[ii] soim – ro‘zador
[iii] jurmpo‘sh – ayblarni yopguvchi
[iv] ashraf – eng ulug‘
[v] susti hozim – hazm tizimining buzilishi
[vi] mariz – kasal
Dadaxon qori Suhayliy
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV