Shariatda ibodatlarning turlari juda ko‘p bo‘lib, ulardan eng ulug‘lari: poklik ibodati — tahorat, g‘usl; badaniy ibodat — namoz; ruhiy ibodat — ro‘za; moliyaviy ibodat — zakot; badaniy-moliy ibodat — umra, haj hisoblanadi.
Mazkur ibodatlar silsilasini oylar sultoni Ramazon kunlarida bajarilsa, ajru savoblar bir necha barorbariga ko‘paytirib beriladi. Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi”, deb aytganlar.
Ibn Rajab rahmatullohi alayhi: “Ro‘zaning shundoq ham boshqa amallarga nisbatan ajri bir necha barobar ko‘p bo‘lgach, Ramazonning ro‘zasi ham boshqa ro‘zalarga nisbatan bir necha barorbar ustun bo‘ladi. Bu uning vaqtining sharofati va u Alloh farz qilgan ro‘za bo‘lanligi hamda U Zot bu ro‘zani Islom barpo qilingan arkon – ustunlarning biri qilgani e’tiboridandir”, - dedilar.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi, duolari ijobat va gunohi kechirilgandir”.
Demak, Ramazoni sharif mukarram oy. Undan unumli foydalanib qolish kerak. Chunki Termiziy rahmatullohi alayhi rivoyatlarining birida
“Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda boshqa oylardagidan ko‘ra ko‘proq (ibodatga) jiddu jahd qilar edilar”, deb aytganlar.
Qalblarga jilo beradigan Qur’oni karim tilovati ham muborak Ramazon oyiga xoslanadi. Sababi Alloh subhanahu va ta’olo insoniyatga o‘zining muqaddas Kitobini Ramazoni sharifda nozil qilgan.
Alloh taolo Baqara surasida shunday deb marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (185-oyat).
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Ro‘za va Qur’on bandaga shafoatchilik qiladi. Ro‘za: “Yo Rabbim! Men buni kunduzlari yemoq va shahvatdan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur’on: “Yo Rabbim! Men uni kechalari uyqudan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil”, deydi. Shunda ikkovining ham shafoati qabul qilinadi”.
Ma’lumki, shariatda va’da qilingan savoblar erkagu ayolga teng barobardir. Shu bois, bu oyda ayollar ham ko‘plab ajru mukofotlarga erishib qolishlarida turmush o‘rtoqlari, farzandlari hamda oila a’zolari yaqindan ko‘mak bersalar nur ustiga a’lo nurdir. Negaki, opa-singillarimiz saharlik va iftorlik dasturxonimiz uchun kuyib-pishadilar, ro‘zador holatlarida kundalik ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘ladilar, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar, oila a’zolari xizmatiga shay turadilar. Albatta, bu ishlar orqali savobga ega bo‘ladilar. Lekin, kundalik vazifalar bilan ayollarimiz iftorlikdan so‘ng toliqadilar, natijada nafl ibodatlari va Qur’on tilovatiga vaqt ajrata olmay qoladilar. Mislsiz ajrlar va’da qilingan oyda ko‘proq o‘z ibodatlari uchun ham e’tibor qaratishsa va bunda oila a’zolari yaqindan ko‘mak bersa ramazon oyi bundanda shukuhli o‘tadi.
Shu bilan bir qatorda opa-singillarimiz ham o‘zlari ramazon oyida ibodatlariga beparvo bo‘lishmasin, turli seriallar va bekorchi suhbatlar bilan g‘animat vaqtlarini boy bermasinlar. Aksincha, qazo va nafl namozlarini ado etib, ko‘proq Allohning zikrida bo‘lsinlar, istig‘for tavbalarni ko‘proq aytsinlar. Mo‘tadil va toliqmaydigan holatda oila xizmatiga yarasinlar.
So‘z so‘ngida shuni aytamizki, ushbu fazilatli ramazon kunlarda kundalik yumushlar, tirikchilik ishlarini biroz yengillatib, ko‘proq ibodatlarni ixlos bilan qilib olishga e’tiborli bo‘lish zarurdir. Chunki Ramazon mag‘firat oyi hamdir. Abu Hurayradan qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam mana bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”. Imom Ahmad va sunan sohiblari (Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy va ibn Moja)
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisasi N. G‘ofurova
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi