Ramazon! Aytilishi oson, muddati naqadar oz, bir yilda bir mehmon.
Ramazon! Bir yilda bir kelasanu, lekin biz gunohkor, osiy bandalarning bir yil ichida yig‘ilib qolgan qanchadan-qancha gunohlarimiz, xatolarimiz va kamchiliklarimizni kechirilishiga sababchi bo‘lasan.
Ramazon! Senga ta’rif berish mening qo‘limdan kelmaydi, chunki sening tarifingni Alloh taolo bergan: «Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir...» (Baqara, 185).
Ramazon! Qadring shunchalar balandligidan ikki dunyoimiz saodati bo‘lgan Kalomulloh sening bag‘ringda nozil bo‘ldi. Darajangni yuksakligidan bizni gunohlar xorligidan, do‘zax olovidan himoya qiluvchi, shaytoni-la’inning ustidan g‘alaba garovi, jismimiz zakoti, jannatga elituvchi ko‘prik, ibodatini faqatgina O‘ziga xoslagan, mukofotini ham faqat O‘zi berguvchi amal, ya’ni ro‘za aynan senga xoslandi.
Ramazon! Senga qanday ta’rif berayki, suyukli habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bizga xabarini bergan go‘zal ta’riflardan ortiq. Uzot (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro‘zasini imon, ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ramazon! Sening hurmatingdan jannatlar jilolanadi, jahannam eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Qadringni balandligini madh etuvchi hadislar, xushxabarlar shu qadar ko‘pki, ulardan ortib qanday ta’rif berishni bilolmay xayronman. Agar menga sen uchun bir dona ta’rif berish kerak bo‘lganda senga “mo‘minning mavsumi” degan ta’rifni bergan bo‘lardim. Chunki suyukli payg‘ambarimizning quyidagi birgina hadisi shariflari senga bunday ta’rif berishimga sabab bo‘ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim Ramazon oyida zikr majlislarida hozir bo‘lsa, Alloh taolo uning xar bir qadamiga bir yillik ibodatning savobini yozadi va qiyomat kuni Arshning soyasida men bilan birga bo‘ladi. Kimki Ramazon oyida jamoat namozlarida bardavom bo‘lsa, Alloh taolo har bir rakatiga nurdan bo‘lgan bir shaharni beradi. Kim bu oyda ota-onasiga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilsa, Alloh taolo u bandaga muloyimlik va rahmat nazari bilan qaraydi va men uning kafili bo‘laman. Qaysi bir ayol Ramazon oyida o‘z erining roziligini talab qilsa, u uchun Alloh taoloning huzurida Maryam va Osiyo (roziyallohu anhum)larning savobiga ega bo‘ladi. Ushbu oyda kimki bir musulmonning bir hojatini chiqarsa, Alloh taolo uning ming-minglab hojatlarini ravo qiladi. Kimki Ramazon oyida muhtojga xayru saxovat qilsa Alloh taolo unga mingta yaxshilik yozadi, uning minglab gunohlarini o‘chiradi va uning darajotini ming pag‘ona ko‘taradi” (“Nuzxatul-majolis” kitobi).
Yana qanchadan-qancha ta’riflaring, sifatlaring, raxmatlaring va biz bilmagan sirlaring borki, ularni zikr qilishga zabonimiz, yozishga qalamimiz, sanashga sanoqlarimiz, o‘zgalarga yetkazishga ilmimiz yetmaydi. Qo‘limizdan kelgani shu ozgina ibodat, Robbimizga itoat, yaxshiliklaringdan umidvorlik, sening dunyolarga sig‘mas hurmatingni saqlash hamda Robbimizning bizga yuborgan bir oylik mehmoni oldida mezbonlik burchimizni chiroyli ado etish xolos.
Ramazon! Xar yilgidek bu yil ham sening iforingga chanqoq bo‘lgan do‘stlaringni suyuntir, qalblariga orom ber. Sening hurmatingni saqlagan, sendan unimli foydalangan, sen tufayli o‘ziga jannatni vojib qilib olgan har bir inson ikki dunyoda aziz bo‘lsin. Kimki senga yetsayu, sening qadringni bilmasa, hurmatingni saqlamasa, sen buyurgan amallarni qilib, sen qaytargan ma’siyatlardan qaytmagan holda, o‘ziga jannatni vojib qilolmasdan seni o‘tkazib yuborsa, uning burni yerga ishqalansin.
Mamatqulov Jaloliddin
Uchko‘prik tumani “Shox muqaddam” jome masjidi
imom-xatibi
Islomov Yorbek
Uchko‘prik tumani “Shox muqaddam” jome masjidi
imom noibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.