Ramazonning fazilatlari juda ko‘p. Ana shulardan biri ro‘zador odamning duosi ijobat bo‘lishidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُواْ لِي وَلْيُؤْمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
“Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda ijobat qilaman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar”. (Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan imom Ahmad Rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz alahissalom: “Qalblar idishga o‘xshaydi. Ba’zilari ba’zisidan ko‘proq joylashtiradi. Agar Allohdan biror narsa so‘raydigan bo‘lsangiz, ijobat bo‘lishiga qattiq ishonib so‘rang. G‘ofil qalb bilan duo qilgan bandaning duosini Alloh qabul qilmaydi”, dedilar. Imomi Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Agar banda shoshilishmasa, duosiga ijobat bo‘ladi. Duo qildim, qabul bo‘lmadi, demasin”, deganlar.)
Bu Baqara surasining 186-oyati bo‘lib, u ro‘za haqidagi oyatlarning orasida kelgan. Bundan oldin mana bu oyat kelgan:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ وَمَن كَانَ مَرِيضاً أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ يُرِيدُ اللّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلاَ يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُواْ الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ اللّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ
“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlardan tutadi. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi. Sanog‘ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki shukr qilsalaringiz”. (Alloh taolo O‘zining abadiy mo‘jizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat bo‘ladigan kitobi Qur’oni Karimni tushirish vaqti qilib Ramazoni sharif oyini ixtiyor qilganining o‘zi bu oyning fazilatini yuksakka ko‘targan. Endi esa, nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilat qo‘shib, ro‘za ibodatini ham shu Ramazon oyida tutishni farz qilmoqda.) (Baqara, 185).
186-oyatdan keyin esa ushbu oyat kelgan:
أُحِلَّ لَكُمْ لَيْلَةَ الصِّيَامِ الرَّفَثُ إِلَى نِسَآئِكُمْ هُنَّ لِبَاسٌ لَّكُمْ وَأَنتُمْ لِبَاسٌ لَّهُنَّ عَلِمَ اللّهُ أَنَّكُمْ كُنتُمْ تَخْتانُونَ أَنفُسَكُمْ فَتَابَ عَلَيْكُمْ وَعَفَا عَنكُمْ فَالآنَ بَاشِرُوهُنَّ وَابْتَغُواْ مَا كَتَبَ اللّهُ لَكُمْ وَكُلُواْ وَاشْرَبُواْ حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَكُمُ الْخَيْطُ الأَبْيَضُ مِنَ الْخَيْطِ الأَسْوَدِ مِنَ الْفَجْرِ ثُمَّ أَتِمُّواْ الصِّيَامَ إِلَى الَّليْلِ وَلاَ تُبَاشِرُوهُنَّ وَأَنتُمْ عَاكِفُونَ فِي الْمَسَاجِدِ تِلْكَ حُدُودُ اللّهِ فَلاَ تَقْرَبُوهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللّهُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَّقُونَ
“Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh sizning o‘zingizga hiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering. So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling. Masjidlarda, e’tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang. Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang. Alloh odamlarga O‘z oyatlarini shundoq bayon etadi. Shoyadki taqvo qilsalar”. (“E’tikof” so‘zi bir narsani lozim tutish ma’nosini bildiradi. Shariatda esa, masjitda Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida ibodatni lozim tutishga aytiladi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalam Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikofda o‘tirar edilar. E’tikof o‘tirgan odam iloji boricha masjiddan chiqmay ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Unda banda Alloh uchun hamma narsadan ajrab chiqadi. Shuning uchun ayollarga yaqinlik qilishdan ham o‘zini tiyadi. Ushbu zikr qilingan narsalarning barchasi Alloh taologa bog‘liq narsalar, Uning chegaralari. Alloh ularga yaqinlashmaslikka buyurmoqda, chunki chegaraga qancha yaqinlashilsa, chegarani buzish ehtimoli shuncha ko‘payadi.) (Baqara, 187).
Duo haqidagi oyatdan oldin ham, undan keyin ham ro‘za haqidagi oyatlarning kelishi ro‘zador duoga haris bo‘lishi kerakligiga, ro‘zadorning duosi ijobat qilinishiga ishoradir, shunga dalolat qiladi.
Shuning uchun barchamiz bu oyda barcha solih amallar qatori duo qilishga ham haris bo‘lishimiz, ayniqsa, og‘iz ochish arafasida duo qilib qolishning payidan bo‘lishimiz kerak.
Hadisi shariflarda ham ro‘zadorning duosi ijobat qilinishiga dalillar ko‘p.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uch kishining duosi rad etilmaydi. (Bular): odil imom (rahbar, yetakchi), og‘zini ochish arafasida turgan ro‘zador va mazlumning duosi. Alloh taolo mazlumning duosini bulutlar tepasiga ko‘taradi, unga osmon eshiklari ochiladi va Robb azza va jalla “Izzatimga qasamki, senga keyinchalik bo‘lsa ham yordam beraman” deydi”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Yana Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uchta duo ijobat qilinadigan duolardan: ro‘zadorning duosi, mazlumning duosi va musofirning duosi”.
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro‘zalarimizni, qilayotgan ibodatlarimizni qabul aylab, duolarimizni ijobat etsin, omin!
Doktor Fozil Solih Somarroiyning
mav’izalaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.