Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Atoqli adib Tohir Malik vafot etdi

16.05.2019   3200   2 min.
Atoqli adib Tohir Malik vafot etdi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib Tohir Malik (Hobilov Tohir) 2019 yil 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi adibning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qiladi.

Tohir Malik (taxallusi; asl ism-sharifi Hobilov Tohir Abdumalikovich) (1946 yil, 27 dekabr, Toshkent) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi (2000). O‘zbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri.

Birinchi yirik asari – «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada qolgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur.

«Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000; 5-kitob, 2011) Tohir Malikning yirik asarlaridan. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratildi. Romanda turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan chizilgan, muhim ma’naviy-axloqiy muammolar ko‘tarilgan.

Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan. «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan.

Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi «Yozuvchining baxti va baxtsizligi» (1988), Asqad Muxtor ijodini tahlil etuvchi «Sobir» (2003), O‘lmas Umarbekov ijodiga bag‘ishlangan «Qiyomat qarz» (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari taxlil etilgan «Ibrat maktabi» (1993) badialari ham bor.

Alloh taolo bu tabarruk insonni O‘z rahmatiga olsin, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, sahvu xatolarini avf qilsin, gunohlarini mag‘firat qilib, rahmatiga noil, jannatiga doxil aylasin!
Janoza bugun, 16 may kuni asr namozidan keyin Ko‘kcha masjidida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

16.06.2025   4626   1 min.
Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.

 

"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.

 

Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.

 

Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.

 

"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati