O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib Tohir Malik (Hobilov Tohir) 2019 yil 16 may kuni 73 yoshida vafot etdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi adibning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qiladi.
Tohir Malik (taxallusi; asl ism-sharifi Hobilov Tohir Abdumalikovich) (1946 yil, 27 dekabr, Toshkent) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi (2000). O‘zbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri.
Birinchi yirik asari – «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada qolgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur.
«Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000; 5-kitob, 2011) Tohir Malikning yirik asarlaridan. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratildi. Romanda turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan chizilgan, muhim ma’naviy-axloqiy muammolar ko‘tarilgan.
Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan. «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan.
Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi «Yozuvchining baxti va baxtsizligi» (1988), Asqad Muxtor ijodini tahlil etuvchi «Sobir» (2003), O‘lmas Umarbekov ijodiga bag‘ishlangan «Qiyomat qarz» (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari taxlil etilgan «Ibrat maktabi» (1993) badialari ham bor.
Alloh taolo bu tabarruk insonni O‘z rahmatiga olsin, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, sahvu xatolarini avf qilsin, gunohlarini mag‘firat qilib, rahmatiga noil, jannatiga doxil aylasin!
Janoza bugun, 16 may kuni asr namozidan keyin Ko‘kcha masjidida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Duoning eng yaxshisi arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi Payg‘ambarlar aytgan so‘zning eng yaxshisi "Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr" deb aytishdir", deganlar.