Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Ro‘zaning mukofoti

15.05.2019   35250   8 min.
Ro‘zaning mukofoti

Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) va bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchun va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, deydi.

Hadisi qudsiyning mazmun va mohiyatini tushunib, anglab yetishish uchun hadisning matni izoh va sharhlarga ehtiyoj sezadi.

“Sahihul Buxoriy”ning sharhi “Fathul Boriy”da Ibn Hajar Asqaloniy (rahmatullohi alayh) ushbu hadisi qudsiyning ma’nosini yoritib, undagi muhim o‘nta asl mohiyatni bayon qiladi.

  1. Bandalarning amallari hammasi yolg‘iz Alloh taolo uchun bo‘lishligi ta’kidlangan bo‘lsada, amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...” deb xoslanishining sababi ro‘za ibodatiga riyo (xo‘jako‘rsinlik) aralashmaydi. Ro‘za o‘zini tiyishdan iborat botiniy amal bo‘lgani uchun riyo aralashtirishni imkoni ham bo‘lmaydi. Ro‘zadan boshqa ibodatlar zohiriy amal bo‘lgani uchun riyo aralashish xavf-xatari doim bo‘ladi. Ibodatlarga riyo aralashsa, uning faqat Alloh taolo uchunligi qolmaydi.

Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ فِي الصِّيَامِ رِيَاءٌ"رواه البيهقي

Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘zada riyo bo‘lmaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Ro‘za banda bilan Rabbi orasidagi sirriy amal bo‘lib, o‘ziga xos ibodatdir. Ro‘zadan boshqa hamma amallarda biron bir amalni bajarayotgan shaxs o‘zgalarning havasi, maqtovi, e’tiborini jalb qilishni istab qoladi. Shuning uchun Alloh taolo amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...”, deb xoslamoqda.

  1. Bandalarning hamma amallariga mukofotni yolg‘iz Alloh taoloning o‘zi berishi va Undan boshqa mukofot beruvchi yo‘qligi aniq bo‘lsada, “...uning mukofotini Men O‘zim berurman...”, deb xoslanishining sababi ro‘zaning mukofotini yolg‘iz Alloh taoloning o‘zi biladi. Ro‘zaning mukofoti, ajri va savobi hech kimga oshkor qilinmagan, ro‘zadan boshqa amallarning mukofoti miqdori ba’zi insonlarga oshkor qilingan va hadislarda zikr qilingan.

Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَعَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ"مَامِنْحَسَنَةٍعَمِلَهَاابْنُآدَمَإِلَّاكُتِبَلَهُعَشْرُحَسَنَاتٍإِلَىسَبْعِمِائَةِضِعْفٍقَالَاللَّهُعَزَّوَجَلَّإِلَّاالصِّيَامَفَإِنَّهُلِيوَأَنَاأَجْزِيبِهِيَدَعُشَهْوَتَهُوَطَعَامَهُمِنْأَجْلِي"

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odam bolasi qilgan yaxshi amallarining savobi o‘n barobardan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib yoziladi. Alloh taolo: “Faqat ro‘za undan mustasno (ya’ni, ro‘zaning savobi behisob beriladi). Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman.U (odam bolasi) ro‘zada shahvati va taomini men uchun tark qilur”, – dedilar (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).

Ro‘zaning savobi behisob ekaniga quyidagi oyati karima ham dalil bo‘ladi.

قال الله تعالى: إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ [الزمر: 10]

Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur.

Ro‘zasabr bilan sayqal topadigan ibodat. Ro‘zador kishi nafsining xohish- istaklarini sabr bilan to‘xtatadi. Sabr qiluvchining mukofoti oyati karimada aytilganidek behisob beriladi.

  1. Hadisi qudsiyda: “...faqat ro‘za Men uchundir...”, deb xoslanishi: “Ro‘za men uchun ibodatlarning eng yaxshisi. Mening huzurimda u boshqa ibodatlardan ustun va muqaddam ibodat”, degan ma’noni ham ifodalaydi.

Ibn Abdul Birr (rahmatullohi alayh) hadisi qudsiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyilishi ro‘za ibodatining fazilatiga kifoya qiladi deydilar. Go‘yoki, bu ibodatning fazilati borasida ortiqcha ta’rifga zarurat yo‘q.

Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلٍ ينفعني الله به قَالَ عَلَيْكَ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَا مِثْلَ لَهُ رواه النسائي

Abu Umoma (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

U zot: “Ey Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam), Alloh taolo u tufayli menga manfaat beradigan amalning xabarini bering”, dedim.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  “Ro‘zani o‘zingga lozim tutgin! Chunki, ro‘zaga barobar keladigan amal yo‘q”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

  1. “...faqat ro‘za Men uchundir...” deb Alloh taolo ro‘zani o‘ziga nisbat berishida uni ulug‘lash, qadrini yuksaltirish bor. Bu esa hamma mulk Allohniki bo‘lsada, ka’bani “Baytulloh” deb Alloh taologa nisbat berishga o‘xshashdir.

Zayn ibn Munir (rahmatullohi alayh): “Umumiy o‘rinda bir narsaning xoslanishi faqatgina o‘sha narsani ulug‘lash uchun bo‘ladi”, deydilar.

  1. Alloh taoloning inson tabiatidan farqli o‘laroq suv, taom va boshqa narsalardan behojat ekani uning o‘ziga xos sifatidir. Ro‘za tutgan inson Alloh taoloning sifatiga muvofiq, o‘zini yemoq, ichmoq va boshqa narsalardan behojat bilib Alloh taologa ibodat qiladi. Shuning uchun Alloh taolo “...faqat ro‘za Men uchundir...” deydi.

Imom Qurtubiy (rahmatullohi alayh): “...faqat ro‘za Men uchundir...” hadisining ma’nosi: “Bandalarning amallari o‘zlarining hollariga munosibdir. Faqat ro‘za Haq taoloning sifatlaridan bir sifatiga munosibdir.  Alloh taolo “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyish bilan go‘yoki, “Ro‘zador mening sifatlarimdan biriga ega bo‘lib, menga yaqinlashmoqda”, demoqchi.

  1. Nafs istaklari yemoq, ichmoq va rohatlanmoq kabi xususiyatlardan behojat bo‘lishi nafaqat Alloh taoloning sifatlaridan biri, balki u farishtalarning ham sifatlaridan hisoblanadi. Shu ma’noda, inson ro‘zani go‘yoki farishtalar sifati bilan ado etadi.
  2. Ro‘za xolis Alloh taolo uchundir, unda inson nafsi uchun ulush, nasiba yo‘q. Ro‘zadan boshqa iodatlarda esa nafsga ulush, nasiba bo‘ladi.
  3. “...faqat ro‘za Men uchundir...” deb xoslanishining yana bir ma’nosi – ro‘za ibodati Alloh taolodan o‘zga ilohlar uchun bajarilmadi. Namoz, sadaqa, tavof va boshqa ibodatlar turli but sanamlar uchun qilindi. Ro‘za esa faqat Alloh taolo uchun bajarildi.
  4. “...faqat ro‘za Men uchundir...” deb xoslanishining yana bir ma’nosi to‘g‘risida Ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Qiyomat kunida bandalar orasidagi haq-huquqlar o‘zaro hukm qilinadi. Ro‘zadan boshqa ibodatlar bandalarning o‘zaro turli zulmlari sabab bir-birlardan olib beriladi. Faqat ro‘zaning ajru savobi saqlanib qolinadi. Oxir-oqibat ro‘zaning mukofoti jannat bo‘ladi”, deydi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: سَمِعْتُ أَبَا الْقَاسِمِ  صلى الله عليه وسلم  يَقُولُ: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: كُلُّ الْعَمَلِ كَفَّارَةٌ، إِلاَّ الصَّوْمَ، وَالصَّوْمُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ.رواه احمد

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo aytadi: hamma amal kaffarotdir. Faqat ro‘za mustasnodir. Chunki ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Ro‘zadan boshqa solih amallar qiyomat kunida insonning dunyoda qilgan xato va kamchiliklarini kafforot bo‘lishi uchun xizmat qilish ehtimoli bo‘ladi. Faqat ro‘za ibodati saqlanib qoladi. Ro‘zaning ajru savobi xato va kamchiliklarning kafforoti uchun behuda ketmaydi.

Ro‘za ham ixlos kabi sirriy ibodat. Ibodatlardagi ixlosni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmagani kabi ro‘zani ham  hech kim bilmaydi.

Ibn Hajar Asqaloniy (rahmatullohi alayh) mazkurlarni zikr qilib, bularning ichida birinchi, ikkinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchisi boshqalarga nisbat e’tiborli va yorqinroq ekanligini qayd qiladilar.

 

Jaloliddin Xolmo‘minov,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisi

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Usmon mus'hafi ziyorati

05.05.2025   2805   2 min.
Usmon mus'hafi ziyorati

#Noyob_fotolar

• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.

1948 yil, Toshkent

•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 
 

• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.


• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.


•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi. 


• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi. 


Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi. 


• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.


• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi. 

t.me/muftiylaruz

O'zbekiston yangiliklari