Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

Ro‘zadorning qalqoni

15.05.2019   31610   4 min.
Ro‘zadorning qalqoni

Shunday bir fursat borki unda mo‘min bandaga dunyoda uni gunohu ma’siyatlardan, oxiratda esa do‘zaxdan to‘sadigan “qalqon” beriladi. Bu haqida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:  

  عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ.    رَوَاهُ اَبُو دَاودَ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:

  • Ro‘za, gunoh ma’siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro‘zador tanasidagi shayton yuradigan yo‘llar bo‘lgan taom va qon yo‘llari torayadi. Ana shu e’tibordan ro‘za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo‘ladi;
  • Ro‘za, do‘zaxdan to‘suvchidir. Chunki iymon va savob umidida tutilgan ro‘za ro‘zadorning oldingi gunohlari mag‘firat qilinishiga sabab bo‘ladi. Ana shu e’tibordan u do‘zaxdan to‘suvchi bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarining davomida ro‘zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya tayinlaganlar. Ya’ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la’nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro‘zador kishi halim bo‘lishi, o‘zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilishi ro‘zadorning odoblaridan hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya’ni, ro‘zador shariat man qilgan noto‘g‘ri so‘zlarni gapirmasin va noto‘g‘ri ishlarni qilmasin. Shunga ko‘ra ro‘zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o‘zini tiyishi lozim. Ana shunda u ro‘zaning hurmatini saqlagan hamda mazkur hurmat sababli o‘ziga johillik qilayotgan beodob kimsani ham odobga chaqirgan bo‘ladi.

E’tibor beriladigan bo‘lsa aslida ro‘za bo‘lmagan paytlarda ham uni qilish mumkin bo‘lmagan ishlardan  ro‘zada ta’kidlab qaytarilgan. Buning hikmati haqida ulamolar shunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o‘zini saqlasa, o‘sha narsa uning odatiga aylanib mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo‘lib qoladi”.

Shu ma’noda hozirgi kunimizda ham ayrim muhim xavfsizliklarni insonlarning odatlariga aylantirish maqsadida ba’zi oylarni “harakat xavfsizligi oyligi”, yoki “yong‘in xavfsizligi oyligi” kabi nomlar bilan atalayotgani barchaga ma’lum bo‘lgan oddiy haqiqatdir.

Zero ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad boshqa payt istemol qilish mumkin bo‘lgan yeyish-ichish kabi narsalardan saqlanishdangina iborat emas, balki nafsni jilovlash malakasini hosil qilishdir.

Demak  Ramazon oyida mazkur qaytariqlarning ta’kidlanishi faqatgina uning boshqa oylardan afzal ekanini bildirib qo‘yish uchun emas, balki bu oyda odatga aylangan ishlar boshqa barcha oylarda ham bardavom bo‘lishi uchundir. Shunga ko‘ra Ramazonda o‘zlashtirilgan sifatlarni odatlariga aylantirib olganlarning oilalarida va bunday oilalardan tashkil topgan jamiyatda tinchlik, totuvlik va xayru baraka butun yil bo‘yi davom etadi.

Alloh taolo barchalarimizni dunyoda gunohlardan, oxiratda do‘zaxdan qalqon bo‘ladigan darjadagi ro‘za tutish baxtiga muvaffaq qilsin.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin! 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Abdulqodir Abdur Rahim

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   7454   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.