Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Muborak Ramazon oyida Jannatga 122 eshik

15.05.2019   31864   5 min.
Muborak Ramazon oyida Jannatga 122 eshik

Muborak Ramazon oyida Jannatga 122 eshik

  • Har bir amalni faqat Alloh taoloning roziligini ko‘zlab bajarish. (Ixlosli bo‘lish).
  • Alloh taologa tavba qilish.
  • Yangi chiqqan oyni ko‘rganda duo qilish.
  • Iymon va savob umidida ro‘za tutish.
  • Iymon va savob umidida kechalarini bedor o‘tkazish.
  • Iymon va savob umidida qadr kechasida bedor bo‘lish.
  • Oxirgi o‘n kunida yanada jiddu jahd qilish.
  • Umra qilish.
  • E’tikofda o‘tirish.
  • Ro‘zadorga iftorlik qilib berish.
  • Qur’oni karimni tilovat qilish.
  • Qur’oni karimni o‘rganish va o‘rgatish.
  • Alloh taoloni zikr qilish.
  • Istig‘for aytish.
  • Tahoratni mukammal ado etish.
  • Tahorat olgandan keyin shahodat kalimasini aytish.
  • Doimiy tahoratli bo‘lib yurish.
  • Musvok ishlatish.
  • Tahorat olgandan keyin ikki rakat namoz o‘qish.
  • Azon eshitandan keyin uning duosini o‘qib qo‘yish.
  • Azon va iqomat orasida duo qilish.
  • Doimiy besh vaqt namozni ado etish.
  • Namozlarni o‘z vaqtida ado etish.
  • Xususan bomdod va asr namozlarining vaqtiga yanada rioya qilish.
  • Juma namozini doimiy ado etish.
  • Juma kuni duolar ijobat bo‘ladigan lahzalarni o‘rganib, shu vaqtlarda duo qilish.
  •  Juma kuni “Kahf” surasini o‘qish.
  • Masjidga borish.
  • Haram masjidida va Nabaviy masjidida namoz o‘qish.
  • Qubo masjidida namoz o‘qish.
  • Doimo jamoat bilan namoz o‘qishga rioya qilish.
  • Birinchi safda namoz o‘qishga intilish.
  • Doimo “Zuho” namozini ado etish.
  • Kundalik o‘qilib boriladigan sunnat namozlarini qoldirmaslik.
  • Nafl namozlarni uyda ado etish.
  • Ko‘p sajda qilish.
  • Masjidda bomdod namozini o‘qib bo‘lgandan keyin o‘z joyida quyosh chiqquncha zikr qilib o‘tirish.
  • Janoza namozi va dafn marosimiga qatnashish.
  • Yosh farzandlarni namoz o‘qishga o‘rgatish.
  • Yoshlarni ro‘za tutishga o‘rgatish.
  • Har bir farz namozidan keyin Alloh taoloni zikr qilish.
  • Ro‘zador og‘iz ochishini kechiktirmasligi.
  • Og‘iz ochish amalini shom namozidan avval bajarish.
  • Agar topilsa, xurmo bilan og‘iz ochish.
  • Doimo iftorlik duosini o‘qishga rioya qilish.
  • Iftorlik paytida duo qilish.
  • Boshqa paytlarda ham ko‘proq duo qilish.
  • Saharlik qilish.
  • Ovqat yeb, ichimlik ichib bo‘lgandan keyin Alloh taologa hamd aytish.
  • Zakotni ado etish.
  • Alloh yo‘lida infoq-ehson qilish.
  • Sadaqa berish.
  • Birovlarga oshkora qilmay sadaqa berish.
  • Masjidlar qurilishiga moddiy yoki ma’naviy ko‘mak berish.
  • Salomni keng yoyish va miskinu faqirlarga taom yedirish.
  • Yo‘ldan odamlarga aziyat beradigan narsalarni olib tashlash.
  • Ota-onaga yaxshilik qilish va ularga itoat etish.
  • Ayol kishi eriga itoat etishi.
  • Haloldan kasb qilish.
  • Doimo ahli-oila nafaqasidan xabardor bo‘lish. 
  • Yetim-yesirlarga va miskinu bechoralar nafaqasidan xabardor bo‘lish.
  • Yetimni o‘z kafilligiga olib, uning nafaqasiga qarash.
  • Yetimning boshidan silab, unga mehr-shafqat ko‘rsatish.
  • Do‘stu birodarlarning ehtiyojlarini ravo qilish.
  • Alloh yo‘lidagi do‘stlardan hol-ahvol so‘rab ko‘rgani borib turish.
  • Kasallarni holidan xabar olish.
  • Qarindosh-urug‘lar garchi, aloqalarni uzgan bo‘lsalar-da, ular bilan bordi-keldi qilish.
  •  Musulmon ko‘nglini ko‘tarib, xursand qiladigan ishlarni amalga oshirish.
  • Qiynalib qolgan kishining ishini yengillatish.
  • Zaifhol kishilarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lish.
  • O‘zaro nizo chiqqan, bir-biri bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketgan insonlarning orasini isloh qilish.
  • Go‘zal xulqli bo‘lish.
  • Hayoli bo‘lish.
  • Rostgo‘y bo‘lish.
  • Bosiq, kechirimli, muloyim bo‘lish.
  •  Ko‘rishganda qo‘l berib salomlashish.
  • Ochiq yuzli bo‘lish.
  • Savdoda bag‘rikeng bo‘lish.
  • Alloh taolo harom qilgan narsalardan ko‘zni tiyish.
  • Yaxshilikka chaqirib, yomonlikning oldini olish.
  • Solihlar, yaxshi insonlar bilan birga bo‘lish.
  • Til va boshqa a’zolarni nomaqbul ishlardan saqlash.
  • Payg‘ambar alayhissalom ko‘p salovot aytish.
  • Yaxshilik qilish va ezgu ishlarga dalolat qilish.
  • Insonlar Alloh taoloni tanishiga sababchi bo‘lish.
  • Insonlarning ayblarini berkitish.
  • Sabrli bo‘lish.
  • Biror bir gunoh ish sodir etganda, ikki rakat namoz o‘qib tavba qilish.
  •  Hayvonu jonzotlarga ham shafqatli bo‘lish.
  • Insonlardan ta’ma qilmaslik.
  • Ko‘p tahlil (ya’ni, “Laa ilaaha illalloh”) va tasbeh aytish.
  • Sadaqayi joriya qilish.
  • Savdo-sotiqda rostgo‘y bo‘lish.
  • Musulmonlar g‘am-tashvishini aritish.
  • Musulmon va boshqalarga ziyon bermaslik.
  • O‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zish.
  • Ota-onaning do‘stlari bilan ham bordi-keldi qilib aloqani uzmaslik.
  • Shirin so‘zli bo‘lish.
  • Qo‘l ostidagi ishchi-xodimlarga shafqatli bo‘lish.
  • Bir solih amalni oz-oz bo‘lsa-da, bardavomlik ila bajarish.
  • Qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshi munosabatda bo‘lish.
  • Mehmonlarni izzat-ikrom qilish.
  • Ota-onaning haqqiga duo qilish.
  • Do‘stu birodarining haqqiga g‘oyibona duo qilish.
  • Musulmonlarning haqqiga duo qilish va Alloh taolodan ularning gunohlarini kechirishini so‘rash.
  • Masjidlarni tozaligiga hissa qo‘shish.
  • Turmush o‘rtog‘i bilan yaxshi munosabatda bo‘lish.
  • O‘z ahli-oilasiga ta’lim-tarbiya berish.
  • Biror kishiga jabr qilgan bo‘lsa, undan rozilik olish va zimmasidagi o‘zgalarning moddiy va ma’naviy haqlarini ado etish.
  • Yomonlik ketidan uni yuvib yuboradigan yaxshilik qilish.
  • Omonatga xiyonat qilmaslik va ahdga vafo qilish.
  • Kattani hurmat, kichikni izzat qilish.
  • O‘zgalarning g‘am-qayg‘usi va dardiga sherik bo‘lish.
  • Tilni yomon so‘zlardan saqlab faqat yaxshi so‘zlarni aytish.
  • Musulmonlar obro‘sini saqlash.
  • Qalbni baxillik va hasaddan pok tutish.
  •  Insonlar orasida adolat bilan hukm qilish.
  • Musulmonlarga yaxshi ishlarda ko‘maklashish.
  • Boshiga kulfat yog‘ilgan kishiga yordam berish.
  • Yaxshilikka chaqirayotgan kishining chaqirig‘iga labbay deyish.
  • Yaxshi ish qilgan kishiga minnatdorchilik bildirish va munosib mukofotlash.
  • Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish. 

 

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi BARATOV G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   4446   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.