Rivoyat qilinishicha, Isom ibn Yusuf Balxiy buyuk olim va zohid Hotami Asomdan “Qanday namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. Shunda u kishi: “Namozga qo‘rquv bilan turaman. Niyat bilan kirishaman. Allohni ulug‘lab takbir aytaman. Tartil bilan qiroat qilaman. Xushu’ bilan ruku’ qilaman. Xuzu’ bilan sajda qilaman. (Ya’ni ruku va sajdani tavozu’ bilan qilaman.) Odob bilan o‘tiraman. Zohidlik (viqor) bilan salom beraman va qo‘rquv bilan uyga qaytaman. Keyin “Bu namozim mendan qabul qilinarmikin yoki yo‘qmi?” deb xavotirga tushaman” deb javob berdilar.
Buni eshitgan Isom “Agar siz o‘qiydigan namoz shunday bo‘lsa, unda men umrimda namoz o‘qimabman” dedi.
*****
Junayd rahimahulloh Makkada ekanliklarida azon chaqirildi. U kishiga “Oldinga o‘ting! (ya’ni imomlikka o‘ting) deyildi. Shunda u kishi “Men imomlikka loyiq emasman” dedilar. Odamlar: “Yo‘q, siz o‘tasiz” deb turib olishdi va u kishini oldinga o‘tqazishdi. Oldinga o‘tib, odamlarga yuzlanib, “Safni to‘g‘rilab tekislanglar, Alloh sizlarga rahm qilsin!” dedilar-da, hushlaridan ketdilar. Boshqa bir kishi oldinga o‘tib imomlik qildi. Namozdan so‘ng u kishining yuzlariga suv sepib o‘zlariga keltirishdi va “Nega hushingizdan ketdingiz?” deb so‘rashdi. Shunda u zot: “Qachonki sizlarga “Safni to‘g‘rilab tekislanglar, Alloh sizlarga rahm qilsin!” deganimda, nido qiluvchi menga “Sen o‘zing Robbing bilan aloqangni to‘g‘riladingmiki boshqalarni to‘g‘rilanishga buyurasan?!” deb nido qildi. Shuning uchun hushimdan ketdim” dedilar.
*****
Ularning namozdagi ahvollari shunday edi. Ular Robbilari huzurida turganlarini o‘ylab namozda lazzatlanar edilar. Shuning uchun namozdan ajrashni istamasdilar.
*****
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu namoz o‘qisalar, xushu’dan qotgan tayoqqa o‘xshab qolar edilar. Sajda qilganlarida chumchuqlar u kishini devor yoki yog‘och deb o‘ylab ustlariga qo‘nar edi.
U kishi uyga kirsalar, oila a’zolari u zotning haybatlaridan jim turishar ekan. Agar namozga kirishsalar, takbir aytishlari bilanoq dunyodan uzilar, atroflaridagi narsalarni sezmay qolar ekanlar. Buni bilgan farzandlari yana baland ovozda gaplashishda davom etishar ekan.
*****
Ha, azizlar, mana shunday namozlar o‘qilgan. Aslida namoz xuddi shunday o‘qilishi kerak. Ular shunday namoz o‘qisalar ham, ibodatlari qabul bo‘lmay qolishidan, oxiratda yuzlariga qaytarib urilishidan qo‘rqardilar.
Alloh taolo bizni ham ularga o‘xshashimizni nasib etsin!
Shayx Sa’iyd ibn Muhammad Kamaliyning mav’izalaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?
– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?
– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.
3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?
– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shundagina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.
4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?
– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.
Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.
5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.
6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?
– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.
Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda.
"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan