Tanlovga!
Oisha Ramazon boshlanmasidanoq Qur’oni karimni xatm qilishga kirishgan edi. Birinchi o‘n kunlik tugamasidan Mus'hafni to‘liq o‘qib tugatdi. Qaynonasiga buni bildirgan edi, u juda sevinib dedi:
- Qizim, agar yo‘q demasangiz, onamga shuni savobini bag‘ishlasak, to‘g‘risi men u kishini eslolmayman. Uch yoshligimda rahmatlik bo‘lib ketganlar...
- Ha, albatta. Ularga ham, boshqa o‘tganlarga ham savobini bag‘ishlaymiz. Xatmi Qur’ondan keyin qilingan duolar ijobat deyishadi...
Juma kuni kechasi Oisha va’daga muvofiq xatm duosini qildi. Payg‘ambarimiz, ularning oilalari hamda u zotning ortidan yaxshilik va islom bilan ergashganlarni birinchi duo qildi. Qaynonasining onasini ham alohida duo qildi. Navbat o‘zining yaqinlariga keldi. Duo qilyaptiyu, ko‘zlari jiqqa yosh, so‘zlari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a chiqar edi. Chunki, yaqin ikki yil ichida ancha yaqinlaridan judo bo‘lgan edi. Ba’zilarining mehriga qonib, ba’zilariga qonmagan edi:
“Roziytu billahi Robban. Va bil Islami diynan. Va bi Muhammadin sallollohu alayhi vasallam rosulan va nabiyyan!”
Allohim, ushbu xatmning savobini avvalo bobomga bag‘ishladim. Qabrlarini keng qilib, rahmatingga, nuringga to‘ldirib qo‘ygin. Ushbu savoblar qaydan keldi? deb so‘rasalar, sevimli nabirangiz sizga xatmi Qur’on savobini bag‘ishladi”, deb aytilishini nasib et...
Haqiqatda, bobosi uni qattiq yaxshi ko‘rar, diniy ilmlar o‘rganishiga sababchi bo‘lgan edi. O‘zi o‘qishini nazorat qilar, ilmga rag‘bat ko‘rsatar edi. Bir kuni alohida o‘zi uchun Mus'haf hadya qildi. O‘sha Mus'hafdan Oisha Qur’on yodladi, necha marotabalab xatm qildi. Allohdan so‘radi: “Ey, Xudo, din yo‘lida, ilm yo‘lida nimaiki yaxshi ish qilsam, savobi kamaytirilmagan holda, bobomga ham yetkazib turgin! Amin!”
“Allohim, yana xatmimning savobidan buvimga bag‘ishladim. Qabrlarini keng qilib, rahmatingga, nuringga to‘ldirib qo‘ygin. Ushbu savoblar qaydan keldi? deb so‘rasalar, sevimli nabirangiz sizga xatmi Qur’on savobini yubordi”, deb aytilishini nasib et...”
Mehribon va jonkuyar buvisi. Yoshligidan birga namoz o‘qishni o‘rgatib, pand-nasihatlarini kanda qilmasdi. Ayniqsa, onasi ishda bo‘lganligi bois, asosiy uy-ro‘zg‘or tutumlarini buvisi o‘rgatgan edi. Yoshlik qilibmi, ishni chala-chulpa qilib ko‘chaga qochar, naridan-beri ko‘zga ko‘rinadigan yerlarni tozalab, dugonalari yoniga ravona bo‘lar edi. Tarbiya hissini qattiq anglagan momo ko‘chada o‘ynayotgan joyidan ushlab uyga olib kirar, ishni toza va puxta qilishini talab qilar edi. Oisha gap qaytarar, ishdan bo‘yin tovlar edi. Yo‘q, baribir buvisining aytgani bo‘lar edi: “Bilib qo‘y, sen bir joyga borib kelin bo‘lsang, buvini tarbiyasini olgan qiz deyishadi. Yaxshi bo‘lsang, yaxshi gap, yomon bo‘lsang, malomati menga kelib tegadi. Kerak bo‘lsa, bir kun kechgacha kir yuvdiraman. Modomiki, toza va mukammal ish qilmas ekansan, ovqat pishirishga qunt qilmas ekansan, o‘rtoqlaringni oldida shunaqa uyaltirib olib kelaveraman. Naridan-beri ish ishmi?!” Shu koyishlar, shu ta’limlar endi asqotib, bir ro‘zg‘orni, bir oilani tebratib kelmoqda. Buvining o‘gitlari qulog‘ida turadi. “Allohim, shu xonadonda duo olsam, savobi buvimga borishini nasib et!”
Allohim, ushbu xatmning savobini padari buzrukvorimga bag‘ishladim. Qabrlarini keng qilib, rahmatingga, nuringga to‘ldirib qo‘ygin. “Ushbu savoblar qaydan keldi?” deb so‘rasalar, sevimli bolangizdan sizga xatmi Qur’on savobi keldi”, deb aytilishini nasib et...
Otasi yaqinda olamdan o‘tgan edi. Uning firoqi qalbidan ketmagan. Shu qadar mehribon, shu qadar g‘amxo‘r ediki, otasining yonida xuddi yosh boladek his qilardi o‘zini. Hech kimga ishonmas, o‘qishga, ko‘chaga mashinasida olib borar, ilm o‘rganishi uchun tinmay haydovchilik qilib pul topardi. Institutning sharnoma puli kechikmasligiga qattiq harakat qilar edi. Qur’on o‘qisa, birga tinglab o‘tirar, hatto vaqting ketmasin, sen Qur’on o‘qiyver deb, ertalabki nonushtani bomdoddan so‘ng o‘zi tayyorlab berar edi. O‘g‘illariga qaraganda, qiziga ko‘proq dardini aytardi. Shunga “sirdosh ota-bolalar” deyishardi. Kuyov tanlashda ham otasi so‘nggi nuqtani qo‘ydi: “Bersam, faqat shu bolaga beraman, tamom!” Haqiqatda, otasi kuyovini o‘g‘ilday ko‘rar, kelsa o‘tqizgani joy topolmay qolardi...
“Allohim, din yo‘lida nimaiki yaxshi ish qilsam, ushbu o‘zlari bosh-qosh bo‘lgan turmushimdan qanday yaxshiliklar sodir bo‘lsa, savobini kamaymagan holda otamga yuborgin...” Yig‘idan bo‘g‘ilib qolayozdi...
Duo qilyaptiyu, yaqinlari bilan o‘tgan yillari ko‘z o‘ngidan kino tasmaday o‘tib boraverdi. Ular uchun yana yangi xatm boshladi. “Ramazoniy tuhfa” tayyorlashga bel bog‘ladi.
Tahoviy “Tahzibul osor”da keltiradilar: “Bizga Muhammad ibn Bashshor aytib berdi, u Abdurrohman ibn Usmondan, u Avn ibn Xallos ibn Amrdan, u Abu Hurayradan rivoyat qiladi: “Albatta sizlarning amallaringiz o‘tgan qarindoshlaringizga ko‘rsatiladi. Agar yaxshi ishni ko‘rsalar, xursand bo‘ladilar. Mabodo yomonlikni ko‘rsalar, uni yoqtirmaydilar”.
Ibn Abu Dunyo “Manomat”da keltiradilar: “Abu Bakr, u Abu Hishomdan, u Yahyo ibn Yamondan, Abdulvahhob ibn Mujohiddan, u otasidan rivoyat qiladi: “Albatta, mo‘min dunyodan o‘tganidan so‘ng farzandining solih amali, yaxshiligidan ko‘zlari quvonib, sevinadi”.[1]
N.Saidakbarova tayyorladi
[1] Abdulfattoh ibn Saloh Qidish Yafi’iy, “At-tavassul bis solihin bayna mujiziyna val mani’in”, 175 b.
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV