“Sanjaklar” masjidi Istanbulda (Buyukçekmece) joylashgan. Masjid qurilishi 2011 yilda boshlangan va to‘liq 33 oyda bitkazilgan.
Qurilish Usmonli va Saljuqiylar sultonligi me’morchiligi hamda zamonaviy uslub va an’analarni birlashtirgan me’mor Emre Arolat tomonidan ishlab chiqilgan.
Ta’kidlash joizki, 2013 yilda Singapurda o‘tkazilgan jahon me’morchiligi festivalida masjid «Eng yaxshi diniy bino» unvoniga sazovor bo‘lgan.
Masjidning asosiy qismi yer ostidan 7 metr chuqurlikda joylashgan. Ibodatgohning umumiy maydoni 7400 kvadrat metr, ichki maydoni - 1200 kvadrat metr. Bir vaqtda masjidda taxminan 650 kishi ibodat qilishi mumkin.
Emre Arolat bu noyob loyihani yaratishda Rasululloh solallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘lgan joy - Hiro g‘oridan ilhomlanganligini bildirgan.
Shinamlik va oddiylik - bu Sanjaklar masjidini boshqa masjidlardan ajratib turadigan asosiy omil. Bu yerda baland minoralar va an’anaviy hilol ramzini ko‘rmaysiz. Masjid minorasi to‘rtburchak shaklida qurilgan. Vulqon toshlaridan yasalganligi alohida ahamiyatga ega. Yuqori qismga zinapoya yoki lift orqali ko‘tarilishingiz mumkin.
Oddiylik ichki qismga ham xos: bu yerda hashamatli qandillar yoki gilamlar yo‘q, faqat bir necha nafis xattotlik bezak namunalari mavjud.
Ushbu masjidning ochilishi jurnalistlar va jamoatchilik orasida ko‘plab o‘ziga xos fikr-mulohazalarni paydo qildi. Kimgadir masjidning o‘ta oddiyligi yoqqan bo‘lsa, yana kimdir me’morga uslubni takomillashtirish uchun tavsiyalar bergan. Emre Arolat bu loyihasi bilan masjidlarda mo‘min kishiga xos bo‘lgan yolg‘izlik va xotirjamlik muhitini uyg‘otishni, hamda bu joyda banda Robbisiga qalban bog‘lanishida hech bir narsa chalg‘itmasligi, halaqit qilmasligini istaganini aytdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.
Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.
Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.
Shohruh UBAYDULLOH