“Sanjaklar” masjidi Istanbulda (Buyukçekmece) joylashgan. Masjid qurilishi 2011 yilda boshlangan va to‘liq 33 oyda bitkazilgan.
Qurilish Usmonli va Saljuqiylar sultonligi me’morchiligi hamda zamonaviy uslub va an’analarni birlashtirgan me’mor Emre Arolat tomonidan ishlab chiqilgan.
Ta’kidlash joizki, 2013 yilda Singapurda o‘tkazilgan jahon me’morchiligi festivalida masjid «Eng yaxshi diniy bino» unvoniga sazovor bo‘lgan.
Masjidning asosiy qismi yer ostidan 7 metr chuqurlikda joylashgan. Ibodatgohning umumiy maydoni 7400 kvadrat metr, ichki maydoni - 1200 kvadrat metr. Bir vaqtda masjidda taxminan 650 kishi ibodat qilishi mumkin.
Emre Arolat bu noyob loyihani yaratishda Rasululloh solallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘lgan joy - Hiro g‘oridan ilhomlanganligini bildirgan.
Shinamlik va oddiylik - bu Sanjaklar masjidini boshqa masjidlardan ajratib turadigan asosiy omil. Bu yerda baland minoralar va an’anaviy hilol ramzini ko‘rmaysiz. Masjid minorasi to‘rtburchak shaklida qurilgan. Vulqon toshlaridan yasalganligi alohida ahamiyatga ega. Yuqori qismga zinapoya yoki lift orqali ko‘tarilishingiz mumkin.
Oddiylik ichki qismga ham xos: bu yerda hashamatli qandillar yoki gilamlar yo‘q, faqat bir necha nafis xattotlik bezak namunalari mavjud.
Ushbu masjidning ochilishi jurnalistlar va jamoatchilik orasida ko‘plab o‘ziga xos fikr-mulohazalarni paydo qildi. Kimgadir masjidning o‘ta oddiyligi yoqqan bo‘lsa, yana kimdir me’morga uslubni takomillashtirish uchun tavsiyalar bergan. Emre Arolat bu loyihasi bilan masjidlarda mo‘min kishiga xos bo‘lgan yolg‘izlik va xotirjamlik muhitini uyg‘otishni, hamda bu joyda banda Robbisiga qalban bog‘lanishida hech bir narsa chalg‘itmasligi, halaqit qilmasligini istaganini aytdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi