Mahzun ko‘ngillarga bir dam bo‘lsada iliqlik baxshida etmoqlik, mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj kishilarga sahovat ko‘rsatishlik qanchalar sharafli tadbir ekanligini yaxshi bilamiz. Agar bunday amallar savoblar 10 barobardan 700 barobargacha ko‘paytirilib berilguvchi ulug‘ Ramazon oyiida bajarilsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Ushbu muborak oyda yurtimizdagi masjid imomlari tashabbusi bilan homiylar ko‘magida “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Sahovat” uylari, mehnat faxriylari, nuroniy keksalar, imkoniyati cheklangan kishilar, shuningdek kam ta’minlangan, yordamga, mehr-muruvatga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy e’tibor ko‘rsatilmoqda. Bu bilan Ramazon sabab kishilar qalbiga shodlik ulashilmoqda, chin ma’noda bayram kayfiyati zohir bo‘lmoqda. Ramazonning o‘tgan yetti kuni mobaynida joylarda umumiy qiymati 187.405.000 so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Yaxshilikda musobaqalashinglar” deya marhamat qilgan. Ramazon savobli amallarni qilish uchun musobaqa oyidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta bunda ilohiy ko‘rsatmalardan chiqmaslik talab etilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan, Salmon Forisiy roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyi mehr-muruvvat ulashiladigan (yordamga muhtojlar holidan xabar oladigan, ularning qalbiga xursandchilik kirishiga sabab bo‘ladigan) mavsumi ekanligini” aytganlar. Bu dinimzning odobi va uning musaffo fitratidir.
Ko‘rsatilgan mehr-muruvvatlardan mamnun bo‘lganlar, Ramazon ayyomlarini qutlug‘ bo‘lishini so‘rab, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini, qolaversa, bu kabi xayrli amallarga hissalari qo‘shilgan barcha kishilar haqqiga duolar qilishdi.
Sizchi aziz dindosh! Bu yaxshiliklar mavsumida xayrli ishga ulgurdingizmi? imkoningiz qadar kimningdir og‘irini yengil qilishga, quvonch va mehr-muhabbat ulushishga kirishdingizmi? Bir zumda Ramazonning uchdan biri ham o‘tib bormoqda, hademay, bir oygina aziz mehmonimizni ham kuzatamiz. Fursatni g‘animat biling, yey savob izlovchi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi