Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Ramazonda saxovat ishlari jo‘sh urmoqda

14.05.2019   2374   2 min.
Ramazonda saxovat ishlari jo‘sh urmoqda

Mahzun ko‘ngillarga bir dam bo‘lsada iliqlik baxshida etmoqlik, mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj kishilarga sahovat ko‘rsatishlik qanchalar sharafli tadbir ekanligini yaxshi bilamiz. Agar bunday amallar savoblar 10 barobardan 700 barobargacha ko‘paytirilib berilguvchi ulug‘ Ramazon oyiida bajarilsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.  Ushbu muborak oyda yurtimizdagi masjid imomlari tashabbusi bilan homiylar ko‘magida “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Sahovat” uylari, mehnat faxriylari, nuroniy keksalar, imkoniyati cheklangan kishilar, shuningdek kam ta’minlangan, yordamga, mehr-muruvatga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy e’tibor ko‘rsatilmoqda. Bu bilan Ramazon sabab kishilar qalbiga shodlik ulashilmoqda, chin ma’noda bayram kayfiyati zohir bo‘lmoqda. Ramazonning o‘tgan yetti kuni mobaynida joylarda umumiy qiymati 187.405.000 so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

 

 

Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Yaxshilikda musobaqalashinglar” deya marhamat qilgan. Ramazon savobli amallarni qilish uchun musobaqa oyidir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta bunda ilohiy ko‘rsatmalardan chiqmaslik talab etilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan, Salmon Forisiy roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyi mehr-muruvvat ulashiladigan (yordamga muhtojlar holidan xabar oladigan, ularning qalbiga xursandchilik kirishiga sabab bo‘ladigan) mavsumi ekanligini” aytganlar. Bu dinimzning odobi va uning musaffo fitratidir.

 

 

Ko‘rsatilgan mehr-muruvvatlardan mamnun bo‘lganlar, Ramazon ayyomlarini qutlug‘ bo‘lishini so‘rab, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini, qolaversa, bu kabi xayrli amallarga hissalari qo‘shilgan barcha kishilar haqqiga duolar qilishdi.

 

 

Sizchi aziz dindosh! Bu yaxshiliklar mavsumida xayrli ishga ulgurdingizmi? imkoningiz qadar kimningdir og‘irini yengil qilishga, quvonch va mehr-muhabbat ulushishga kirishdingizmi? Bir zumda Ramazonning uchdan biri ham o‘tib bormoqda, hademay, bir oygina aziz mehmonimizni ham kuzatamiz. Fursatni g‘animat biling, yey savob izlovchi!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   8066   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).