Saudiya Arabistoni Podshohligi Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi kelgusi yakshanba kuni 85 davlatning vazirlari va diniy ishlar idorasi rahbarlari ishtirokida xalqaro anjuman tashkil qiladi: “Dunyodagi diniy ishlar, fatvolar va shayxliklar boshqarmalari bilan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga oid “Aloqa va integratsiya” mavzusidagi xalqaro konferentsiyaga mezbonlik qiladi.
Mamlakat Islom ishlari, da'vat va irshod vaziri doktor Abdullatif bin Abdulaziz Ol Shayxning ta'kidlashicha, anjuman ettita asosiy mavzuni o'z ichiga oladi, xususan, dunyodagi diniy ishlar bo'limlari, fatvo va shayxliklar idoralarining Islomga xizmat qilish, islom birligini mustahkamlash, voqelik va umid o'rtasidagi aloqa va integratsiya, ularning xalqlar o'rtasida bag'rikenglik va osoyishtalik qadriyatlarini targ'ib qilish borasidagi sa'y-harakatlari, Qur'on va sunnatda mo''tadillik va asliyat, dunyodagi diniy ishlar, fatvo va shayxliklar idoralarining ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash va ularning jamiyatni ateizm va parchalanishdan himoya qilish borasidagi sa'y-harakatlari kabilarni qamrab oladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati