Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidiga imom-xatib tayinlandi

11.05.2019   11722   2 min.
“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidiga imom-xatib tayinlandi

Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkent shahrida nafaqat yurtimiz, balki islom olamida mashhur bo‘lgan, ulug‘ alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh nomlaridagi muhtasham jome masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgan ushbu muazzam majmua Ramazon oyida xalqimizga katta tuhfa bo‘ldi.

Bugun ushbu jome masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining o‘g‘illari, boshlagan xayrli ishlarining davomchisi, bir necha islomiy tashkilotlarning a’zosi va mo‘min-musulmonlarga juda katta xizmat qilayotgan “Hilol nashr” majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf imom-xatib etib tayinlandi. Shuningdek, Shayx hazratlarining suyukli shogirdlari, hofizi Kalomulloh Bahodir qori Rahmatullev esa mazkur masjid imom noibi vazifasiga tayinlandi.

Shu o‘rnida aytish kerakki, Ismoil Muhammad Sodiq kuchli ilmiy salohiyat, hayotiy tajriba va noyob iste’dod sohibi hisoblanadi. 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil «Islomiy da’vat kulliyasi»ga o‘qishga kirdi. To‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magistraturada o‘qib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan so‘ng, elchixonalarda, diniy ta’lim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va ta’lim markazlarida faoliyat olib bordi.
Hozirda Ismoil Muhammad Sodiq «Hilol nashr» matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi.
Bugun 11 may kuni ushbu masjidda taroveh namozi ado etilib, xatmi Qur’on boshlanadi. Taroveh namozida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, ulamolar, marhum va mag‘fur Shayx hazratlarining yaqinlari, shogirdlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Alloh taboraka va taolo Ismoil Muhammad Sodiqni ulug‘ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va yangi sharafli martabani Haq taolo muborak aylasin.
Xatmi Qur’onga marhabo!


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Allohni seving!

04.08.2025   1299   2 min.
Allohni seving!

Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.

Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrof­dagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.

Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘­yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.

Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Mutoffifun surasi, 14-oyat.