Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsin O‘zi bizni muborak Ramazon oyiga yetkazib, bu oyning ibodatlaridan bahramand etmoqda. Alloh o‘zining ibodatiga loyiq ko‘rishi biz uchun cheksiz ne’matdir. Chunki ibodat bandaning bu dunyodagi eng asosiy maqsad va vazifalaridan biridir. Inson yaratilishidan ko‘zlangan bosh g‘oya ham shundan iboratdir. Bu haqda Qur’oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi biz uchun Allohga yaqin bo‘lish, xulqimizni sayqallash, savobli amallarni ko‘proq qilish, imonimizni mustahkamlash kabi ibodatlar uchun qulay bir fursatdir.
Qur’oni karimda ro‘za tutish ibodati Odam alayhissalomdan boshlab to Muhammad alayhissalom davrigacha o‘tgan barcha payg‘ambar va ummatlarga farz qilingani ta’kidlanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat).
Demak, ro‘za banda uchun shunchalik muhim ibodatdirki Alloh uni tutishlikni barcha ummatga farz qildi. Ehtimol, ro‘zaning fazilati bunchalik ko‘p bo‘lmaganda barcha ummat uchun birdek farz bo‘lmagan bo‘lardi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi qudsiyda bunday dedilar: “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim beraman, dedi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy va Imom Ahmad rivoyat qilishgan). Alloh taolo barcha solih amallar ichidan faqatgina ro‘zani o‘zi uchun tanlagani bu ibodatning nechog‘lik ulug‘ ekanligiga dalolat qiladi.
Ro‘za ibodati banda va Robbi o‘rtasidagi eng maxfiy ibodatlardan biri hamdir. Ro‘zador kun davomida bir necha bor o‘zi yolg‘iz qolganda yeyish yoki ichishga imkoni bo‘lsa ham Allohning kuzatib turganligini his qilib, yeyish-ichishdan nafsini tiyadi, sabr qiladi. Shunda ro‘zaning asl haqiqati namoyon bo‘lib, banda Allohga tobora yaqin bo‘lib boradi.
Ro‘za qiyomat kuni o‘z egasini shafoat qiladi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ro‘za va Qur’on (qiyomat kuni) bandani shafoat qiladi. Ro‘za aytadi: “Yo, Robbim, men uni kunduzi taom va shahvatlardan to‘sdim, endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. So‘ngra Qur’on aytadi: “Yo, Robbim, men uni kechasi uyqudan to‘sdim. Endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. Bas, u ikkisiga (bandani) shafoat qilish imkoni beriladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Darhaqiqat, ro‘za oyining fazilatlari cheksiz, uni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Har bir inson o‘zining sa’y-harakat va niyatiga ko‘ra bu oyning savobidan turlicha bahramand bo‘ladi. Biroq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislariga ko‘ra har bir ro‘zadorning jannatga «Rayyon» deb atalgan eshikdan kirishi haqdir. Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Jannatda bir eshik bor. U «Rayyon» deyiladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ro‘zadorlar qani? deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo gunohlarimizni mag‘firat etib, jannatga «Rayyon» eshigi orqali kirishimizni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV