frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon - yoshlar uchun ayni fursat!

10.05.2019   37979   12 min.
Ramazon - yoshlar uchun ayni fursat!

Tanlovga!

Bismillahir Rohmanir Rohim

Ramazon oyini ajr-savoblar oyi qilgan zot – Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Hidoyat va najot yetakchisi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salovatlar bo‘lsin! Baxt-saodatda u zotga ergashgan oilalari va sahobalariga salomlar bo‘lsin! Ammo ba’d:

Yoshlarga aytmoqchi bo‘lgan bu gaplarimizni aka ukasiga, do‘st birodariga unga yaxshilikni xohlab qilayotgan nasihati deb, qabul qilishingizni so‘raymiz.

Ey birodarim! Ramazon oyi uchun nima hozirladingiz? Bu – Jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladigan va shaytonlar kishanlanadigan muborak oydir. Ushbu oyda Alloh taolo solih bandalarini do‘zax olovidan xalos qiladi.

Bu oyda tavbani qasd qildingizmi? Ma’siyatlardan toat-ibodatga qaytishga qaror qildingizmi? Ramazonning tun-u kunlarini qay holatda kutib olishni rejalashtirdingiz? O‘zingizga dasturul amal tuzdingizmi?

Javob berishlik kerak bo‘lgan savollar! Toat-ibodatsiz, kunlar, soatlar va soniyalar zoya ketgan holda ushbu oydan chiqishlikdan yomonroq narsa bo‘lmasa kerak?! Xo‘sh ushbu muborak oyni nima bilan boshlashlik kerak?

 

Tavba bilan boshlang!

Birodarim! Sizni ayblamoqchi emasman, biroq, ushbu yo‘lning boshi ham, oxiri ham tavba hisoblanadi. Alloh taolo tomon intiluvchilar har holatlarida tavbaga muhtoj bo‘ladilar.

Shunday ekan, tavba – (ko‘pchilik o‘ylaganidek) osiy bandalarnigina maqomi emas ekan. Zero, Avvalgi-yu oxirgi gunohlari mag‘firat qilingan zot, ikki olam sarvari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar! Allohga tavba qilinglar. Albatta, men U zotga bir kunda yuz marta tavba qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo bandalarini tavbaga chaqirib nido qilganida ham iymon nomi ila nido qilgan:

 

وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَ الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ    سورة النور 31 الآية

“Alloh taologa barchangiz tavba qilinglar, ey mo‘minlar! Shoyadki najot topsangizlar” (Nur surasi 31-oyat).

Barchamiz xato-kamchiliklarga qo‘l uramiz. Kim xato qilmaydi? Kim gunohsiz? Kim osiy emas?

Alloh taolo gunohlarni mag‘firat qilguvchi zot. Tunda kunduzi gunoh qilgan kishi tavba qilishligi uchun, kunduzi kechasi gunoh qilgan kishi tavba qilishligi uchun kengchilik yaratadi. Alloh taolo tavba qiluvchilarning tavbasi, osiylar va gunohkorlarning nadomati ila xursand bo‘ladi.

Tavba – juda ham yengil ish. Unda na mashaqqat, na og‘rinish bor. U ma’siyatdan bosh tortish, nadomat qilish va bu ishga qaytmaslikka azmu qaror qilishlikdir.

 

Vaqtning ahamiyatliligi!

Ey birodarim! Oldin o‘tgan gunohlarga nadomat chekkandan so‘ng, endi e’tiborimizni oldimizda turgan vaqtimizni isloh qilishlikka qaratmoqligimiz lozim. Chunki, bu daqiqalarni zoya ketkazgan kishi baxt-saodatini ham zoya ketkazgan bo‘ladi. Agar ushbu muborak daqiqalarni o‘z o‘rnida muhofaza qiladigan bo‘lsak, rohat-farog‘at eshiklarining ochilishligiga muyassar bo‘lamiz.

Imom Ibn Javziy rohimahulloh aytadilar: “Odamlarni vaqtlarini g‘aroyib tarzda o‘tkazayotganliklarini ko‘rdim. Uzun tun bo‘ylab, aqalli bir hadisdan manfaat olmasalar yoki Qur’on tilovat qilmasalar!? Uzun kun bo‘ylab uyqu bilan hamnafas bo‘lsalar?!... Axir bu amallar mavsumiyku?! Vaqt o‘tib ketmasidan shoshilinglar, shoshilinglar!”.

Kishi vaqti qanday ham ulug‘ ne’mat ekanligini yaxshilab anglab yetib, uni muhofaza qilishligi ayni muddaodir.

 

Ramazon yoshlar uchun ayni fursatdir.

Ey birodarim! Savdogarlar ko‘p foyda ko‘rishlik uchun qulay fursatni kutib, u fursat kelganida esa mo‘l-ko‘l foydalarni kasb qilib olishadi. Nima uchun biz ushbu fursatda Alloh taolo bilan savdolashmaymiz? Solih amallarga shoshilib, toat-ibodatlar qilib ulkan-ulkan foydalar va katta-katta savoblarga ega bo‘lishlikka shoshilmaymiz?!

Ramazon – kishi harakat qilishi lozim bo‘lgan fursatdir. Bundan har bir kishi g‘ofil qolmasligi lozim. Ushbu oy qalbi salomat, a’zolari gunohdan xoli va vaqtini zoya ketkazmagan kishi uchun gunohlar kechiriladigan, Jannat mukofoti yutib olinadigan va do‘zax olovidan najot topiladigan fursat hisoblanadi.

 

Bu oyni g‘animat bilib, solih amallarni ko‘paytirishga sizga dalda bo‘ladigan quyida bir nechta ma’lumotlarni zikr qilmoqchimiz:

1 – Ro‘za odat emas – ibodatdir!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim Ramazonni iymon bilan savob umidida tutadigan bo‘lsa, oldin o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh). “Iymon bilan” degan so‘zning ma’nosi: Alloh taologa va U zot solih bandalari uchun tayyorlab qo‘ygan savoblarga ishonish. “Savob umidida” degan so‘zning ma’nosi: Alloh taolodan savobni umid qilib, qiladigan ishlarida riyo va sum’adan chetlanib, mol-dunyo yoki obro‘-e’tibor orttirishni maqsad qilmasligidir.

2 – Ramazon shukr qilish lozim bo‘lgan ne’matdir.

Ramazon kirmasdan turib vafot etgan kishilar borasida bir ta’ammul qilaylik. Ularning amallari to‘xtadi, sahifalari yopildi, endilikda ular na solih amallar qiladilar, na ibodat qiladilar.

Ammo, siz ey birodarim! Alloh umringizni ziyoda qilib, ushbu ulug‘ oy ne’mati bilan mukofotlandingiz! Oldingizda qancha-qancha savob amallarni qilish turibdi. Axir, bu shukrini ado qilish lozim bo‘lgan ne’mat emasmi?!

3 – Uyqu va bedorlik.

Ramazon kunlarini uyquda va tunlarini bedorlig-u, ammo o‘yin-kulguda o‘tkazib yuborsak, ro‘za va tunda qoim bo‘lish ajrlaridan mahrum bo‘lamiz. Ramazon oyidan quruq qo‘l bilan chiqamiz. Bu oy sanoqli kunlardangina iborat. Bu oyni toat-ibodat va Qur’on tilovati bilan o‘tkazishligimiz lozim. O‘zimizni quyidagi hadisga tushib qolishligimzidan asraylik: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazon oyi kirib, so‘ng undan gunohlari kechirilmagan holda chiqqan kishining burni yerga ishqalansin” (Imom Termiziy va Imom Hokim rivoyati, sahih).

4 – Qur’on tilovati.

Ramazon Qur’on oyidir. Salafi solihlarimiz Ramazon oyi kirib kelganida Qur’on qiroatida jiddu-jahd qilar edilar. Ba’zilari, bir kechada Qur’oni karimni xatm qilishlikka ham ulgurganlar. Ushbu muborak oyda Qur’oni karimni tartil, tadabbur, xushu’ va qodir bo‘lguncha hukmlarini fahmlab tilovat qilish hammamizga nasib aylasin!

5 – Tunda qoim bo‘lish.

Tunda qoim bo‘lish Ramazon oyidan boshqa paytlari sunnati muakkada hisoblanadi. Ramazon esa undanda ta’kidliroqdir. Bu masjidlarda o‘qilayotgan taroveh namozlaridir. Bunda ishtiyoq ila qori bilan birga xatmi Qur’onni oxirigacha mukammal tugatishga harakat qilish lozim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kim imom bilan birga (namozni) tugatgunicha birga bo‘lsa, tunda qoim bo‘lganlik savobi yoziladi” (Sunan ahli rivoyat qilganlar, Imom Termiziy ushbu hadisni “Hasan va Sahih” deganlar).

6 – Sadaqa.

Ramazon oyida sadaqa qilishlik boshqa oylarda qilinganidan ko‘ra savobi kattaroq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oy kirib kelganida kuchli shamoldanda tezroq yaxshiliklarga shoshilar edilar. Qodir bo‘lgungizcha ushbu oyda sadaqalar qilinglar.

7 – Ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish.

Shuningdek, ushbu oyda ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish eng ulkan savoblardandir. Ayniqsa, faqir va miskinlarni iftorlikka chaqirib, ularning qornini to‘ydirish maqtalgan amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim ro‘zadorga iftorlik qilsa, unga ro‘zadorning ajri mislicha bo‘ladi” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyatlari, Imom Termiziy bu hadisni sahih deganlar).

8 – Masjidlarni lozim tutish.

Yer yuzidagi eng muborak joylar masjidlardir. Masjidlarda namozlarni jamoat bilan o‘qishlikka odatlanmoqligimiz va namoz ketidan yana boshqasini kutishligimiz qanday ham yaxshi amal! Nafl namozlarni tark qilmaslik lozim. Chunki, ular farzlardan nuqsonga yo‘l qo‘yganlarimizning o‘rnini to‘ldiradi, insha Alloh! Allohning muhabbatiga erishtiradigan amal bu nafllardir. Hadisi Qudsiyda keladi: Alloh taolo shunday deydi: “Bandam, nafllar bilan menga yaqinlashishlikda doim bo‘ladi, hatto uni yaxshi ko‘raman” (Imom Buxoriy rivoyati).

9 – Ramazonda Umra qilish.

Ramazonda Umra qilishning katta fazilati bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ramazonda Umra qilish Haj (yoki men bilan qilingan Haj) ga barobar keladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

10 – Oxirgi o‘n kun.

Ushbu muborak oyning oxirgi o‘n kunida barakalar yanada ko‘payadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘n kun kirganida ahli-oilalarini uyg‘otar va tunni tiriltirar edilar” (Muttafaqun alayh).

11 – Qadr kechasi.

Ramazonning oxirgi o‘n kunligidan Qadr kechasini izlang! Xossatan, toq kunlardan izlashlik tavsiya etiladi. Ushbu kunlarda tunni namoz, qiyom, Qur’on qiroati, zikr va duolar bilan tiriltirish mandubdir. Chunki, bu kunda qilingan ibodat qadr kechasi bo‘lmagan ming oyda qilingan ibodatlardan afzal hisoblanadi.

12 – Ko‘zni tiyish.

Ko‘zni tiyish kam amal qilinadigan ibodatlardandir. Ushbu amalni bajarishlik undan keyingi ibodatlarga yo‘l ochadi.

13 – Zikr.

Har holatda Alloh taoloni zikr qilishlikni qo‘ymaslik lozim. Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchilar dunyo va oxiratda yutuqqa erishuvchilar bo‘ladilar.

14 – Duo.

Duo ham ibodatdir. Duoda banda o‘zini Alloh taologa muhtoj ekanligini izhor qilishlik bor. Alloh taolo O‘z Kalomida duoni ibodat deb nomladi:

وَقَالَ رَبُّكُمُ ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ     سورة غافر 60 الآية

Robbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, mening ibodatimdan kibr qilganlar Jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”, dedi (G‘ofir surasi 60-oyat).

O‘zimizning duodan bo‘lgan o‘rnimiz borasida bir o‘ylab ko‘raylik?!

15 – E’tikof.

Masjidda Alloh taoloning ibodati uchun kishining yolg‘iz qolishi. E’tikofda banda Alloh taologa qurbat hosil qiladi.

16 – Taom va sharob.

Taom va sharobdan ko‘p iste’mol qilishlikdan tiyilmoqlik lozimdir. Chunki, ko‘p taom iste’mol qilishlik har xil kasalliklarga duchor qiladi va kishini dangasalikka chorlaydi.

Yoshlar bu borada qattiq tirishmoqliklari lozim! Zero, Alloh taologa ibodatgo‘y qariyadan ko‘ra tavba qilguvchi yoshlar suyukliroqdir.

Alloh taolo ushbu oyda qilayotgan ibodatlarimizning savobini mo‘l-ko‘l qilib berishini so‘raymiz! Ramazon oyi barcha musulmon ummatiga muborak bo‘lsin!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Abdussami’ Ergashev tayyorladi

 

Manba: Maktaba shameela kitoblar jamlanmasi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   58334   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari