Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Jannat kaliti: "Laa ilaha illalloh" kalimasi

09.05.2019   5984   4 min.
Jannat kaliti:

"Laa ilaha illalloh" jannat kalitidir. Har bir kalitning tishlari bo‘lganidek, tavhid kalimasi – "Laa ilaha illalloh"ning ham tishlari mavjud. Ular quyidagilardir.

  1. Ilm. Alloh taolo bunday buyuradi: "Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling" (Muhammad surasi, 19-oyat).

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Allohdan boshqa iloh yo‘qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Shubhadan holi bo‘lgan to‘liq ishonch. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Haqiqiy mo‘minlar Alloh va uning payg‘ambariga imon keltirib, so‘ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo‘lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o‘shalargina (imonlarida) sodiqdirlar" (Hujurot surasi, 15-oyat).

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning oxirgi so‘zi "Laa ilaha illalloh" bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Hokim rivoyati).

 

  1. Kibrdan yiroq bo‘lish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Chunki ularga: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q», deyilganda, kibrlangan edilar" (Soffot surasi, 35-oyat).

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: «Kim "Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘qdir, Muhammad Uning Rasulidir deb guvohlik bersa", Alloh unga do‘zaxni xarom qiladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati). 

 

  1. Itoat etish va buysunish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytingiz va Unga bo‘yin suningiz!" (Zumar surasi, 54-oyat).

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim "Ashhadu an laa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu va anna Muhammadan ’abduhu va rasuluhu…", deb guvohlik bersa hamda jannat va do‘zaxni haq deb bilsa, Alloh taolo jannatdagi sakkiz eshikning xohlaganidan kirgizadi», dedilar.

 

  1. 5. Chin ixlos. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir" (Bayyina surasi, 5-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?" dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi "Laa ilaha illalloh"ni qalbidan ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

  1. Allohga muhabbat. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Odamlar orasida Allohdan o‘zga narsalarni (soxta ma’budalarni) Unga teng bilib, ularni Allohni sevgandek sevadigan kimsalar ham bordir. Imon keltirganlarning Allohga bo‘lgan sevgilari esa (ularnikidan) kuchliroqdir" (Baqara surasi, 165-oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Uchta (xislat) borki ular kimda bo‘lsa, u imon ta’mini his qiladi. Kimgaki Alloh va Uning Rasuli boshqa barcha narsalardan sevimli bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan kishisini Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bular Alloh uchun, men uchunchi?

01.08.2025   12231   1 min.
Bular Alloh uchun, men uchunchi?

حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل:  اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.

 

Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.

Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.

U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.

 

Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.

Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi