Ramazon oyining ilk kunida Namangan viloyatidagi Mingbuloq neft konida olib borilayotgan investitsion loyihalar doirasidagi sinash ishlari mobaynida ilk neft qazib olingan.
Boy zaxiraga ega Mingbuloq neft konida yer osti boyliklarini o‘zlashtirish tadbirlari ancha murakkab bo‘lib, bu ishga Xitoy Xalq Respublikasi CNPC milliy neft-gaz korporatsiyasining boy tajribaga ega mutaxassislari, ilg‘or texnologiya vositalari jalb qilingan.
Loyiha ijrosi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Mingbuloqneft” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Keyingi ikki yil davomida bu yerda M 15-qudug‘ini burg‘ilash va boshqa bir qator loyihaviy ishlar olib borildi.
Ekspertlarning fikricha, Mingbuloq koni bir necha sabablarga ko‘ra oddiy emas, deb sanaladi. Konni ishga tushirishda asosiy muammolar quyidagilardir: uning o‘ta chuqurlikda ekanligi (6000 m va undan ham ortiq); yuqori plast bosimlari (115 MPa'dan ortiq), plast haroratlari (168 darajadan ortiq) va boshqa omillar.
Xitoyning SNPC neft kompaniyasi Xitoyning Torim botig‘ida shunday konlar bilan ishlab ko‘rib orttirgan tajribasini Mingbuloq konida ham qo‘llagan.
Alloh taolo ushbu neft konini barakotli qilsin, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishini nasib aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati