Saharlik – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Nabiy alayhissalom sahobalarga saharlik qilish va uning fazilatlari haqida so‘zlab berardilar, ular bilan birga saharlik qilardilar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib, “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Saharlik Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir. Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan