Ushbu maqolada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehribonliklarini ko‘ramiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Har bir Nabiyning qabulida shak yo‘q duosi bo‘ladi. Barcha Nabiylar o‘z duolarini (bu dunyoda) qilib bo‘ldilar. Men o‘z duoyimni qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun berkitib qo‘yganman. U mening ummatimdan Allohga hech narsani shirk qilmay o‘lganlarga, albatta, yetguvchidir”,- dedilar. Ikki shayx va Termiziy rivoyati.
Bu hadisda har bir Payg‘ambarlarga ijobat bo‘ladigan duo berilganini, ular o‘sha duolarini qilib bo‘lishganini, ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga berilgan ijobat bo‘ladigan katta duoni u zot o‘zlari uchun yoki ahli baytlari uchun ishlatmay, oxiratda biz ummatlari uchun ishlatishlarini o‘ylab, berkitib qo‘yganliklari aytilyapti. Bunchalik kuyunchaklik, ummatiga qayg‘urish yana qaysi insonda, qaysi payg‘ambarda bor?!
U zot alayhissalom katta duolarini ummatlari eng muhtoj bo‘ladigan payt – oxirat uchun saqlab qo‘ygan ekanlar. Bu hadisda u zotning ummatlariga bo‘lgan mehrlari, lutflari, shafqatlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Ummatlarini o‘zlaridan ham, oilalaridan ham ustun ko‘rib, ularni duo qilishni ko‘zlayaptilar.
Alloh taolo u kishining ummatlariga mehribonliklarini vasf etib shunday degan:
لَقَدْ جَاءكُمْ رَسُولٌ مِّنْ أَنفُسِكُمْ عَزِيزٌ عَلَيْهِ مَا عَنِتُّمْ حَرِيصٌ عَلَيْكُم بِالْمُؤْمِنِينَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ
“Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi”. (Oyati karimada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning asosiy sifatlaridan bir nechasi zikr qilinmoqda. Dunyo tarixida U zot sollallohu alayhi vasalalmdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo‘lgan emas. Bu ulkan haqiqatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari va hadislaridan bilib olamiz.) (Tavba surasi, 128-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga bo‘lgan mehrlari haqida boshqa hadislarda ham aniq misollar kelgan.
Imom Bazzor rahimahulloh Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamni mamnun holda ko‘rganimda u zotga: “Ey Allohning Rasuli, mening haqqimga Allohga duo qiling” dedim. U zot: “Ey Alloh, Oishaning avvalgi va keyingi, yashirin va oshkora gunohlarini mag‘firat qilgin” deb duo qildilar”. Oisha onamiz roziyallohu anho qattiq kuldilar, hatto kulgudan boshlari bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘ynilariga yiqildilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Duoim seni xursand qildimi?” deb so‘radilar. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Sizning duoingiz qanday qilib meni xursand qilmasin?!” deb javob berdilar. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, bu har namozda ummatimning haqqiga qiladigan duoimdir!” dedilar.
Imom Ahmad rahimahulloh “Musnad”da Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam urushdan, safardan qaytishda orqadan qolib, zaiflarni yetaklab (qo‘ltiqlab) olar, ba’zilarni mingashtirib olardilar va barchalarining haqlariga duo qilardilar”.
U zot alayhissalom safardan qaytishda charchagan, toliqqan kishilarni karvondan ortda qolib ketmasinlar deb ularni qo‘ltiqlab olish uchun ortda borar, ba’zilarini ulovga mindirib olib, barchalarining haqlariga duo qilir ekanlar.
Imom Ahmad rahimahulloh Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u kishi shunday deganlar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida Qur’ondagi eng qisqa suralarni qiroat qilib, namozni tezroq o‘qib berdilar. Namozdan so‘ng biz: “Ey Rasululloh, nega namozni tezlatib o‘qidingiz?” deb so‘radik. Shunda u zot: “Go‘dakning yig‘isini eshitdim. Uning onasi biz bilan namoz o‘qiyaptimikin deb o‘yladim. Bolasining oldiga tezroq borsin deb namozni tezlatib o‘qidim” deya javob berdilar”.
Go‘dak yig‘lab qoldi. Onasi ham bolasining yig‘isidan “Bolamning oldiga tezroq borsam edi” deb turgandir deya namozni tezroq o‘qib, onaga ham, bolaga ham mehr ko‘rsatganlar.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba qilayotgan edilar. Hasan va Husayn u zot tarafga qarab kela boshladilar. Ularning ustlarida qizil ko‘ylak bor edi. Kelayotganlarida yiqilib-qoqilib tushishardi. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (minbarlaridan) tushdilar-da ularni ko‘tarib oldilar va oldilariga o‘tqizib, “Alloh “Mollaringiz va farzandlaringiz fitnadan o‘zga narsa emas” deb rost aytgan. Bu ikki go‘dakning yiqilib tushayotganlarini ko‘rdim. Sabr qilolmay so‘zimni to‘xtatib, ularni ko‘tarib oldim” dedilar”.
Alloh taolo sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga cheksiz salovot va salom yuborsin!
Shayx Sa’iyd ibn Muhammad Kamaliyning mav’izalaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
00:00 Anons
00:59 Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashdi
01:41 Hojilarga qulaylik yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi
02:11“Haj – 2025” ziyoratchilari uchun xizmat ko‘rsatish sohalari o‘rganildi
02:44 Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi
03:06 Ziyoratchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi
03:36 Talaba bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
04:13 Hoji – chinakam ma’naviyat targ‘ibotchisi
05:18 Har bir murojaat e’tibor markazida
05:49 Oliy madrasada yig‘ilish o‘tkazildi
06:17 "Ko‘kaldosh" madrasasida ochiq muloqot
06:55 Farg‘onadagi targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi
07:49 Buxoro imom-xatiblari sayyor yig‘ilish o‘tkazdi
08:54 Viktorina: "Islom va ilm-fan"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Jumadan_jumagacha@muslimuzportal