Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

Taroveh namozi fazilati

08.05.2019   32999   32 min.
Taroveh namozi fazilati

«Taroveh» rohat-istirohat ma’nosidadir. Chunki, mazkur namoz istirohat hisoblanadi, har to‘rt rakatni o‘qib bo‘lganidan keyin istirohat olinadi.

 

«Muxtasari Viqoya» kitobida:

 Taroveh Vitrdan oldin yoki keyin sunnatdir. Har to‘rt rak’atdan keyin uning miqdoricha o‘tiriladi. Bir marta xatm qilish sunnatdir. Uni qavmning dangasaligi tufayli tark qilinmaydi. Ramazondan tashqarida Vitrni jamoat bilan o‘qilmaydi, deyiladi.     

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ t قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ r يُرَغِّبُ فِي قِيَامِ رَمَضَانَ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَأْمُرَهُمْ بِعَزِيمَةٍ وَيَقُولُ: مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.

   Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

 «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon kechalarini ibodat ila bedor o‘tkazishga targ‘ib qilar, ammo, qat’iy buyruq bermas edilar. Bas, u zot:

 «Kim Ramazonda imon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur», der edilar» (Beshovlari rivoyat qilishgan).

 

 عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: خَرَجَ رَسُولَ اللهِ r لَيْلَةً مِنْ جَوْفِ اللَّيْلِ فَصَلَّى فِي الْمَسْجِدِ وَصَلَّى رِجَالٌ بِصَلاَتِهِ فَأَصْبَحَ النَّاسُ فَتَحَدَّثُوا فَاجْتَمَعَ أَكْثَرُ مِنْهُمْ فَصَلَّى فَصَلَّوْا مَعَهُ فَأَصْبَحَ النَّاسُ فَتَحَدَّثُوا فَكَثُرَ أَهْلُ الْمَسْجِدِ مِنَ اللَّيْلَةِ الثَّالِثَةِ فَخَرَجَ رَسُولُ اللهِ r فَصَلَّى فَصَلَّوْا بِصَلاَتِهِ فَلَمَّا كَانَتِ اللَّيْلَةُ الرَّابِعَةُ عَجَزَ الْمَسْجِدُ عَنْ أَهْلِهِ حَتَّى خَرَجَ لِصَلاَةِ الصُّبْحِ فَلَمَّا قَضَى الْفَجْرَ أَقْبَلَ عَلَى النَّاسِ فَتَشَهَّدَ ثُمَّ قَالَ: أَمَّا بَعْدُ فَإِنَّهُ لَمْ يَخْفَ عَلَيَّ مَكَانُكُمْ وَلَكِنِّي خَشِيتُ أَنْ تُفْتَرَضَ عَلَيْكُمْ فَتَعْجِزُوا عَنْهَا فَتُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ r وَاْلأَمْرُ عَلَى ذَلِكَ. رَوَاهُ الثَّلاَثَةُ.

 Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi:

 «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kechasi, tunda chiqib, masjidda namoz o‘qidilar. Odamlar u kishiga iqtido qilishdi. Tong otganidan so‘ng odamlar bu haqda gapirishdi. Keyin ulardan ham ko‘p to‘planishdi va u zot bilan namoz o‘qishdi. Tong otganidan so‘ng odamlar bu haqda ham gapirishdi. Uchinchi kechada masjid ahli ko‘payib ketdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chiqib, namoz o‘qidilar. Ular u zotga iqtido qildi. To‘rtinchi kecha bo‘lganida hatto masjidga odamlar sig‘may ketishdi. Ul zot (sollallohu alayhi va sallam) bomdod namoziga chiqdilar. Namozni o‘qib bo‘lganlaridan keyin odamlarga yuzlandilar va:

 «Sizning holingiz menga maxfiy bo‘lgani yo‘q. Lekin men (namoz) sizga farz bo‘lib, so‘ng uning adosida ojiz qolishingizdan qo‘rqdim», dedilar.

 Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlarida ish ana shu holda edi».

  

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ t قَالَ: خَرَجْتُ مَعَ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ t لَيْلَةً فِي رَمَضَانَ إِلَى الْمَسْجِدِ فَإِذَا النَّاسُ أَوْزَاعٌ مُتَفَرِّقُونَ يُصَلِّي الرَّجُلُ لِنَفْسِهِ وَيُصَلِّي الرَّجُلُ فَيُصَلِّي بِصَلاَتِهِ الرَّهْطُ فَقَالَ عُمَرُ: إِنِّي أَرَى لَوْ جَمَعْتُ هَؤُلاَءِ عَلَى قَارِئٍ وَاحِدٍ لَكَانَ أَمْثَلَ ثُمَّ عَزَمَ فَجَمَعَهُمْ عَلَى أُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ ثُمَّ خَرَجْتُ مَعَهُ لَيْلَةً أُخْرَى وَالنَّاسُ يُصَلُّونَ بِصَلاَةِ قَارِئِهِمْ قَالَ عُمَرُ: نِعْمَ الْبِدْعَةُ هَذِهِ وَالَّتِي يَنَامُونَ عَنْهَا أَفْضَلُ مِنِ الَّتِي يَقُومُونَ يُرِيدُ آخِرَ اللَّيْلِ وَكَانَ النَّاسُ يَقُومُونَ أَوَّلَهُ.

 Abdurrohman ibn Abdin Qoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

 «Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) bilan Ramazon kechalarining birida masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar guruh-guruh bilan tarqoq hollarida: kimdir o‘zi namoz o‘qimoqda, kimdir namoz o‘qisa, bir necha kishi unga iqtido qilmoqda. Shunda Umar:

 «Menimcha, anavilarni bir qori (orti)ga jamlasam, yaxshi bo‘ladi», dedi. So‘ngra, ularni Ubay ibn Ka’bning ortidan jamladi. Keyin, boshqa bir kechada men yana u bilan chiqqanimda odamlar qorilarga iqtido qilib namoz o‘qishar edi. Umar:

 «Bu qanday ham yaxshi bid’at! Bu vaqtda uxlab yotganlaridan ko‘ra, qoim bo‘lganlari afzal», dedi. Kechaning oxirida, demoqchi. Odamlar kechaning avvalida qoim bo‘lishar edi» (Imom Buxoriy rivoyati).

 Hazrat Umarning bu ishlariga sahobalardan va musulmon ummatidan biror kishi ham qarshi chiqmagan.

  

عَنِ الْعِرْبَاضِ بْنِ سَارِيَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ r: فَعَلَيْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الْخُلَفَاءِ الْمَهْدِيِّينَ الرَّاشِدِينَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِِذِيُّ.

 Irboziy ibn Soriyadan rivoyat qilinadi:

 Nabiy (sollallohu alayhi va sallam):

 «Mening sunnatimni va mendan keyin roshid xalifalarning sunnatini lozim tuting», dedilar» (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

 Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan hazrat Umarning qilgan bu ishlari haqida so‘ralganida: «Taroveh sunnati muakkadadir. Uni Umar o‘zidan chiqargan emas. U bu ishda bid’atchi emas. Uning asli bor bo‘lgani uchun amr qilgan. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan ahd bo‘lgan», deganlar.

 Taroveh namozi Ramazonda, xufton namozidan keyin vitr namozidan oldin o‘qiladi. U yigirma rakatdan iboratdir.

  عَنْ يَزِيدَ بْنِ رُومَانَ t قَالَ: كَانَ النَّاسُ يَقُومُونَ فِي زَمَانِ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ فِي رَمَضَانَ بِثَلاَثٍ وَعِشْرِينَ رَكْعَةً.

Yazid ibn Rumon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

 «Odamlar Umar ibn Xattobning zamonida yigirma uch rakat ila qoim bo‘lar edilar».

Bundan yigirmasi taroveh, uchtasi vitr.

Taroveh yigirma rakat bo‘lishiga sahobalar, tobeinlar, ulardan keyingi avlodlar va barcha fiqhiy mazhablarning imomlari ittifoq qilganlar.

Har to‘rt rakatdan keyingi o‘tirishni

«tarviyha» deyiladi va uning ismidan taroveh namozining nomi olingandir. Ushbu o‘tirish paytida har yurtning odamlari o‘zlariga odat bo‘lib qolgan tasbih va tahlillar o‘qishadi.

 

 

 

Mir Arab madrasasi 

T. Sayliyev to‘pladi.

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Allohni seving!

04.08.2025   1393   2 min.
Allohni seving!

Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.

Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrof­dagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.

Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘­yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.

Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Mutoffifun surasi, 14-oyat.