Muborak va fayzu shukuhga to‘la, rahmat, mag‘firat oyi ramazon kirib keldi.
Ramazon Alloh taoloning bizlarga bergan eng buyuk ne’matlaridan biridir. Zero, bu oyda ikki dunyomiz saodati uchun vasila bo‘lgan Qur’oni karim nozil qilingan. Alloh taolo Baqara surasining 183-oyatida bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi”.
Ramazon ro‘zasi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng bir yarim yil o‘tgach, sha’bon oyining o‘ninchi kunida farz qilingan. Undan avval Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har oyda uch kun va muharram oyining o‘ninchi kunlari nafl ro‘za tutar edilar.
Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, muborak Ramazon oyini barchamiz tinchlik-xotirjamlikda, osoyishtalikda o‘tkazib kelayotirmiz. Bu oyning dastlabki o‘n kuni – “rahmat” dahasida ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘ildi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.
Salmon Forsiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba qildilar: “Ey insonlar! Buyuk, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, bizlarning har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutim sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilgan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, Alloh taolo uni mening Havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim qo‘l ostidagiga (quliga) yengillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi. Bu oyda to‘rt xislatni ko‘paytiringlar. Ikki xislat bilan Rabbingizni rozi qilasizlar. Yana yana ikki xislatga esa albatta muhtoj bo‘lasizlar. Rabbingizni rozi qiladigan ikki xislat, “La ilaha ilalloh” shahodat kalimasi va U zotga istig‘for aytishlaringiz. Siz ularga albatta muhtoj bo‘ladigan ikki xislat esa, Alloh taolodan jannatni ato qilishini va jahannamdan saqlashini so‘rashlaringizdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
“O‘sha yili Ramazonning ilk kuni yoz oyining oxirgi chorshanbasiga to‘g‘ri kelgan, bomdod namoziga chiqqanlarning barchasi ro‘zaga niyatlangan edi. Sayyidi koinot hazratlarining yuzlari barq urib turardi. Har doimgidan xursand ekanlariga shubha yo‘q. Fayzini, barakotini kechagi suhbatda anglatganlari ushbu muborak oyga yetishish va bir oy muddat bilan Rabbilariga ibodat nizomi ichiga kirish ul zotni albatta xursand etib, saodatmand qiladida! Buning ustiga, tunda Jabroili amin yana yangi xushxabar keltirdi: bundan buyon Ramazon oylarida Qur’oni karimning o‘sha kunigacha nozil bo‘lgan qismini birgalikda o‘qib, yana bir bor xatm qiladigan bo‘ldilar.
Vahiy farishtasi Jabroil o‘qiydi, Sarvari anbiyo jim tinglab o‘tirishlari kerak. Lekin bu tinglash quloq bilan emas, qalb bilan, ruh bilan, ko‘ngil bilan bo‘lar, mohiyatini Ollohdan va rasulidan boshqa hech kim bilmaydigan bir tilovat va tinglash bilan tunlar bezalar edi. O‘qilgan har oyatda payg‘ambarimizning ayri bir xotiralari bo‘lardi. Har bir oyatning qayerda, qachon, qaysi sabab bilan nozil qilinganini yaxshi biladigan ham ul zot edilar. Jabroili aminni tinglar ekanlar, ba’zan Hiro tog‘ining qiyaliklari orasida berilgan «O‘qi» amrini eslar, ba’zan uylarida vahiyning ta’siridan qutulish uchun yotoqqa kirganlarida nozil bo‘lgan «Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turingda, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring» (Muddassir, 1-2) oyatlari bilan titrar, ba’zan Safo tepaligida insonlarga ilk bor da’vat qilgan kunlarining xotiralari bilan yashar edilar” (“Saodat asri qissalari”dan).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Ramazon kirishi arafasida bunday marhamat qilgan ekanlar: “Muborak oy sizlarga kirib kelmoqda. Sizlarga uning ro‘zasini tutish farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari qulflanadi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bir kecha ham bor. Kimki bu oyning yaxshiliklaridan mahrum qolsa, haqiqatdan ham mahrum qolgandir!” (Imom Ahmad va Nasoiy rivoyati).
Alloh taolo huzurida ro‘za tutuvchilarning maqomi qay darajada ekanligi haqida hadisi sharifda bunday deyiladi: “Jannat to‘rt turli insonga mushtoq bo‘lib turadi: Qur’on o‘quvchi, tilini (yomon so‘zlardan) saqlaguvchi, och-yalang‘ochlarga ovqat beruvchi va ramazon oyida ro‘za tutuvchilarga”.
Shuningdek, ramazonning o‘ziga xos odoblari borki, inson ularga bir oy mobaynida ko‘nikma hosil qilgach, yil davomida o‘sha axloq va odoblarni o‘zida saqlab, amal qilishi lozim bo‘ladi. Ya’ni, g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘on so‘z va yolg‘on qasamlardan tiyilish kerak. Shu bilan birga, tilni fahsh va behudaliklardan, qalbni xusumat va adovatdan, ko‘zni gunoh ishlarga qarashdan, quloqni noshar’iy narsalarni eshitishdan va a’zolarni birovga zulm qilishdan saqlash zarur.
Alloh taolo barchamizga ramazonni qanday go‘zal boshlagan bo‘lsak, shunday yakunlashni nasib etsin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi