Ro‘za ibodatdir. Kishining o‘z ixtiyori bilan Alloh taolo uchun, Uning amriga binoan, bajaradigan har bir amali ibodat bo‘ladi.
Hech bir ibodat, jumladan ro‘za ham niyatsiz durust bo‘lmaydi. Oddiy, kundalik ishlar ham niyat bilan, ularni bajarishda Alloh taolo roziligini niyat qilish bilan, ibodatga aylanadi.
Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Niyati bo‘lmagan kishining amali (maqbul) bo‘lmaydi” (Bayhaqiy, Ibn Abid Dunyo).
Niyat amalni boshlash oldidan bo‘lishi kerak. Shunga asosan, ro‘za boshlanadigan vaqt, ya’ni tong otish vaqti ro‘za niyatining vaqtidir. Ammo tong otish vaqtini kutib o‘tirish mashaqqat bo‘lganidan yo tong otishi paytida uyqu g‘alaba qilishi ehtimoli borligidan, iftorlik paytida yo kechasi Ramazon ro‘zasiga niyat qilishga ruxsat qilingan. Agar mazkur vaqtlarda Ramazon ro‘zasiga niyat qilish yoddan ko‘tarilgan bo‘lsa tong otganidan so‘ng katta choshgohgacha, agar bu vaqtgacha ro‘zaga zid ishlarni qilmagan bo‘lsa, (soat 11 00 gacha) niyat qilsa bo‘ladi. Bu holda “tong otishidan boshlab ro‘zadorman” deb niyat qilish lozim. Agar niyat qilgan vaqtidan boshlab masalan “soat 9 00dan boshlab ro‘za tutaman” deb niyat qilsa tutadigan ro‘zasi ro‘za hisoblanmaydi.
Ramazon ro‘zasiga tong otmasidan oldin niyat qilish mustahabdir.
Niyat qalb amalidir. Ro‘za tutishni (masalan Ramazon ro‘zasini tutishni) ko‘nglidan o‘tkazish ro‘za niyati bo‘ladi. Bizning mazhabimizda Ramazon oyining har bir kuni ro‘zasi uchun niyat qilish lozim.
Ro‘za tutishni ko‘nglidan o‘tkazish bilan birga til bilan aytish sunnat deyilgan.
Agar kechasi (iftor paytida) ro‘zaga niyat qilinadigan bo‘lsa ko‘nglidan bu ma’noni o‘tkazish va til bilan aytish kerak:
Navaytu an asuma g‘adin lillahi taolo min farzi Ramazona (Ramazonning farz ro‘zasini ertaga xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim).
Agar tong otgach ro‘zaga niyat qilinsa ko‘nglidan bunday o‘tkazish va til bilan aytish lozim:
Navaytu an asuma hazal yavmi lillahi taolo min farzi Ramazona (Ramazonning farz ro‘zasini bugun xolis Alloh taolo uchun tutishni niyat qildim).
Ro‘za tutishni kechasi niyat qilgach tong otguncha yeb-ichsa niyat buzilmaydi.
Ramazon oyida saharlik qilish Ramazon ro‘zasi niyati o‘rniga o‘tadi. Shuningdek boshqa ro‘za (qazo, kafforat) uchun ham saharlik qilish ana shu ro‘za niyati hisoblanadi.
Ramazon ro‘zasining qazosi, kafforat ro‘zalari uchun tong otmasidan oldin, kechasi niyat qilish lozim.
Barcha nafl ro‘zalar uchun katta choshgohgacha, agar bu paytgacha ro‘zaga zid ishlar qilinmagan bo‘lsa, niyat qilish mumkin.
Barcha amallar savobi niyatga bog‘liq. Barchamizga niyatni to‘g‘ri qilish va Ramazon ro‘zasi ajriga musharraf bo‘lish nasib etsin. Omin.
MUHAMMAD SHARIF JUMAN
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov